Oʻzbekiston Professional futbol ligasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Oʻzbekiston Professional Futbol Ligasi
Oʻzbekiston Professional Futbol Ligasi logotipi
Davlat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston , Toshkent
Konfederatsiya Osiyo Futbol Konfederatsiyasi
Tashkil etilgan 20-iyun, 2008-yil (14 yil avval) (2008-06-20)
Yuqori liga Oʻzbekiston Superligasi
Oʻzbekiston Pro-ligasi
Oʻzbekiston Birinchi Ligasi
Xalqaro musoboqalar Osiyo Chempionlar ligasi
OFK kubogi
Veb-sayt pfl.uz
Bosh direktor Diyor Imomxoʻjayev
Kuboklar Oʻzbekiston kubogi
Liga kubogi

O‘zbekiston professional futbol ligasi, qisqacha O‘zPFL — Oʻzbekiston hududida futbol jamoalari o‘rtasida tegishli ravishda Superliga, Pro liga, Birinchi liga, ayollar Oliy ligasi, ayollar Birinchi ligasi, futzal Oliy ligasi va Birinchi ligasi, O‘zbekiston kubogi, Liga Kubogi, O‘zbekiston Superkubogi, O‘zbekiston U-19 chempionatidan boshlab O‘zbekiston U-21 chempionatigacha bo‘lgan barcha yosh toifalaridagi va boshqa shu kabi professional futbol musobaqalari o‘tkazishni muvofiqlashtirish, futbol klublari o‘rtasida musobaqalar tashkil etish va o‘tkazish, ularning sport va tashkiliy-boshqaruv faoliyati hamda o‘zaro munosabatlari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berib borish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot hisoblanadi[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1992-yilda Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi tashkiliy tuzilmasining bir qismi bo‘lgan va O‘zbekistonda professional futbol musobaqalarini o‘tkazishga mas’ul bo‘linma edi. 2008-yil boshlarida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasiga PFLni alohida tashkilot sifatida tashkil etishni tavsiya qildi. 2008-yil 20-iyunda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va futbol klublarining Umumiy yigʻilishida tashkil etildi hamda 2-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi[2].

Maqsadi va vazifalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasining asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi hududida futbol jamoalari oʻrtasida futbol boʻyicha tegishli ravishda Superliga, Pro liga, Birinchi liga, ayollar Oliy ligasi, ayollar Birinchi ligasi, ayollar futzali, futzal Oliy ligasi va Birinchi ligasi, Oʻzbekiston Kubogi, Liga Kubogi, Oʻzbekiston Superkubogi, Oʻzbekiston barcha yosh toifalaridagi va boshqa shu kabi professional futbol musobaqalari oʻtkazishni muvofiqlashtirish, futbol klublari oʻrtasida musobaqalar tashkil etish va oʻtkazish, ularning sport va tashkiliy-boshqaruv faoliyati hamda oʻzaro munosabatlari boʻyicha yoʻl-yoʻriq berib borishdan iborat.

Rahbarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tashkilotning ilk rahbari sifatida 2008-2017 yillar mobaynida Farhod Magometov faoliyat olib borgan. 2017-yilning sentyabridan 2019-yilgacha Omon G‘ofurov tashkilotga rahbarlik qilgan. Keyinchalik, 2019-2020 yillarda tashkilotga Davron Shoqurbonov rahbarlik qilgan. 2020-yildan 2022-yilgacha Bosh direktor vazifasini vaqtincha bajarib kelgan Diyor Imomxoʻjayev 2022-yilda tashkilot Bosh direktori etib tayinlandi.

Ismi Tasvir Tayinlangan Boʻshatilgan
Farhod Magometov[3][4] 04.09.2008 04.09.2017
Omon G‘ofurov[5] 04.09.2017 17.06.2019
Davron Shoqurbonov[6] 17.06.2019 26.05.2020
Diyor Imomxoʻjayev[7] 26.05.2020 hozirgacha

O‘zPFL tasarrufidagi musobaqalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Coca Cola Superligasi — Professional futbol klublari ishtirok etadigan, O‘zbekiston futbol musobaqalari tizimidagi eng yuqori divizion. 1992-yilda Oliy Liga nomi bilan tashkil etilgan. Jami 14ta jamoa qatnashadi. Chempionat mart-noyabr oylarida o‘tkaziladi va har bir jamoa 26ta uchrashuv o‘tkazadi. 2018-yilgacha musobaqa rasman Oliy liga deb nomlangan. 2019-yildan titul homiy ishtirokida dastlab Pepsi Superligasi, keyinchalik, 2020-yildan Coca Cola Superligasi deb nomlanadi. O‘zbekiston chempionatlari tarixida jami 41ta klub ishtirok etgan va ulardan faqatgina 7ta klub chempionlik shohsupasiga erishgan: „Paxtakor“ — 14 marta, „Neftchi“ — 5 marta, „Bunyodkor“ — 5 marta, „Lokomotiv“ — 3 marta, „Do‘stlik“ — 2 marta, MHSK — 1 marta, „Navbahor“ — 1 marta. Turli yillarda O‘zbekiston chempionatida jamoalar soni turlicha bo‘lgan. Dastlabki yillarda chempionat bahslarida 16ta jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, keyinchalik turli yillarda jamoalar soni 14, 18 va 20ta bo‘lgan. 2018-yilda bir marta chempionat jamoalari soni 12tani tashkil qilgan.

Oʻzbekiston Kubogi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkillashtiriladigan futbol boʻyicha milliy kubok musobaqasidir. Oʻzbekiston Kubogi bahslari 1992-yildan beri tashkil etib kelinadi. Musobaqaning ilk gʻolibi Namanganning „Navbahor“ klubi hisoblanadi. Oʻzbeksiton Kubogi gʻoliblari OFK Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.

Liga kubogi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Liga kubogi — 2019-yilda ilk marta tashkil etilgan. Erkaklar jamoalari oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqada. Unda asosan Oʻzbekiston klublari, shuningdek OʻzPFL taklifiga koʻra Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozogʻiston futbol klublari ham qatnashadi. Musobaqaning ilk gʻolibi — „Paxtakor“.

Pro liga[tahrir | manbasini tahrirlash]

2017-yil 21-noyabr kuni O‘zPFL rahbariyati qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Birinchi ligasi 2018-yilgi mavsumdan boshlab rasman O‘zbekiston Pro-ligasi deb o‘zgartirildi. Liga 18 tadan 16 ta jamoaga qisqartirildi.

Birinchi liga[tahrir | manbasini tahrirlash]

O'zbekiston Birinchi ligasi ilgari futbol tizimida ikkinchi toifali musobaqa vazifasini bajarib kelgan. 2018-yilda Pro ligaga asos solinganidan keyin, 2020-yildan e'tiboran Birinchi liga qayta tashkil qilindi va endilikda mamlakatda uchinchi darajali musobaqa sanaladi.

Oʻzbekiston ikkinchi ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistondagi darajasi boʻyicha 4-oʻrindagi (Superliga va Pro-ligadan keyin) futbol ligasi. 2020-yilda Birinchi liga tashkil etilishidan oldin darajasi boʻyicha 3-oʻrinda edi. Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi nazorati ostidagi Oʻzbekiston PFL hamda uning hududiy boʻlimlari qoshida oʻtkazilgan.

U-21 chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston futbol tizimida Superliga jamoalarining yoshlar tarkiblari oʻynaydigan musobaqa. Unda OʻzPFL Reglamentiga muvofiq 21 yosh va undan kichik futbolchilar ishtirok etadi. U-21 chempionati uchrashuvlari asosiy tarkiblar uchrashuvidan bir kun keyin tashkil etiladi.

U-19 chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Superliga va Pro liga klublarining 19 yoshgacha boʻlgan tarkiblari oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqa. U-19 chempionatiga 2021-yilda asos solingan. Unda ikki yuqori divizionning barcha klublari oʻz tarbiyalanuvchilari bilan gʻoliblik uchun kurash olib boradi.

Ayollar Oliy ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonning eng kuchli ayollar klublari toʻp suradigan Oʻzbekiston chempionati oliy divizioni. Turnir 1995-yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda. Oʻzbekistonning ayollar jamoalari oʻrtasidagi chempioni Ayollar oʻrtasidagi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Futzal Oliy ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha Oʻzbekiston chempionati asosiy divizioni. Unda futzal boʻyicha mamlakatning eng kuchli jamoalari ishtirok etadi. Musobaqa OʻzPFL tomonidan alohida Reglament asosida oʻtkazildi va gʻolib jamoa yakunda Futzal boʻyicha Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.

Futzal O‘zbekiston Kubogi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha Oʻzbekiston Kubogi — Futzal Oliy liga va Futzal Birinchi ligasi jamoalari qatnashadigan har yilgi musobaqa.

Futzal Birinchi liga[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha Birinchi liga bahslarida professional hamda yarim-professional futzal jamoalari ishtirok etadi. Klublar Futzal Birinchi ligasida Oliy liga yoʻllanmasini qoʻlga kiritish uchun bahs olib borishadi.

Futzal U-18 chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha U-18 chempionatiga 2022-yilda asos solingan. Musobaqa Futzal boʻyicha Oliy liga klublari qoshidagi 18 yoshgacha boʻlgan futzalchilardan iborat jamoalar ishtirokida tashkil etiladi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasining Litsenziyalash jarayoni shartlaridan biri hisoblanadi.

Homiylar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi 2018-yilda Pepsi shirkati bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. 2019-yildan boshlab esa Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan kompaniyasi Oʻzbekiston Superligasiga titul homiy vazifasini bajarib kelmoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy tadbirlarda futbol boʻyicha Oʻzbekiston chempionati yuqori divizioni Coca-Cola Superliga deb yuritiladi.[8]

Yutuqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi Osiyo qitʼasida Litsenziyalash boʻyicha yetakchilardan biri sanaladi. 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning 12 ta klubi Osiyo Futbol Konfederatsiyasi litsenziyasini qoʻlga kiritdi va bu qitʼada 3-eng yaxshi natija sifatida qayd etildi. 2021-yilda ayollar jamoalari oʻrtasida ham Oʻzbekistonning 2 ta klubi Osiyoda birinchilaridan boʻlib litsenziyalashdan muvaffaqiyatli oʻtdi[9].

OʻzPFL Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan 2021-yil yakunlariga koʻra „Eng shaffof nodavlat-notijorat tashkilotlari TOP-20“ ro‘yxatidan o‘rin olgan[10].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]