Muhammad ibn Jazariy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad ibn Jazariy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi tajvid,qiroat

Muhammad ibn Jazariy (1350—1478) — tajvidshunos, qiroatshunos olim.

Qiroat va tajvid ilmining olimi, qori va muhaddislar ustozi, oʻz zamonasidan tortib to hozirgi dav­rigacha qiroat va tajvid ilmining shayxi boʻlib kelayotgan olimning toʻliq ismi — Hofiz Mu­hammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Yusuf Jazariy Damashqiy Sheroziy Shofiʼiy boʻlib, Ibn Jazariy nomi bilan mashhur. Ibn Jazariy 25 ramazon 751/1350 yili 30-noyabr, juma kuni Damashqda tavallud topgan. Ibn Jazariy oʻn toʻrt yoshida Qurʼonni yod olgan. Soʻng ilm talab qilishga yuzlanib, qiroat ilmini Abu Muhammad Abdulvahhob ibn Sallor va Ahmad ibn Ibrohim ibn Tahhondan taʼlim ola boshlagan. 768/1367 yili haj safariga boradi va Madinai Munavvara imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Solih Xatib huzur­larida qiroatlarni tajvid asosida oʻqib bergan­. Keyin Qohiraga borib, Faxr ibn Buxoriy, Dimyotiy kabi allomalardan taʼlim olgan. Iskandariyaga borib, u yerdagi olimlarga qiroat qilib bergan. Shu orada tafsir, hadis, fiqh, aqoid, balogʻat, sarf va nahv kabi ilmlarni saboq olib, oʻzlashtirgan. Hadis il­mi­­ni Imod ibn Kasir va Iroqiydan taʼlim olgan. Fiqh ilmini esa, Shayx Abdurrahim Isnaviy, Bulqiyniy, Baho Sabkiy kabi faqihlardan, usul, maʼoniy va bayon ilm­la­rini Misrda Shayx Ziyoud­din Saʼdulloh Qazviniy va boshqa­lar­dan oʻzlash­ti­rgan. Vafo­ti­­dan oldin, 774/1373 yili shayxulislom, muhaddis, muarrix Abulfido Ismoil Ibn Kasir, 779/1378 yili Shayx Ziyouddin, shu­ning­­dek, 785/1384 yili shayxulislom Bulqiy­niy­lar u zotga fatvo chiqarish­ga ruxsat berishgan. Ummaviylar barpo etgan jom’eda qiroat ilmini mukam­mal oʻzlashtirib, oʻsha joydagi mashhur qorilar­ga rais boʻlgan va koʻpchilikka qiroat ilmini oʻrgatgan. Damashq­da Qurʼoni karimga bagʻish­lab „Doru-l-Qurʼoni-l-karim“ nomli madrasa bino qilgan. 793/1391 yil­dan boshlab Shom (Suriya)da bir necha yil qozilik qil­gani­dan soʻng, 798/1396 yili Rum (hozirgi Turkiya)ga safar qilib, Bursa shahri­da Usmoniylarning sultoni Boyazid ibn Usmonning mehmoni boʻlib, shu yerda yashay boshlagan. Boyazidning hurmat qilishining bir sababi shundaki, Ibn Jazariy Boyazidning huzuriga kirayotgan chogʻida Damashqda Qurʼoni karimni tilovat qilib bergan ustozlaridan biri Shayx Hoji nomli olimga roʻpara kelib qoladi. Uning iqtidorini bilgan Boyazid, hurmat qiladi, kunigi yuz dirham mablagʻ tayinlaydi, bir necha ot va mulk taqdim etadi. Boyazid koʻrsatgan hurmat va ehtiromga javoban imom u yer­da bir necha yil is­ti­qo­mat qilib, yurt aholisiga qiroat va hadis ilmidan taʼ­lim bergan. Oʻsha diyorda ikki jildliAn-nashr fi-l-qiro­oti-l-ashr“ („Oʻn xil qiroat haqida nashr“) nomli asarini taʼlif etgan. 805/1403 yili Boyazid Yildirim bilan Amir Temur oʻrtasida jang boʻlib oʻtganida, Boyazid bilan birga Ibn Jazariy ham asrga tushadi. Ibn Jazariyning iqtidorini bilgan Amir Temur u zotni Rum­dan Mova­rounnahr­ diyoriga olib keladi. Kesh (hozirgi Shah­ri­sabz) shahri­da Sohibqiron saltanati osti­da hayot kechira­di­. Kesh va Samarqand aholisining bir jamo­a­si u zot­dan tahsil oladi. Amir Temur bu buyuk imomga doimo hurmat ehtirom koʻrsatgan. Keshda Abdulqodir ibn Tilla Rumiy, Hofiz Boyazid Ke­shiy va Hofiz Mahmud ibn Muqriylar undan oʻn xil qiroat ilmini oʻrganib, qiroatlar shayx­lari unvonini olishgan. Imom Muhammad Jazariy­ Rumdan Samar­qandga kelganida Sohibqiron katta bazm uyush­tira­di­. Unga taklif etilgan amir va zodagon­lar­ga chap taraf­dan, olimlarga esa, oʻng tarafdan joy ajratishni buyu­radi. Imom Jazariyga esa ulamo­lar­ga ajratil­gan joyning old qismidan, alloma Say­yid Sharif Jurjo­niydan yuqo­ri­roq­dan oʻrin hozirlashga amr qiladi­. Sababi soʻralganida, So­hib­­qi­­ron: „Kitob va sunnat bilimdoni boʻlgan zotni hurmat qilmay boʻladimi?!“, — deya javob bergan ekan[1]. Ibn Jazariy Amir Temurning vafotidan soʻng, 807/1405 yili Movarounnahrni tark etib, Xuroson­ning Hirot shahriga safar qiladi. U yerda ham koʻpchilik­ka oʻn xil qiroatdan dars beradi. Soʻng Yazdinga qaytib kelgan­ida, u yerlik aholining ham bir guruhi u zot qoʻli­da qiroat ilmini mukammal oʻrganadi. Hofizu-l-muqriyi-l-fozil Sham­sid­din ibn Muhammad Dabbogʻ Bagʻdodiy shular jum­la­sidandir. Keyin Isfahonga safar qiladi. U yerda ham aholining koʻpchiligi u zotdan saboq oladi. 808/1406 yili Ramazon oyida Sheroz shahriga boradi. Sheroz sultoni Bir Muhammad u zotni oʻz diyorida olib qolish maq­sa­di­da unga qozilik vazifasini topshiradi. Shun­day qi­lib, u yerda ham bir oz muddat qoladi. Bundan koʻpchilik yaxshi foydalanib, u zotdan qiroat ilmi­ni oʻrga­nadi. Haj ibodatini ado etish niyatida Basra orqali yoʻlga chiqadi. Ikki dovon oshib, Unayza shahriga etgach, Bani Lom aʼro­biy­lari u zotni tutib, bor narsala­ri­ni tortib olishadi. Unayzaga qaytib, u yerda uchta qiroatga bagʻishlab „Ad-durra“ („Dur, marvarid“) nomli nazmiy asarini yozadi. Soʻng Alloh taolo unga haj ibodati amalini ado qilishni nasib etadi. Hara­mayn sharifaynda bir muddat istiqomat qiladi. Shu muddat ichida ham koʻpchilik u zotdan taʼlim oladi. Qohira va Yamanga bir necha marta safar qiladi. Safar davomida oʻzi ilm olish bilan birga juda koʻp insonlarga qi­ro­at, hadis va boshqa ilmlardan taʼlim beradi. Ibn Jazariyning ustozlari koʻp boʻlib, eng mashhurla­ri ­­quyi­da­gilardir: Shayx Ahmad ibn Ibrohim Tahhon (1303—1381), Qozi Ahmad ibn Husayn Hanafiy (1292—1378), Abu Abdulloh Muhammad ibn Soigʻ (1305—1376), Abu Muhammad Abdulvahhob ibn Sallor (1299—1380), Shayx Abu Abdulloh Muhammad ibn Solih (XIV asr), Hofiz Abulfido ibn Kasir (1302—1373), Shayxulislom Sirojiddin Bulqiyniy (1324—1403) va bosh­qa­lar. Muhammad Jazariy zamonasining koʻzga koʻrin­­gan olim­la­ridan taʼlim olish bilan birga oʻzi ham koʻplab sho­gird yetishtirgan. Ularning eng mashhurlari quyidagi­lar: oʻgʻli alloma Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad, Shayx Mahmud ibn Husayn ibn Sulaymon Sheroziy, Shayx Abu Bakr ibn Musbih Hamaviy, Shayx Abdulloh ibn Qutb Bayhaqiy, Shayx Ahmad ibn Mahmud ibn Ahmad Xijoziy, Shayx Xatib Muʼmin ibn Ali Rumiy, Shayx Yusuf ibn Ahmad Xabashiy, Shayx Ali ibn Ibrohim ibn Ahmad Solihiy va boshqalar. Imom Jazariy ilmiy faoliyati davo­mi­da tafsir, ha­dis, fiqh, tarix va arab tili grammatikasi kabi turli fan­larga do­ir etmishdan ortiq ilmiy asarlar tasnif etgan. Ular­ning koʻp­lari qiroat va tajvid ilmiga bagʻishlan­gan.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bugungi kunda asarlari ichida nashr qilinganlari, qoʻlyozma nusxalari yetib kelmaganlari boʻlib, eng mashhurlari quyidagilar: Qurʼon va qiroat ilmiga doir asarlari: „Usulul-l-qiroat“ („Qiroat usullari“), „Taxbi­ru-t-taysir fi qiroati-l-ashr“ ("Oʻn xil qiroatda engillatishni chiroyli qilish), „Al-aqdu-s-samin“ („Qimmatbaho echim“), „Fazoilu-l-Qurʼon“ („Qurʼonning fazilatlari“), „An-nashr fi-l-qiroati-l-ashr“ („Oʻn xil qiroat haqida nashr“), „Taqribu-n-nashr fi qiroati-l-ashr“ („Oʻn xil qiroatda nashr taqrib qilish“), „At-tamhid fi ilmi-t-tajvid“ („Tajvid ilmidagi engillatish“), „Munjidu-l-muqriʼin va murshidu-t-tolibin“ („Tilovat qiluvchilar (oʻquvchilar)ga qoʻllanma va toliblarga yoʻllanma“), „Al-iʼlom fi ahkomi-l-idgʻom“ („Idgʻom hukmlari haqida maʼlumot“), „Al-aqdu-s-samin fi alfozi-l-Qurʼoni-l-mubin“ („Qurʼoni mubinning lafzlari haqidagi qimmatbaho echim“), „Tuhfatu-l-ixvon fi-l-xulf bayna-sh-shotibiyya va-l-unvon“ („Shotibiya va unvonlar oʻrtasidagi ixtilofi haqida birodarlarning tuhfasi“), „At-tavjihot fi usuli-l-qiroat“ („Qiroat usullari haqida koʻrsatmalar“), „Al-ihtido ila maʼrifat-l-vaqf va-l-ibtido“ („Vaqf va ibtidoni bilish haqida toʻgʻri yoʻl“), „Hidoyatu-l-barara fi tatimmai-l-ashara“ („Oʻnni tugatishda mehribon boʻlgan hidoyat“), „Ad-durru-l-maʼniya fi-l-qiroati-l-aimmati-s-salosati-l-marziyya“ („Rozi boʻlingan uch imomning qiroati haqida manfaatli dur“), „Nihoyatu-l-barara“ („Mehribonlik nihoyasi“), „Gʻoyatu-l-mahara fi-z-ziyoda ala-l-ashara“, („Oʻn qiroatga ziyoda sifatida malakaning gʻoyasi“), „Gʻoyatu-n-nihoya fi tabaqoti-l-qurro“ („Qorilar tabaqasi haqida nihoya gʻoyasi“), „Al-muqaddimatu-l-Jazariya“ („Jazariy muqaddimasi“). Hadis ilmiga doir asarlari: „Al-bidoya fi ulumi-r-rivoya“ („Rivoyat ilm­laridagi bidoya (boshlanish)“), „Al-hidoya fi ulumi-r-rivoya“ („Rivoyat ilmlari borasida toʻgʻri yoʻl“), „Muqaddima ulumi-l-hadis“ („Hadis ilmlari muqaddimasi“), „At-tavzih fi sharhi-l-masobih“ („Al-masobih sharhi haqida oydinlik“), „Al-hisnu-l-hasin min kalomi Sayyidi-l-mursalin“ („Say­yidu-l-mursaliyn kalomidan tashkil top­gan mustahkam qalʼa“), „Al-qasdu-l-Ahmad fi rijoli musnadi Ahmad“ („Musnadi Ahmad roviylari haqida Ahmadning maqsadi“), „Al-arbaʼin hadisan“ („Qirq hadis“), „Tazkiratu-l-ulamo fi usuli-l-hadis“ („Hadis usuli toʻgʻrisida ulamolar tazkirasi“). Fiqh ilmlariga doir asarlari: „At-takrim fi-l-umrat mina-t-tanʼim“ („Umrada Tanʼimni (Makkadagi bir joyning nomi) qadrlash“), „Sharh minhoji-l-usul“, („Min­hoju-l-usul sharhi“), „Gʻoyatu-l-muno fi ziyarati-l-Mino“ („Minoni ziyorat etishdagi istakning gʻoyasi“). Nahv (arab tili grammatikasi)ga doir asarlari: „Al-javhara fi-n-nahv“ („Nahv ilmidagi gavhar“), „Al-isoba fi lavozim kitoba“ („Yozuvning lozim jihatlari haqida toʻgʻrilik“), „Al-iʼtirozu-l-mubdiy“ („Asoslovchining eʼtirozi“). Tarixga doir asarlari: Muxtasar tarixi-l-islom" („Islom tarixi haqida muxtasar kitob“), „Zotu-sh-shifo fi siyra-ti-l-Mustafo“ („Mustafoning siyratida shifo zoti“), „Al-mavludu-l-kabir“ („Katta mavlud“), „At-taʼrif bi-l-mavlidi-sh-sharif“, („Mavludi sharifning taʼrifi“) va boshqa turli xil ilmlarga oid asarlar. Qoʻlyozma asarlarining koʻpchiligi Saudiya Arabistoning Riyoz shahridagi „Markazu-l-malik Faysal li-l-buhus va-d-dirosoti-l-islomiyya“ kutubxonasida saqlanmoqda. Qiroat ilmining beqiyos olimi Muhammad Ja­za­riy ser­maz­mun umrining oxirini Sheroz­da oʻtkazgan. U zot 833/1429 yili Rabiʼul avval oyining beshinchi, juma ku­ni­ning tongida 82 yoshda vafot etgan va oʻzi qurdir­gan „Doru-l-Qurʼon“ madrasasiga dafn qilingan[2].


Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Тошкубри Зода. Аш-шақоиқу-н-Нуъмония фи уламои давлати-л-Усмония. – Байрут. Дору-л-китоби-л-арабий, 1975. – Б. 29.
  2. Қаранг: Зириклий. Ал-аълом. Ж. 7. – Байрут: Дору-л-илм ли-л-малайин, 2002. – Б. 45; Абдулҳай ибн Абдулкабир Каттоний. Фиҳрису-л-фаҳорис ва-л-асбот ва муъжаму-л-маожим ва-л-машаййихот ва-л-мусалсалот. – Байрут: Дору-л-ғарби-л-исломий, 1982. – Б. 304-305.