Sanjar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Sanjar, Sulton Sanjar, Sulton Muiz addunyo vadDin Abul Xoris Sanjar ibn Malikshoh [1086. 6(27). 11, Jazira viloyati Sanjar sh. — 1157.26.4(7.5), Marv] — Saljuqiylar davlati sultoni (1118—57). Malikshohning kenja oʻgʻli. Akasi sulton Gʻiyosiddin Muhammad vafoti (1118 y.)dan soʻng taxtga oʻtirgan.

S. Saljuqiylar davlatining sharqiy qismi tarkibiga dastlab Mozandaron, Tabariston, Seyiston, Kumis, Ray va Damgʻonni qoʻshib olgan va poytaxtni Marvga koʻchirgan. Movarounnahr va Xorazmni ham oʻz saltanatiga birlashtirgan. S.ning qudrati avjiga chiqqan vaqtlarda Gʻarbiy saljuqiylar sultonligi (Gʻarbiy Eron, Iroq, Ozarbayjon) va Qoraxoniylar davlati uning siyosiy taʼsiri ostida boʻlgan. S.ning nomi Qashqardan Yamangacha, Gʻaznadan Ummongacha, Kavkaz va Anatoliyadan Makka va Madinagacha xutbaga qushib oʻqilgan.

12-asrning 40y.laridan boshlab S.ning kuchqudrati zaiflasha boshlagan. 1141 yilda Movarounnahrga sharkdan qoraxitoylarniyat bostirib kirishi bilan S.ning ham kuchi qirqilgan. Qatvon jangiaya saljuqiylar va qoraxoniylar S. boshchiligida oʻzaro birlashib qoraxitoylar va qarluklarga qarshi kurashsalarda, jiddiy magʻlubiyatga uchrashgan. Jang maydonidan atigi 6 ta otliq bilan zoʻrgʻa qochib qutulgan. Marvga yetib borgan. S Movarounnahrdan ajralgan.

Balx va Xuttalon atroflarida koʻchib yuruvchi gʻuzlar (oʻgʻuzlar) S.ga navbatdagi jiddiy zarbani berishgan. Aslida bu magʻlubiyatga S.ning ochkoʻz amirlari va lashkarboshilari sabab boʻlgan. Balx hokimi amir — sipohsolor Koʻmach 10 ming kishilik qoʻshin bilan soliqlarning koʻpayganligiga qarshi qoʻzgʻolon kutargan gʻuzlarga qarshi yurish qilib, magʻlubiyatga uchraydi. Amir Koʻmach va uning tarafdorlari S.ni gʻuzlarga qarshi yurish qilishga koʻndirishgan. 100 ming kishilik ulkan lashkar toʻplagan S. gʻuzlarning uzri va tovon tariqasida 50 ming ot va tuya, 200 ming qoʻy, 200 dinor va bir yillik xiroj toʻlash taklifiga rozi boʻlayotganda, urushqoq amirlar jang boshlashni talab qilganlar. Balx atrofida boʻlgan katta jangda sulton S. lashkarlari magʻlubiyatga uchrab (jangda amir Koʻmach ham halok boʻladi), uning oʻzi asirga olingan (1153 y. iyul). Gʻuzlar Xurosonni egallab, Marv, Nishopur, Mashhad, Tuye va boshqa shaharlarni talashgan. Birok, gʻuzlar S.ga katta izzathurmat koʻrsatib, uni Balxda sulton sifatida faxriy tutqunlikda ushlab turishgan. Juvayniyning yozishicha, Termiz hukmdori Ahmad ibn Abu Bakr (amir Koʻmachning nevarasi) ming kishilik maxsus chavandozlar guruhini joʻnatib, S.ni gʻuzlar qoʻlidan qutqargan va Termizga olib kelgan (1156 y. okt.). Movarounnaxr, Xorazm va Xurosonning asosiy qismi qoʻldan ketganligini koʻrgan S. avvalgi qudratini tiklashga behuda uringan. 1156 y. noyabrda u Termizdan Marvga kelgan va poytaxt yaqinidagi Andarobod qalʼasida yashagan.

S. saroyida oʻz davrining mashhur shoir va ulamolari toʻplangan. S. Marv va boshqa shaharlarda koʻplab meʼmoriy obidalar qurdirgan. S. xastalanib, vafot etgan. Qabri ustiga maqbara qurilgan (qarang Sulton Sanjar maqbarasi).

Manba. Sadriddin Ali alXusayni, Axbor addaulat asseldjukiyya (Zubdat attavorix), M, 1980.

Adabiyot[tahrir]

  • Buniyotov 3., Anushtagin xorazmshohlar davlati (10971231), T., 1998; Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000; Termiz — buyuk chorrahadagi koʻhna va yangi shahar, T., 2001.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil