Meningit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Meningit (yun. meninx — miya pardasi) — bosh miya va orqa miya pardalarining yalligʻlanishi, mikroorganizmlar qoʻzgʻatadi (qarang Miya pardasi). Mustaqil kasallik sifatida paydo boʻladigan birlamchi va asoratlar tufayli yoki infeksiya yuqishi, masalan, oʻrta quloq, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, gripp, qizamiq, tepki, sil, zaxm oqibatida kelib chiqadigan ikkilamchi meningit farqlanadi. Meningit qoʻzgʻatuvchilariga (virusli, bakterial, zamburugʻli; sil, zaxm meningiti va boshqalar), kechishiga (oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali meningit), orqa miya suyuqligininh (likvorning) oʻzgarishiga qarab (yiringli va seroz meningit) ajratiladi. Chivin va kanalar yuqtiradigan infeksion kasalliklarda (ensefalitda, meningoenefalitda) ham meningit kuzatiladi. Infeksiya meningit bilan ogʻrigan bemor yoki bakteriya tashib yuradigan "sogʻlom" kishilardan (ular bilan soʻzlashganda, oʻpishganda, bemor aksirganda, yoʻtalganda), aksari yuqori nafas yoʻllari yalligʻlangan bemorlardan yuqadi. Kattalarga nisbatan yosh bolalar koʻproq kasallanadi. Aksariyat kech kuz, qish va erta bahorda uchraydi. Kasalllk toʻsatdan boshlanadi, harorat 38—40°ga koʻtariladi, badan uvishadi, bemor tez-tez qayt qiladi (ovqat yesa-yemasa ham), bezovtalanadi. Meningitning shakliga qarab klinik belgilari xilma-xil boʻladi, lekin ularning barchasiga xos ayrim alomatlar mavjud; qattiq bosh ogʻrigʻi, bosh va boʻyin muskullarining tortishishi natijasida bemornig boshi orqaga engashgan boʻlib, oldinga ega olmaydi, oyoqlari bukilib qoladi. Baʼzan bemor alahlaydi, talvasa tutishi ham mumkin, tashqi taʼsirotlarga (kuchli yorugʻlik, qattiq tovush va hokazolarga) taʼsirchan boʻladi.

Meningit hamisha shiddat bilan boshlanmaydi. Ikkilamchi meningit asta-sekin avj oladi; darmon quriydi, bosh ogʻriydi. Agar biror yuqumli kasallik qoʻshilsa, bemorning umumiy ahvoli ogʻirlashadi va yuqorida sanab oʻtilgan klinik belgilar rivojlanadi.

Meningitning hamma xilida bemorni darhol vrachga koʻrsatib, albatta, kasalxonaga yotqizish kerak. Davo oʻz vaqtida boshlansa bemor batamom sogʻayib ketadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisini tashib yuruvchilar topilsa, jamoadan ajratiladi va davolanadi.

Oldini olish uchun quloq, tomoq va burun boʻshligʻining yalligʻlanish va yiringli kasalliklarini oʻz vaqtida davolash lozim.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil