Parotit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tepkidan yoʻnaltirildi)

Parotit (para... va yun. otos — quloq), tepki — quloq oldi soʻlak bezining yalligʻlanishi. Epidemik boʻlmagan P. va epidemik parotit farqdanadi. Oʻtkir epidemik boʻlmagan P. koʻproq katta yoshdagi kishilarda kuzatiladi va yuqumli kasalliklar (tif, dizenteriya va boshqalar), ogʻir operatsiyalar, bezlarning zararlanishi, stomatit va boshqa oqibatida paydo boʻladi, koʻpincha stafilokokklar qoʻzgʻatadi. Kasallik boshlanishida soʻlak bezlari shishib, qattiq boʻlib qoladi, ogʻiz qaqraydi, pastki jagʻning harakatlanishi qiyinlashadi. Gavda temperaturasi koʻtarilib, bez yoʻlidan yiring ajraladi. Baʼzan yuz nervi zararlanib nevrit paydo boʻlishi, bez massasining nekrozga uchrashi, abssess vujudga kelishi va boshqa asoratlar qolishi mumkin. Kasallik, asosan, 10—15 kunda tuzala boshlaydi yoki qaytalab turadigan surunkali shaklga oʻtadi.

Davosi. Shishni qaytaruvchi doridarmonlar, antibiotiklar, parhez buyuriladi, abssess hosil boʻlganda operatsiya qilinadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil