Jahonoro begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jahonoro Begimdan yoʻnaltirildi)

Jahonoro begim (1614 - Dexdi — 1681) — boburiylardan boʻlgan malika, shoira. Shoh Jahonning katta qizi. Onasi — Mumtoz Mahalbegim. Onasi vafot etganda Jahonoro Begim 17 yoshda boʻlib, onasining vasiyatiga koʻra shoh oilasini boshqarish uning zimmasiga’ tushgan. Husn-latofatda, aql-idrokda va ilmu odobda benazir boʻlgan. Jahonoro Begim oilada akaukalar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar, hatto otasi bilan ukasi Avrangzeb oralarida kelib chiqadigan mojarolarni ustalik bilan bartaraf qilgan. Jahonoro Begim saltanat ishlarini boshqarish, ichki va tashqi siyosat hamda diplomatiya masalalarida otasiga oʻzining oqilona maslahatlari bilan yordamlashgan. Meʼmorlik, obodonlashtirish ishlariga rahnamolik qilgan. Agrada qurilgan jome masjidining tarhini Jahonoro Begim chizgan. Shuningdek, Dehli, Surat, Ambola, Behal va Panipat shaharlarida karvonsaroylar qurdirgan. Loxurda katta bogʻ, Kashmirda "Pari Mahal" (Parilar saroyi) bunyod ettirgan. Shaxdxonobodda Alimardonxon arigʻini qazdirib, naqshinkor hovuz qurdirgan. Jahonoro Begim gʻazallar, ilm-fan bobida esa "Risolayi Sohibiya" ("Doʻstlik haqida risola") nomli asar yozgan.

1658-yil Avrangzeb taxt uchun kurashda gʻolib chiqib, xasta otasini hibsga olgan. Aka-ukalarning, ota-bolaning va doʻstlarning orasiga tushgan nizo hamda ularning fojiali qismati Jahonoro Begimni qattiq iztirobga solgan. Dilxasta malika dunyo ishlaridan qoʻl yuvib, mahbuslikda kun kechirayotgan xasta otasiga xizmat qilish bilan oʻziga taskin bergan. Dexlidagi Zarzari Baxsh qabristoniga dafn etilgan.

Turgʻun Fayziyev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil