Kontent qismiga oʻtish

Penitsillin

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Penitsillin — kimyoviy tuzilishi bir-biriga yaqin tabiiy va yarim sintetik antibiotiklar guruhi. Tibbiyot amaliyotida ilk bor qoʻllangan, penitsillinni penicillium turkumiga mansub zamburugʻlar ishlab chiqaradi. 1928-yilda amerika bakteriologi A. Fleming zamburugʻlarning bakteriyalarga taʼsir etuvchi xossasi borligini tasodifan aniqlagan. Ammo, faqat 1941-yilda A. Fleming, ingliz patologi X.Flori bilan birga mogʻor zamburugʻining bulon filtratidan penitsillinni ajratib olib, 1945-yil penitsillin va uning yuqumli kasalliklarni davolashda samaradorligini kashf etganlari uchun nobel mukofotiga sazovor boʻldi.

Hozirgi tibbiyotda tabiiy va yarim sunʼiy penitsillinlardan foydalaniladi. Tabiiy penitsillinga benzilpenitsillinning natriyli va kaliyli tuzi, bitsilin −1, −3, −5 va fenoksimetilpenitsillinlar kiradi. Penitsillin molekulasining asosiy qismini 6-aminopenitsillin kislota tashkil qilib, bu betalaktam va tiazolin halqalaridan tashkil topgan murakkab geterotsiklik birikma hisoblanadi. Tabiiy penitsillinning taʼsir doirasi tor, tabiiy penitsillin stafilokokk, streptokokk, pnevmokokk, gonokokk, meningokokklar, gazli gangrena, qoqshol, botulizm, kuydirgi, difteriya, zaxm kabi kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilariga juda faol taʼsir etadi. Shuning uchun u pnevmoniya, septik endokardit, jarohatlanish oqibatida kelib chiqqan kasalliklar, saramas, peritonit, sistit, osteomiyelit, difteriya, skarlatina va boshqa kasalliklarda qoʻllanadi.

Yarim suniy penitsillinga biologik va kimyoviy yoʻllar bilan olinadigan har xil moddalar kiradi. Penitsillin kislotasidagi benzil radikali oʻrniga har xil boshqa radikallar qoʻshilishi natijasida yarim sunʼiy penitsillinning bir qancha avlodlari olindi, bular antibakterial doirasi, penitsillinazaga chidamliligi va boshqa xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Yarim sunʼiy penitsillinning za-harliligi kam, organizmdagi suyuqlik va toʻqimaga yengil soʻriladi.

Penitsillinning aktibakterial taʼsir mexanizmi, hujayra devori sintezining buzilishi bilan bogʻliq boʻlib, bunda peptidoglikam (murein) moddasini sintez qiluvchi reaksiya toʻsib qoʻyiladi. Shu sababli penitsillin guruhi dorilari, asosan, oʻsuvchi bakteriya hujayralariga taʼsir qiladi. Shu bilan birga maʼlum bir bakteriyalar hujayra devorining sintezi buzilsa ham oʻz hayot faoliyatini saqlab qolib, L — shakldagi mikroorganizmga aylanishi mumkin.

Penitsillin guruhi antibiotiklarini koʻllashda bakteriyalarni ularga nisbatan taʼsirchanligi eʼtiborga olinadi va shifokor maslahatiga koʻra qoʻllanadi.

Penitsillinning nojoʻya taʼsiriga, asosan, allergik reaksiyalar, parenteral yoʻl bilan yuborilgandagi asoratlar (ogʻriq, abssess, flebit va boshqalar), dizbakterioz misol boʻla oladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil