Kopetdogʻ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

KopetdogʻEron togʻligining shimolidagi togʻlar, asosan, Eron, qisman Turkmaniston hududida, Turkmaniston—Xuroson togʻlarining bir qismi. Oʻz. 650 km, eni 200 km gacha. Eng baland joyi 3117 m (Xazormasjid togʻi). Koʻp qismi asimmetrik gryada va platolardan iborat. Iqlimi Oʻrta dengiz tipidagi subtropik, quruq iqlim. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi balandlik ortgan sari Gdan —4° gacha, iyulniki 29° dan 18° gacha pasayadi. Yillikyogʻin 150–500 mm. Daryolari: Atrek, Xilum, Balxob, Obiqaysar. K. alp burmalanishida yuzaga kelgan. Choʻkindi, asosan, boʻr, paleogen, neogen va yura davrlarining ohaktosh, margel, qumtosh, konglomerat va gillaridan tuzilgan. Simob, mishyak, barit, viterit kabi foydali qazilmalar, qurilish toshlari olinadi. Mineral va termal buloqlar bor. Tez-tez zilzila boʻlib turadi (Ashxobod zilzilasi). Antiklinal tizmalar va antiklinal vodiylar bilan birgalikda sinklinal tizmalar uchraydi. Karst keng tarqalgan (Bahardan gʻori). Vodiylarda yongʻoq, anjir, bodom, mushmula, nok, qoraqand, doʻlana, yovvoyi tok, togʻ etaqlarida togʻ choʻli va chala chul oʻsimliklari oʻsadi, balandrokda togʻ oʻtloqlari uchraydi. Qumsichqon, olaxurjun, oʻq ilon, koʻlbor ilon, jayra, togʻ qoʻyi, toʻngʻiz, qoplon, sirtlon, oʻrmon olmaxoni va boshqa yashaydi. Kopetdogʻ qoʻriqxonasi tashqil etilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil