Fattohxon Mamadaliyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Mamadaliyev Fattohxon (1923.25.8, Baliqchi tumani — 1999.3.4, Toshkent, Baliqchi tumanida dafn etilgan) — xonanda, sozanda (gʻijjak, tanbur, dutor) va bastakor. Oʻzbekiston xalq hofizi (1990). Andijon ped. institutini tugatgan (1960). Ashula, katta ashula va maqom yoʻllarini Umrzoq Polvon Saydali, usta Roʻzimatxon Isaboyev, B. Fayziyev, Abdulla Taraz, shuningdek, J. Sultonov va Yu. Rajabiylardan oʻrgangan. Andijon viloyati turli teatrlarda sozandaxonanda (1944—60), Andijon ped. institutida oʻqituvchi (1960— 67), Andijon shahri 2- madaniyat uyi maqomchilar ansamblining tashkilotchisi va badiiy rahbari (1967—83), Oʻzbek davlat filarmoniyasi xonandasi (1983 yildan), Toshkent konservatoriyasi oʻqituvchisi (1984 yildan). prof. (1992 yildan). Ovozi tiniq, shirali va dardli, ovoz koʻlami va nafasi keng; ijrosiga kuy bilan sheʼr uzviyligi, ovoz va cholgʻu imkoniyatlarini mohirlik bilan namoyon etilishi xosdir. Repertuaridan Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari, Shashmaqom shoʻʼbalari, ashula, katta ashula, yalla, oʻzbek mumtoz ashula va cholgʻu turkumlari, bastakorlar asarlari ("Ol xabar", "Ey dilbari jonon", "Buzruk I—III", "Saraxbori Navo", "Ey, sabo" va boshqalar) oʻrin olgan. Oʻzbek mumtoz va zamonaviy shoirlar gʻazallari zaminida 50 dan ortiq ashula ("Oqibat", "Sogʻindim", "Dardi dilim", "Doʻst bilan, ulfat bilan", "Intizor" va boshqalar)lar yaratdi, soʻnggi dav-rdagi turkum asarlari ("Munojot I— Y", "Miskin 1—Y", "Nasrulloyi I— IV", "Ushshoq" va boshqalar)da oʻzbek musiqa merosining muayyan namunalarini nozik jilolar bilan sayqallashtirdi. "Mehnat shuhrati" (1992), "El-yurt hurmati" (1998) ordenlari bilan takdirlangan. 5 qismli "Savti Fattohxon" ashula turkumini bastalagan, "Qadimgi Ushshoq", "Umrzoq Polvon Ushshoqi", "Zikri Ushshogʻi" maqom yoʻllarini tiklagan.

Manbalar[tahrir]

  • Milliy musiqa ijrochiligi masalalari (nashrga tayyorlovchi va maxsus muharrir R. Yunusov), T., 2001.