Abdulazizxon xonaqohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulazizxon xonaqohi
Muqobil nomlari Abdulazizxon xonaqohi

Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi Xonaqoh
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1544—1545-yillar
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 2

Abdulazizxon xonaqohi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasida joylashgan boʻlib, Buxoro xoni shayboniy Abdulazizxon I tomonidan 1544—1545-yillarda bunyod etilgan. Xonaqoh Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mazkur xonaqoh Abdulazizxon I davrida, naqshbandiylik tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband qabri yonida joylashgan. Xonaqoh markazida toʻgʻri burchakli yirik zalli frontal kompozitsiyadagi peshtoq-gumbazli binodan iborat boʻlgan. Buxoro xoni ashtarxoniy Nodir Muhammad (1642—1645) davrida xonaqoh orqa tomonida hujralar quriladi, natijada xonaqoh rejasi kvadrat boʻlib qolgan va bino tashqi tomonlari bir xil boʻlib qoladi. Xonaqohda marosim oʻtkaziladigan katta xona boʻlib, toʻrt tomoni ikki qavatli hujralar bilan tushgan boʻlgan. Xonaqoh tashqi tomonlari bir xil peshtoqlar bilan ishlangan. Xonaqoh zali gumbaz bilan qoplanib, ichkarisini bezashda „qirma“ usulidan foydalanilgan. Zalda qizil kesak ustiga oq rangli qilib bezak ishlatilgan. 1950—1960-yillarda xonaqoh peshtogʻ’idagi bitik qulab tushgan[1]. Abdulazizxon xonaqohi 34 hujradan iborat. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, „Meʼmor“ ilmiy-taʼmirlash ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan xonaqohda taʼmirlash ishlari olib borilgan. 1991—1993-yillarda xonaqohning arkalari, gumbazlari, yogʻochlari qayta tiklandi va taʼmirlandi. Xonaqohning balandligi 24 metr boʻlib, taʼmirlash ishlarida Gʻaybulla Muhammedov va Azim Hayitov va boshqa kishilar qatnashgan. Xonaqohning tashqi va ichki qismi, devorlari va gumbazlari toʻliq taʼmirlangan[2].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulazizxon xonaqohi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Xonaqoh qurilishida pishgan gʻisht, ganch, yogʻoch va boshqa materiallardan foydalanilgan. Xonaqoh toʻrt tomoni peshtoqli qilib qurilgan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 103.
  2. Бахоуддин Нақшбанд тарихий-меъморий мажмуаси 2019, s. 70-73.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232 bet. 
  • Йўлдошев Н, Бобожонов Ш. Бахоуддин Нақшбанд тарихий-меъморий мажмуаси. Tошкент: Наврўз нашриёти, 2019 — 117 bet.