Vaksinalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Vaksinalar (lot. vaccina — sigirga oid), emlashda ishlatiladigan moddalar — infeksion kasalliklarning oldini olish yoki davolash maqsadida qoʻllaniladigan preparatlar. Mikroorganizmlar, shuningdek ularning zararsizlantirilgan toksinlaridan tayyorlanadi, organizmga yuborilganda tegishli yuqumli kasalliklarga nisbatan sunʼiy orttirilgan faol immunitet vujudga keladi. Tirik, oʻldirilgan, kimyoviy vaksina va anatoksinlar farq qilinadi. Tirik vaksina (chechak, poliomiyelit, qizamiq, gripp, o'lat, tulyaremiya, silga qarshi vaksinalar) kasallik qoʻzgʻatish xususiyatini yoʻqotgan, biroq immunogen xossalarga ega boʻlgan, qoʻzgʻatuvchiga qarshi himoya antitelolar hosil qiladigan maxsus kuchsizlantirilgan mikroorganizmlardan tayyorlanadi. Bunda mikroorganizmlar sunʼiy ozuqa muhitida yoki hayvon organizmida uzoq undiriladi. Tirik vaksina qoʻllanilganda immunitet barqaror boʻlib, uzoq saqlanadi.

Oʻldirilgan vaksina bakteriyalar va viruslarga yuqori temperatura, ultrabinafsha nurlar, ultratovush, formalin, spirt yoki boshqa moddalar taʼsir ettirib tayyorlanadi (ich terlama, koʻkyoʻtal va boshqa kasalliklarga qarshi vaksina). Kimyoviy vaksina (ich terlama, toshmali terlama, paratiflar, vabo, difteriya, qoqshol va boshqa kasalliklarga qarshi vaksina), mikroorganizmlar yoki ularning mah-sulotlaridan maxsus ajratib olingan faol komponentlardir.

Anatoksinlar bakterial ekzotoksinlardan ularning zaharli xossalarini formalinda zararsizlantirish yoʻli bilan olinadi. Tibbiyot amaliyotida bitta (monovaksina), ikkita (divaksina) yoki undan koʻp (polivaksina) mikroorganizm komponentlaridan iborat vaksinadan foydalaniladi. Mikroblarning bir necha tipidan tayyorlanib bitta yuqumli kasallikka qarshi qoʻllaniladigan vaksina polivalent vaksina deyiladi. Vaksina turli yoʻllar bilan yuboriladi; muskul orasiga (qizamiq), teri ostiga (ich terlama, toshmali terlama, paratiflar, dizenteriya, vabo, oʻlat va boshqalar), teri yuzasiga (chechak, sil, tulyaremiya, kuydirgi), burunga (gripp) yoki ogʻiz orqali (poliomiyelit). Ayrim yuqumli kasalliklar (chechak, sil, difteriya va boshqalar)ning oldini olish uchun vaksina reja asosida, boshqa hollarda esa epidemik koʻrsatkichlar boʻyicha yuboriladi. Vaksinani keng qoʻllash tufayli bakterial va virusli infeksiyalarning oldini olishga muvaffaq boʻlindi. Veterinariya amaliyotida virusli (qutirish, Auyeski kasalligi, parranda chechagi, oʻrdaklar virusli gepatiti va boshqa) hamda bakteriyali (kuydirgi, brutsellyoz, leptospiroz, brauzet va boshqa) kasalliklarning oldini olish va davolashda tirik, oʻldirilgan vaksinalardan keng foydalaniladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil