Bastakorlik
Bastakorlik - Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida anʼanaviy, mumtoz musiqa uslubi zaminida yuzaga kelgan badiiy anʼana, ijodiy kasb turi, musiqa ijodchiligi. Quyidagi ijod shoxobchalarini oʻz ichiga oladi: 1) xalq orasida tanilgan muayyan kuy yoki ashula yoʻlining oʻzgacha mustaqil koʻrinishi (qayta ohangga va usulga solib, mualliflashtirilgan namunasi)ni yaratish. Mas, Rost maqomining "Ushshoq" shoʻʼbalari asosida yaratilgan "Ushshoqi Hoji" yoki "Samarqand Ushshogʻi I—II" (Hoji Abdulaziz Abdurasulov), "Toshkent Ushshogʻi I — I" (Mulla Toʻychi Toshmuhamedov), "Ushshoqi Sodirxon" (Sodirxon Bobosharifov) kabi asarlar; 2) maʼlum cholgʻu kuylarning — ashula, ashula yoʻllarining — cholgʻu variantlarini yaratish (I. Ikromov ashulalashtirgan "Munojot", "Choʻli Iroq" singari); 3) bir necha kuy, qoʻshiq yoki ashulalarni umumlashtirib bir asar yaratish (H. A Abdurasulovning "Bozurgoniy", "Bebokcha" asarlari kabi); 4) mustaqil asarlar (oʻtmishda asosan kuy, qoʻshiq va ashula yoʻllari, hozirgi davrda boshqa janrlarda ham) ijod etish.
Oʻrta Osiyoda B. tarixi qadimdan boshlanadi. Isteʼdodli xonanda, sozanda va zamonaviy maʼnodagi bastakorlar Borbad Marviy (6 — 7-asrlar), Abdurahmon ibn Surayj (? —743), Abduhafz Soʻgʻdiy (? — 832) va boshqa Yaqin va Oʻrta Sharqning deyarli barcha mamlakatlarida tanilgan. Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sino singari allomalar ham B. bilan bevosita shugʻullanishganligi haqida maʼlumotlar bizgacha yetib kelgan. Bu ularning ilmiy-musiqiy asarlari amaliyot bilan uzviy bogʻlanishiga asos boʻlgan. Oʻzbek xalqi orasida B. ayniqsa Amir Temur va temuriylar, xususan, Bobur hamda boburiylar davrida mukammallashib, ilmiy va badiiy adabiyotda atroflicha oʻz tarixi va taʼrifini topgan. B. anʼanaviy ijrochi (xonanda, ayniqsa sozanda)likdan turtki olib, maqom ijodchiligiga katta taʼsir koʻrsatdi. Dastlab (13-asr) oʻn ikki maqom, soʻngra (16 — 18-asrlar) uning zaminida Shashmaqom, Xorazm va Fargʻona — Toshkent maqom turkumlari shakllanishiga sabab boʻldi. Maqom turkumlari tarkibida oʻnlab cholgʻu ("Saqili Islimxon", "Saqili Ashkullo", "Murabbai Komil", "Saqili Niyozjonxoʻja" kabi) va ashula ("Samandariy", "Karimqulbegi" singari) yoʻllari yuzaga keldi. B. sanʼati, ayniqsa, 15 — 16-asrlarda ommaviylashgan: qator shoir, olim va boshqa ayni paytda bastakor ham boʻlgan. Abdurahmon Jomiy "Imoma" naqshi (yoki "Naqshi Mullo")ni, A. Navoiy bir qancha naqsh va peshravlar, Bobur "Chorgoh savti" yoʻllaridagi asarini ijod etgan. Bu davrga kelib B.ning asosiy janr va shakllari, uslub va usullarining rivoji oʻz qiyomiga yetdi. Manbalarda, ayniqsa Darvishali Changiy (16 — 17-asrlar)ning musiqaga doir risolalarida (yuqoridagilardan tashqari) amal, qavl, savt, chorzarb hamda jir, kor, tarona koʻrinishlaridagi oʻnlab asarlarning taʼrifi keltirilgan, bularning har birida ijod qilgan koʻplab bastakorlarning nomlari aytib oʻtilgan. Samarqand, Buxoro, Hirot, Toshkent, Xoʻjand, Qoʻqon, Xiva kabi shaharlarda xonandalik, aksariyatida sozandalik bilan birga oʻziga xos B. maktablari yuzaga kelgan. Mazkur ijodiy maktablarning yetuk namoyandalari oʻz asarlarida mahalliy folklor (ayniqsa, marosim va lirik mavzudagi qoʻshiqlar), maqom, katta ashula ijrochiligi va ijodkorligiga xos xususiyatlarni singdirishga institutilganlar. B. ijodi rivojining keyingi bosqichlaridan 19-asrning 2-yarmi — 20-asr boshlanish davri diqkatga sazovor. Mazkur bosqichda Hoji Abdulaziz Abdurasulov (1852 — 1936) kabi anʼanaviy uslubda ijod etgan bastakorlar bilan yonma-yon Hamza ham oʻzining qoʻshiqlarini yaratdi. Bu qoʻshiqlarda shoir oʻzbek musiqa merosi tabiati, ohang va usullarini xalqaro, qator sharq xalqlari (ozarbayjon, tatar va boshqalar)ning musiqa folklori xususiyatlari bilan uzviy bogʻladi, marsh, vals kabi janrlardan keng foydalandi. 20-asr boshlarida oʻzbek bastakorlari T. Jalilov ("Dovruq"), Yu. Rajabiy ("Hammamiz", "Chamanzor" qoʻshiqlari) asarlari oʻzbek B. ijodining bir-biriga ulanib ketishida ijobiy rol oʻynadi. 20 — 30-y.larda taniqli sozandalar — changchi M. Harratov, tanburchi A.Umarov, xonanda K. Otaniyozov, gʻijjakchi M. Niyozovlar ham davr ruhini toʻlaqonli ifodalovchi kuy va qoʻshiqlar yaratishdi. Asrning 2-choragidan bastakorlarimizning Oʻzbekiston musiqa madaniyatiga qoʻshgan hissalari nihoyatda unumli boʻldi. Xususan 30 — 40-y.lardan oʻzbek musiqali dramasi va komediyasi shakllanishida, 50-y.larda opera rivojida T. Jalilov va Yu. Rajabiylar hissasi katta. 20-asr Oʻzbek qoʻshigʻi taraqqiyoti K. Jabborov, F. Sodiqov, I. Ikromov, N. Hasanov, S. Kalonov, M. Mirzayev, F. Toshmatov, soʻnggi yillarda F. Mamadaliyev, A. Ismoilov, Oʻ. Rasulov, A. Dadayev kabi bastakorlar ijodida shakl topdi. B. sanʼati asta-sekin musiqa taʼlimi tizimiga kiritilmoqda, atoqli bastakorlar asarlari nashr etilib, bular ijrosi buyicha maxsus koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda, ayrimlarining ijodiga oid ilk tadqiqotlar yaratilmoqda. Baʼzan, asosan koʻp ovozli musiqa sohasida ijod qilgan kompozitor (Doni Zokirov, Sayfi Jalil, Dadaali Soatqulov kabi)lar ham aynan B. uslublarida kuy va qoʻshiqlar yaratishgan.
Ad: Gafurbekov T., Tvorcheskiye resursi natsionalnoy monodii i ix prelomleniye v oʻzbekskoy sovetskoy muzike, T., 1987; Musiqa ijodiyoti masalalari, T., 1997.
Tuxtasin Gʻafurbekov.
Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |