Fargʻona-Toshkent musiqa uslubi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fargʻona-Toshkent musiqa uslubiFargʻona vodiysi va Toshkent vohasida qaror topgan mahalliy musiqiy anʼanalar majmui. Mazkur uslubning oʻziga xos jihatlari oʻzbek xalq musiqa ijodiyoti (bolalar qoʻshiqlari, ayollar folklori, terma, lapar, yalla, ashula va boshqalar) hamda mumtoz musiqa (doston, ashula, katta ashula, maqom va boshqalar) namunalarida kuzatiladi. Oʻzbek anʼanaviy musiqasining muhim tarkibiy qismi boʻlgan ushbu uslub doirasida xalq musiqasining eng qadimgi davrlarga mansub kuy-ohang va usul namunalari ham oʻz aksini topgan. Jumladan, bolalar ("Laylak keldi", "Olatoy", "Oftob chiqdi" va boshqalar) va mavsumiy-marosim qoʻshiqlari ("Boychechak", "Binafsha" va boshqalar)da xalq musiqiy tafakkurining ilk bosqichlariga oid quyi (birlamchi) tuzilma va darakchi ohang alomatlari, parda asoslarida esa angemitonika xususiyatlari yaxshi saqlanib qolgan. Shuningdek, inson nutqi, soʻz aytish talaffuziga yaqin ohanglar dostonchi baxshilar ijodida ham muhim oʻrin tutadi. Fargʻona-Toshkent musiqa uslubigagina xos boʻlgan katta ashula janrida esa nutqdosh ohanglarning mumtoz gʻazallar obrazlariga hamohang kuychanlik bilan payvasta boʻlgan.

Odatda, soʻzdosh toifali ohanglar qoʻllangan janrlar doira usullari qoʻllanilmaydi. Bulardan farqli oʻlaroq, kuychan xususiyatli janrlar (ashula, yalla, maqom va boshqalar)da joʻrnavoz cholgʻular keng qoʻllanilishi kuzatiladi. Xususan, xotin-qizlar davralarida raqsga tushib yalla va lapar aytish, ashula kuylash (yallachilik) odat tusini olgan. Yakka holda yallachilar oʻz qoʻshiqlariga dutor yoki doirada joʻr boʻlishadi. Ansambl shaklida ijrochilar esa odatda 2-3 ayoldan iborat boʻlib, ular asosan doira joʻrligida kuylashadi. Yallachilarning repertuari yalla, qoʻshiq, lapar va toʻymarosim ("Yoryor", "Kelin salom", "Oʻlan" va boshqa asar)laridan tashkil topadi. Yallachilikning yana bir koʻrinishi Namangan anʼanasida "satang" deb atalib, bular koʻproq turkumli (2 va undan ortik, qismli) "katta yalla"larni doira joʻrligida (odatda raqsga tushib) kuylaydilar.

Fargʻona-Toshkent musiqa uslubida soʻlim tabiatli kuy-ohanglar ham shakllangan boʻlib, ularning namunalarini mahalliy ashulalarda koʻrish mumkin. Bular ikki xil boʻladi:

  1. Xalq ogʻzaki musiqa ijodida yuzaga kelgan ashulalar;
  2. Bastakorlar tomonidan ijod etilgan ashulalar.

"Tanavor", "Ey nozanin", "Oydek toʻlibdur", "Farzoni", "Ul parivash" singari xalq ashulalari nafaqat hofizlar, balki ziyolilar, hunarmandlar va boshqa kasb egalari, shuningdek, xotin-qizlar tomonidan ham ijro etib kelingan. Ayni paytda, "Nigorim", "Galdr", "Nisor", "Figʻon", "Chaman yalla" singari ashulalarni, asosan, hofizlar mukammal ijro etib kelmoqda. Bunda tanbur va dutor joʻrnavozligi koʻp qoʻllaniladi. Bu turdagi uslubni shakllantirishda To‘xasin Jalilov, Komiljon Jabborov, Jo‘raxon Sultonov, Gʻanijon Toshmatov, Fahriddin Sodiqov kabi bastakorlar katta hissa qoʻshganlar.

Fargʻona-Toshkent musiqa uslubiga xos xususiyatlar Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllarida ham oʻz aksini topgan. Xususan, ularda ashula, katta ashula, yalla singari janrlarning muhim sifatlari oʻzaro uygʻunligi kuzatiladi.

Fargʻona-Toshkent musiqa uslubi doirasida qariyb barcha xalq cholgʻulari (dutor, tanbur, rubob, chang, sato, gʻijjak, nay, qoʻshnay, surnay, karnay, doira, nogʻora va boshqalar) namoyon boʻladi. Ular yakka yoki ansambl tarkibida qoʻllaniladi. Xususan, ommaviy bayram, xalq tantanalari va toʻy marosimlarida surnay, karnay, nogʻora va doiralardan iborat ansambl sadolari yangrasa, uyxona sharoitlarida dutor, tanbur, gʻijjak kabi nisbatan mayin sadoli cholgʻular qoʻllaniladi. Binobarin, xalq madaniy hayotida har bir cholgʻu oʻz oʻrni, vazifasi va ijro etish uchun maxsus ("Qoʻshtor", "Chertmak", "Dutor Bayoti" kabi) kuylar boʻlishi bilan birga mazkur sozdan ashula, lirik qoʻshiklarga joʻrnavoz sifatida ham foydalanilgan. Bu cholgʻu (doira kabi) xotin-qizlar orasida ham keng ommalashgan. Ammo tanbur, sato, nay, qoʻshnay, gʻijjak, chang singari sozlar, asosan, kasbiy musiqachilar cholgʻusi sifatida namoyon boʻladi.

Fargʻona-Toshkent musiqa uslubida "Dilxiroj", "Andijon polkasi", "Fargʻona rezi", "Tanavor", kabi jozibali raqs kuylari ham mashhurdir.