Poydevor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Poydevor (Fundament) (lotincha: fundamentum — asos) — imorat va inshootning ost qismi yoki texnik yoki texnoligik mashinaning asosi. Ularning ogirligi poydevor orqali tabiiy yoki sunʼiy zaminga tushadi. Poydevor turlari qurilish maydonining geologik va gidrogeologik shart-sharoitlariga, quriladigan imorat yoki inshootning vazifasiga, tushadigan ogʻirlikka qarab tanlanadi. Qatlam grunti xususiyati, yer osti suvlarining sathi, zaminga taʼsir etuvchi yuk (kuch) qiymati hamda xususiyati va boshqaga qarab, poydevorlar sayoz yoki chuqur joylashgan boʻladi. Sayoz poydevorlar shakl jihatdan lentasimon (devorlar tagiga uzluksiz lenta tarzida quriladi), alohida ustun yoki plita, kvadrat, toʻgʻri toʻrtburchak, aylanasimon (alohida ustun va tirgaklar tagiga quriladi) boʻladi. Tuzilishi jihatdan yaxlit (inshoot yoki uning alohida qismi tagiga quyiladi) va yigʻma (yostiqsimon boʻlaklar) xillarga boʻlinadi. Poydevor tosh, beton, temir-beton, pishiq gʻisht va namga chidamli mustahkam boshqa materiallardan quriladi. Vaqtinchalik qurilgan baʼzi imoratlarning poydevori yogʻochdan boʻlishi mumkin. Poydevor yer qazilib yoki shibbalab tayyorlangan kotlovan va transheyalarga quriladi. Shibbalashda koʻtarish kranlari, maxsus shibbalagichlardan foydalaniladi.

Chuqur poydevor qoziq oyoq, kessonlar, quduqlar, chuqur tayanchlar va boshqa koʻrinishida boʻladi. Bunday poydevordan boʻsh, choʻkuvchan, shishuvchan va boshqa xususiyatlarga ega boʻlgan gruntlarda, yer osti suvlari sathi yuqori boʻlganda, koʻpriklar va chuqur yer osti inshootlarini kurishda foydalaniladi.

Qurilishda poydevorga katta ahamiyat beriladi, chunki imorat yoki inshootning mustahkamligi, uzoq davrga chidashi, koʻrkamligi koʻp jihatdan poydevorga bogʻliq.

Mashina poydevorlari tarkibiga elastik amortizatorlar (prujina, rezina toʻshama) va dempferlar (tebranishni soʻndiruvchilar) kiradi. Ular poydevorlarga tushadigan kuchni zaminga yumshatib oʻtkazadi.

Markaziy Osiyoda[tahrir]

Markaziy Osiyoda poydevorga katta ahamiyat berilgan. Qadimgi meʼmorlar imoratga taʼsir etuvchi zilzila kuchini kamaytirish maqsadida poydevor qurishda tebranishni soʻndiruvchi materiallardan foydalanishgan (poydevor tagiga qum, ustiga qamish toʻshash, poydevor gʻishtlarini qovushqoq qorishma bilan terish va boshqalar). Masalan, Buxorodagi chuqurligi 5 metr boʻlgan Arslonxon minorasi, Samarqanddagi chuqurligi 4 metr boʻlgan Tillakori madrasasi poydevorlari shu siraga kiradi.

Bu mohiyat hozirgi zamon texnologiyalaridan foydalanib qurilgan zilzila-bardosh imoratlar poydevorlarida qoʻllaniladigan rezina-metall tayanchlar va boshqa turdagi konstruksiyalarda oʻz aksini topgan. Buxoro, Xiva, Samarqand, Qoʻqon, Termiz, Toshkent va boshqa shaharlardagi qadimgi meʼmorlik obidalari, bino va inshootlarning koʻp asrlardan beri buzilmay saqlanishiga sabablardan biri, ularning poydevori mustaxkamligidir [1].

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil