Zarafshon suvayirgʻich koʻprigi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Zarafshon suvayirgʻich koʻprigiSamarqand sh. markazidan 7— 8 km shimoli-sharqda, Zarafshon daryosining soʻl qirgʻogʻida pishiq gʻishtdan qurilgan koʻprik. U tarixiy adabiyotlarda "Temur ravogʻi", "Puli Shodmon malik", "Abdullaxon koʻprigi" va "Shayboniyxon suvayirgʻich koʻprigi" nomlari bilan yuritiladi. Garchi koʻprik tarixi Amir Temur va Abdullaxon nomi bilan bogʻlansada, aslida u 16-asr boshida Shayboniyxon tomonidan kurilgan. Tarixchi va adib Kamoliddin Binoiyning "Shayboniynoma" asarida yozishicha, Shayboniyxon Buxorodan Samarqandga qaytishda (1502) shaharga kirish oldidan oʻz lashkarlari bilan Zarafshon daryosining oʻng sohiliga tushadi va daryoga yangi koʻprik qurishni buyuradi (Choʻponota yaqinidagi Zarafshon ustiga qurilgan koʻprik buzilib ketgan boʻlsa kerak). Qurilishga uning barcha askarlari safarbar etiladi. Tosh va shoxshabbalardan kattakatta qorabura (fashina)lar yasalib, Zarafshonga toʻgʻon oʻrnatish va daryo oqimini toʻsishga kirishadilar. Ammo daryoni boʻgʻolmaydilar. Shundan soʻng Shayboniyxon Samarqanddan muhandislar chaqirtiradi. Xonning bevosita koʻrsatmasiga binoan, ular daryoni bogʻlash yoʻlini aniqlab, koʻprik loyihasini tuzadilar. Toʻgʻon oʻrnatilib, daryo bogʻlangach, bir oy mobaynida koʻprik qurib bitkaziladi (1502 yil 3 noyabr). Bizgacha saqlangan birgina ravogʻining kattaligiga qaraganda, koʻprik 7 ravoqdan iborat boʻlgan deb hisoblash mumkin.

Daryoning hozirgi mavjud kengligini hisobga olganda, koʻprikning uz. 200 m dan oshiqroq boʻlgani shubhasiz. Ammo inshoot qachondan boshlab shikastlanib, uning ravoqlari birinketin buzilib ketganligi maʼlum emas. Ammo 19-asrning 40 yillarida uning 3 ravogʻi butun boʻlgan. 184142 yillarda Rossiya dan Buxoroga yuborilgan K. F. Butenev boshliq digagomatik missiya ishtirokchisi muhandis F. Bogoslovskiyning yozishicha, oʻsha vaqtda Qoradaryoning yarim oqimi shu 3 ravoq ostidan oqqan. 19-asrning oʻrtalarida inshootning uchinchi ravogʻi vayron boʻlib, 2 ravogʻi qolgan. Samarqandda boʻlgan zilzila (1898 yil avgust) natijasida koʻprikning ikkinchi ravogʻi ham qulab tushib, faqat oxirgi bir ravogʻi qolgan. A. Muhammadjonov oʻtkazgan (1962) arxeologik qazishlar natijasida inshootning qulab tushgan ikkinchi va uchinchi ravoqlarining qoldiqlari topib tekshirildi. Inshootning boʻyi va eni 26 yoki 27 sm, qalinligi 5 sm li toʻrtburchak pishiq gʻishtlardan qurilgan. Hozirgacha saqlangan ravogʻining kengligi 21 m 60 sm, bal. 11 m 85 sm va eni esa 9 m 10 sm ga teng. Ravoq birining ustiga ikkinchisi oʻrnatilgan. Ikki qavat toqidan iborat boʻlib, uning yuqori toqi pastki toqiga nisbatan yarim gʻisht chiqarilib ishlangan. Pastki toqining qalinligi 165 sm va yuqori toqiniki — esa 125 sm ga teng. Ravoq tayanchini mustahkamlash va uning ajralib ketmasligi uchun ravoqning daryoning oʻng sohiliga oʻrnatilgan jan. qanotining ikki tomoni maxsus bozu (tirgak) shaklida ishlangan.

Yaxlit qoyadan iborat tabiiy poydevor ustiga oʻrnatilgan mazkur ravoq Zarafshon suvayirgʻichining qisqa soʻl qanoti boʻlib, uning bir necha ravoqlardan iborat oʻng qanoti birinchi ravoqqa nisbatan 102° burchak hosil qilib, sharqqa tomon yoʻnalgan. Ikkinchi ravoqsan faqat uning pastki poydevor qismigina saqlangan. Bu daryo oʻzani ichida harsanglardan ishlangan koʻprik ustunlaridan biri boʻlib, uning uz. 8,5 m va eni 3 m 80 sm ga teng. Ravoqning kengligi esa 20 m 75 sm, uz. 8,5 mga teng boʻlgan. Inshootning uchinchi ravogʻidan faqat poydevorining bir qismi sakdanib, boshqa ravoklaridan esa asorat ham qolmagan. Ravoq usti qismining eni 7 m dan ortiq boʻlgan. Ikki chetining balandligi ham, eni ham 1 m lik gʻov qilib, pishiq gʻishtdan ishlanganligi mazkur inshootni loyihalashtirgan 16-asr muhandislari daryo ustidan oʻtuvchilarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash choralarini hisobga olganligini koʻrsatadi. Koʻprikda ishlatilgan qurilish qorishmalari ham alohida diqqatga sazovordir. Sement kabi mustahkam biriktiruvchi qorishma hali ixtiro etilmagan oʻrta asr sharoitida suv inshootlarini bino qilishda doimiy namlikka chidamli qurilish qorishmasi topib ishlatilgan. Mas, koʻprik ustunlarining doimiy suv ostida turadigan qismi oʻsimlik kuli va ganch aralash ohaqdan tayyorlangan suvga chidamli maxsus turuvchi qismlari oʻsimlik kuli aralash ganch qorishmasi bilan va nihoyat, inshootning doimiy quruq sharoitda turadigan yuqori qismi faqat ganch bilan ishlab chiqilgan. 3. s. k. Samarqand xayotida muhim rol oʻynagan. Koʻprik orqali oʻtgan karvon yoʻllari Samarqand shimolida Toshkent vohasi va Sirdaryo boʻylaridagi tumanlar,. sharqda Fargʻona vodiysi hamda Nurota orqali Buxoro bilan bogʻlangan. Bundan tashqari, bu inshoot Zarafshonning Oqdaryo va Qoradaryolarga boʻlinishida suvayirgʻich sifatida qam xizmat qilgan. Zarafshonning suvini teng ikkiga taqsimlash maqsadida Okdaryo va Qoradaryolar oʻrtasiga qurilgan toʻgʻon 3. s. k.ning markaziy ravoqlaridan biriga borib tutashgan. Natijada Zarafshonning oqimi koʻprik ostidan utishi bilan ikkiga: Oqdaryo va Qoradaryo oʻzanlariga boʻlinib oqqan. Shuning uchun ham bu inshoot tarixda suvayirgʻich koʻprigi nomini olgan. Bu ayirgʻichning yana bir katta ahamiyati shundaki, u Zarafshon suvini tartibga solgan, Miyonkol va b. tumanlarni barobar sugʻorishda katta rol oʻynagan. Koʻprikdan hozirgi vaqtda saqlanib qolgan yagona ravoq Oʻzbekistonda gidrotexnika taraqqiyoti tarixini oʻrganishda muxim ahamiyatga ega. 3. s. k. nodir tarixiy yodgorlik sifatida davlat muqofazasiga olingan.

Ad.Muhammadjonov A., Shayboniyxon suvayirgʻich koʻprigi, T., 1969; Muhammadjonov A., Quyi Zarafshon vodiysining sugʻorilish tarixi, T., 1972; Muhammadjonov A., Oʻzbekistonning qadimgi gidrotexnika inshootlari, T., 1997.

Abdulahad Muhammadjonov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil