Orqa miya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Orqa miya
Nervous system diagram-en.svg
Orqa miya (sariq) miyani butun tanadagi nervlar bilan bog‘laydi.
Lotincha nomi Medulla spinalis
ning qismi Markaziy nerv sistemasi
Arteriya Spinal arteriya
Vena Spinal vena

Orqa miya (lot. medulla spinalis) nerv to‘qimasidan tuzilgan uzun, nozik, naysimon tuzilma bo‘lib, miya ustunidagi uzunchoq miyadan umurtqa pog‘onasining bel sohasigacha davom etadi. U miya suyuqligini saqlovchi umurtqa pog‘onasining markaziy kanalini qamrab oladi. Miya va orqa miya birgalikda markaziy nerv sistemasi (MNS)ni tashkil qiladi. Odamlarda, orqa miya ensa suyagida boshlanadi, katta teshikdan o‘tib bo‘yin umurtqalari boshlanishida orqa miya kanaliga kiradi. Orqa miya pastga qarab birinchi va ikkinchi bel umurtqalari oralig‘igacha kengayib boradi va shu yerda tugaydi. O‘rab turuvchi suyakli umurtqa pog‘onasi nisbatan qisqa orqa miyani himoya qilib turadi. U erkaklarda tahminan 45 sm va ayollarda tahminan 43 sm uzunlikda. Orqa miyaning diametri bo‘yin va bel sohalaridagi 13 mm dan, ko‘krak sohasidagi 6,4 mm gacha o‘zgarib turadi.

Orqa miya nerv signallarini harakatlantiruvchi po‘stloqdan tanaga va sezuvchi neyronlarning afferent tolalaridan sezuvchi po‘stloqqa o‘tkazish vazifasini bajaradi. U shuningdek ko‘plab reflexlar uchun koordinatsiyalovchi markaz va reflekslarni mustaqil boshqara oluvchi reflex yoylari saqlaydi.[1] U yana markaziy pattern generatorlari nomi bilan ma’lum bo‘lgan nerv halqalarini hosil qiluvchi spinal interneyronlar guruhlarining joylashgan joyi hamdir. Bu halqalar yurish kabi ritmik harakatlar boshqariluvi uchun javobgar.[2].

Tuzilishi[tahrir]

Orqa miya segmetnlarini ko‘rsatuvchi diagramma

Orqa miya miya va periferik nerv sistemasini bog‘lab turuvchi asosiy yo‘l.[3][4] Uni himoya qilib turuvchi umurtqa pog‘onasidan anchagina qisqa bo‘lgan odam orqa miyasi miya ustunida hosil bo‘ladi, katta teshik orqali o‘tadi va filum terminale nomi bilan ma’lum fibroz kengaymada tugashidan oldin, ikkinchi bel umurtqasi yaqinida conus medullaris orqali davom etadi.

U erkaklarda tahminan 45 sm va ayollarda tahminan 43 sm uzunlikka ega, ovalsimon shaklda va bo‘yin va bel sohalarida kengaygan. Bo‘yin kengaymasi, C5 dan T1 gacha cho‘zilgan bo‘lib, qo‘llar va tanadan sezgi impulslari oladigan va harakat impulslari yuboriladigan sohadir. Bel kengaymasi, L1 va S3 orasida joylashgan va qo‘ldan tashqari sezgi impulslarini qabul qiladigan va oyoqlarga harakat impulslarini yuboradigan sohadir.

Orqa miya uzunchoq miya kaudal qismining davomi bo‘lib, kalla suyagi asosidan tananing birinchi bel umurtqasigacha boradi. U kattalarda umurtqa pog‘onasining to‘liq uzunligi bo‘ylab davom etmaydi. U bir juftdan sezuvchi ildiz va bir juftdan harakatlantiruvchi ildizga ega 31 segmentdan iborat. Nerv ildizlari keyin bilateral simmetrik juft orqa miya nervlariga birlashadi. Periferik nerv sistemasi shu ildizlar, nervlar va gangliya (tugun)lardan iborat.

Orqa ildizlar afferent tutamlari bo‘lib, teri, muskullar va miya bilan bog‘liq ichki organlardan sezgi impulslarini qabul qiladi. Ildizlar mos neyron hujayra tanalaridan tashkil topgan orqa ildiz gangliyalarida tugaydi. Oldingi ildizlar efferent tolalardan iborat va harakatlantiruvchi neyronlarning orqa miya oldingi kulrang shoxlaridan topiladigan hujayra tanalaridan chiqadi.

Orqa miya (va miya) kanalni o‘rab turuvchi miya pardalari (lot. meninges) deb ataluvchi uch qavat to‘qima yoki membranalar tomonidan himoya qilinadi. Qattiq parda eng tashqi qavat va qattiq himoya qoplamini hosil qiladi. Qattiq parda va atrofdagi umurtqa suyaklari orasidagi bo‘shliq epidural bo‘shliq deb ataladi. Epidural bo‘shliq yog‘ to‘qimasi bilan to‘lgan va u o‘zida qon tomirlar tizimini saqlaydi. To‘rsimon parda, o‘rta himoya qavati, ochiq, o‘rgimchak to‘ri kabi ko‘rinishi tufayli shunday nomlangan. To‘rsimon va ostida yotuvchi yumshoq parda orasidagi bo‘shliq subaraxnoid bo‘shliq deb ataladi. Subaraxnoid bo‘shliqda miya suyuqligi bo‘ladi, uni lyumbal punksiya muolajasi orqali tekshirish mumkin. Nafis yumshoq parda, eng ichki himoya qatlamidir va orqa miya yuzasi bilan zich bog‘langan. Orqa miya qattiq pardaga birikuvchi tishsimon boylamlar orqali stabilizatsiya qilinadi va bu boylamlar yumshoq pardadan lateral, orqa va oldingi ildizlari orasidan chiqadi. Dural qopcha ikkinchi dumg‘aza umurtqasi sohasida tugaydi.

Ko‘ndalang kesimda, orqa miyaning periferik qismi sezuvchi va harakatlantiruvchi aksonlardan iborat neyronal oq modda traktlarini saqlaydi. Bu periferik sohadan ichkarida kulrang modda joylashgan va unga kapalak shaklini beruvchi uchta kulrang ustunlar bo‘ylab joylashgan nerv hujayralari tanalaridan iborat. Bu markaziy soha to‘rtinchi qorinchaning davomi bo‘lgan markaziy kanalni o‘rab turadi va unda miya suyuqligi bo‘ladi.

Orqa miya ko‘ndalang kesimda ellips shaklida, dorsolateral qisilgan. Ikkita mashhur o‘yiqlar yoki egatlar uning uzunligi bo‘ylab ketgan. orqa o‘rta egat (lot. sulcus medianus posterior) orqa tomodagi va oldingi o‘rta egat (lot. sulcus medianus anterior) oldingi tomondagi egatlardir.

Orqa miya segmentlari[tahrir]

Gray 111 - Vertebral column-coloured.png

Odam orqa miyasi segmentlarga bo‘lingan bo‘lib, u yerda orqa miya nervlari juftlari (aralash; sezuvchi va harakatlantiruvchi) hosil bo‘ladi. Oltitadan sakkiztagacha harakatlantiruvchi nerv ildizchalari o‘ng va chap tomondan ventrolateral egatlardan chiqib, juda tartibli joylashgan. Nerv ildizchalari birlashib nerv ildizlarini hosil qiladi. Shunga o‘xshash, o‘ng va chap dorsolateral egatlardan chiquvchi sezuvchi nerv ildizchalari sezuvchi nerv ildizlarini hosil qiladi. Oldingi (ventral) (harakatlantiruvchi) va orqa (dorsal) (sezuvchi) ildizlari birlashib orqa miyaning har tomonida bittadan orqa miya nervlarini (aralash; sezuvchi va harakatlantiruvchi) hosil qiladi. Orqa miya nervlari, C1 va C2 dan tashqari, umurtqalararo teshik ichida hosil bo‘ladi. Bu ildizchalar markaziy va periferik nerv sistemalarini ajratib turuvchi demarkatsiyani hosil qiladi.

Umurtqa seksiyasi modeli.
Odam umurtqasi va orqa miyasi segmentlari modeli, orqa miyadan (ko‘rinmagan) lateral chiqqan nerv ildizlarini ko‘rish mumkin.

Kulrang ustun, (uch kulrang ustunlar sohalari kabi) orqa miya markazida, kapalak shaklida va interneyronlar, harakatlantiruvchi neyronlar, neyrogliya hujayralari tanalari va miyelinlanmagan aksonlardan iborat. Oldingi va orqa kulrang ustun kulrang modda proyeksiyalari hisoblanadi va orqa miya shoxlari sifatida ma’shhur. Kulrang ustunlar va kulrang kommissura birgalikda "kulrang H"ni hosil qiladi.

Oq modda kulrang moddadan tashqari tomonda joylashgan va deyarli to‘liq harakatlantiruvchi va sezuvchi miyelinlangan aksonlardan iborat. Oq modda "ustunlari" orqa miya bo‘ylab pastga yoki yuqoriga informatsiya tashiydi.

Orqa miya aslida conus medullaris deb ataluvchi sohada tugaydi, lekin yumshoq parda filum terminale deb ataluvchi kengayma sifatida davom etadi, natijada orqa miya dum (lot. coccyx)gacha boradi. Cauda equina ("ot dumi") conus medullarisdan pastga, umurtqa pog‘onasi bo‘ylab dumgacha tushuvchi nervlar to‘plami. Cauda equina hosil bo‘lishiga sabab orqa miya tahminan to‘rt yoshda o‘sishdan to‘xtaydi, umurtqa pog‘onasi bo‘lsa voyaga yetgungacha uzayishda davom etadi. Bu dumg‘aza spinal nervlarini yuqorigi bel sohasida paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Markaziy nerv sitemasi (MNS)da nerv hujayra tanalari yadrolar deb ataluvchi funksional klasterlar holatida bo‘ladi. MNSdagi aksonlar traktlarga guruhlanadi.

Odam orqa miyasida 31 ta segment mavjud:

  • 8 bo‘yin segmentlari 8 juft bo‘yin nervlarini hosil qiladi (C1 spinal nervlar katta teshik va C1 umurtqa orasidan chiqadi; C2 nervlar C1 umurtqa orqa ravog‘i va C2 ning laminasi orasidan chiqadi; C3–C8 spinal nervlar umurtqalararo teshikdan, tegishli umurtqaning yuqorisidan chiqadi, C8 juftidan tashqari, u C7 va T1 umurtqalar orasidan chiqadi)
  • 12 ko‘krak segmentlari 12 juft ko‘krak nervlarini hosil qiladi
  • 5 bel segmentlari 5 juft bel nervlarini hosil qiladi
  • 5 dumg‘aza segmentlari 5 juft dumg‘aza nervlarini hosil qiladi
  • 1 dum segmenti
Ba’zi turlardagi orqa miya segmentlari [5]
Turlar Bo‘yin Ko‘krak Bel Dumg‘aza Dum Umumiy
It 8 13 7 3 5 36
Mushuk 8 13 7 3 5 36
Sigir 8 13 6 5 5 37
Ot 8 18 6 5 5 42
Cho‘chqa 8 15/14 6/7 4 5 38
Odam 8 12 5 5 1 31
Sichqon[6] 8 13 6 4 3 35

Homilada umurtqa segmentlari orqa miya segmentlari bilan mos keladi. Ammo, umurtqa pog‘onasi orqa miyaga nisbatan uzunroq o‘sgani sababli, voyaga yetganlarda orqa miya segmentlari umurtqa segmentlariga to‘g‘ri kelmaydi, xususan pastki orqa miyada. Masalan, bel va dumg‘aza orqa miya segmentlari T9 va L2 umurtqalari sohasida joylashgan va orqa miya tahminan L1/L2 umurtqa sohasida conus medullaris deb ataluvchi tuzilmani hosil qilib tugaydi.

Garchi orqa miya hujayra tanalari tahminan L1/L2 umurtqa sohasida tugasada, har bir segmentning orqa miya nervlari mos umurtqa sohasidan chiqadi. Pastki orqa miya uchun bu shuni anglatadiki, ular o‘z ildizlaridan birmuncha pastroqda umurtqa pog‘onasidan chiqadi. Bu nervlar ildizlaridan chiqish nuqtalarigacha borar ekan, pastki segmentlar ot dumi deb ataluvchi tutamni hosil qiladi.

Orqa miyada ikkita kengayma mavjud:

  • Bo‘yin kengaymasi – qo‘lni innervatsiya qiluvchi yelka chigali nervlariga to‘g‘ri keladi. U tahminan C4dan T1gacha bo‘Igan orqa miya segmentlarini o‘z ichiga oladi. Kengaymaning umurtqa pog‘onasidagi o‘rni ham deyarli bir xil (C4dan T1gacha).
  • Bel kengaymasi – oyoqlarni innervatsiya qiluvchi bel-dumg‘aza chigaliga to‘g‘ri keladi. U L2dan S3gacah orqa miya segmentlaridan iborat va T9dan T12gacha umurtqa sohalarida joylashadi.

Rivojlanishi[tahrir]

Besh haftalik embrion o‘rta kesimida orqa miya ko‘ringan
3 oylik homila o‘rta kesimida orqa miya ko‘ringan

Orqa miya rivojlanish davomida nerv naychasining bir qismidan hosil bo‘ladi. Orqa miya nerv naychasidan ajralishining to‘rt bosqichi mavjud: nerv plastinkasi, nerv chuqurchasi, nerv naychasi va orqa miya. Neyral differensiatsiya naychaning orqa miya qismida kechadi.[7] Nerv naychasi rivojlanishni boshlar ekan, notoxord Sonic hedgehog yoki SHHH deb ataluvchi faktorni sekret qilishni boshlaydi. Natijada, pol plastinkasi ham SHH sekretsiyasini boshlaydi va bu bazal plastinkaning harakatlantiruvchi neyronlarga rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Nerv naychasi yetilishi davomida, uning lateral devorlari qalinlashadi va chegaralovchi egat deb ataluvchi bo‘ylama egatni hosil qiladi. Bu oldingi va orqa tomonlarda uzunligini kengaytiradi.[8] Shu orada, ustki ektoderma suyak morfogenetik oqsili (SMO)ni sekretsiya qiladi. Bu tom plastinkadan SMO sekretsiyasi boshlanishiga sabab bo‘ladi, u bo‘lsa qanotsimon plastinkaning sezuvchi neyronlarga rivojlanishiga sabab bo‘adi. SMO va SHH kabi morfogenlarning qarama-qarshi gradiyentlari dorsal ventral o‘q bo‘ylab bo‘linayotgan hujayralarning turli domenlarini hosil qiladi.[9] Orqa ildiz gangliy neyronlari neyral toj progenitorlaridan differensiatsiya bo‘ladi. Orqa va oldingi ustun hujayralari proliferatsiya bo‘lar ekan, nerv naychasi bo‘shlig‘I torayadi va orqa miyaning kichik markaziy kanalini hosil qiladi.[10] Qanotsimon plastinka va bazal plastinka chegaralovchi egat orqali ajralgan. Qo‘shimchasiga, pol plastinka netrinlarni ham ajratadi. Netrinlar qanotsimon plastinkadagi og‘riq va harorat sezuvchi neyronlarning oldingi oq kommissura bo‘ylab kesishtiruvchi xemoatraktantlar sifatida ta’sir qiladi, bu yerdan ular keyin thalamusga qarab ko‘tariladi. Kaudal neyroporalarning yopilishi va xoroid chigal to‘qimasini saqlovchi miya qorinchalari shakllanishidan keyin kaudal orqa miyaning markaziy kanali miya suyuqligi bilan to‘ladi.

Viktor Hamburger va Rita Levi-Montalcinining jo‘ja embrionlari ustidagi ilk topilmalari ancha keyingi izlanishlarda o‘z tasdig‘ini topdi, bu neyronal hujayralarning programmalashtirilgan hujayra o‘limi yordamida olib tashlanishi nerv sistemasining to‘g‘ri rivojlanishida ahamiyatga ega.[11]

Umuman olganda, spontan embryonal faollik neyron va muskul rivojlanishida rol o‘ynaydi, lekin spinal neyronlar o‘rtasida bog‘lanishlarning ichki hosil bo‘lishida ishtirok etmaydi.

Qon bilan ta’minlanishi[tahrir]

Orqa miya uzunligi bo‘yicha davom etuvchi, miyadan chiqadigan uch arteriya va umurtqa pog‘onasi yon tomonlaridan kiruvchi ko‘plab arteriyalar yordamida qon bilan ta’minlanadi. Uch bo‘ylama arteriyalar: oldingi spinal arteriya, va o‘ng va chap orqa spinal arteriyalar.[12] Ular subaraxnoid bo‘shliqda joylashadi va orqa miya tarmoqlar beradi. Ular oldingi va orqa segmental medullyar arteriyalar orqali anastomozlar hosil qiladi, ular orqa miya bo‘ylab turli nuqtalardan kiradi.[12] Bu arteriyalar orqali oquvchi qon, orqa serebral sirkulyatsiyadan chiqadi, aslida, orqa miyaning bo‘yin segmentlaridan pastini ta’minlash uchun yetarli emas.

Orqa miyaning bo‘yin sohasidan pastni asosiy arterial qon bilan ta’minlash radial joylashgan orqa va oldingi radikulyar arteriyalar orqali amalga oshiriladi, ular oldingi va orqa nerv ildizlari bilan birga orqa miyaga kiradi, lekin uchta bo‘ylama arteriyalarning birontasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri birikmaydi.[12] Bu qovurg‘alararo va bel radikulyar arteriyalar aortadan chiqadi, asosiy anastomozlarni hosil qiladi va orqa miyani qon bilan ta’minlaydi. Odamlarda oldingi radikulyar arteriyalarning eng yirigi Adamkiewicz arteriyasi yoki oldingi radikulyaris magna deb ataladi va odatda L1 va L2 orasidan chiqadi, ammo T9 dan L5gacha bo‘lgan istalgan joydan chiqishi mumkin.[13] Ushbu kritik radikulyar arteriyalarda qon oqimi buzilishi, xususan aortada keskin qon oqimi buzilishi bilan kechuvchi xirurgik amaliyotlarda, masalan aorta anevrizmasini to‘g‘irlash natijasida, orqa miya infarkti va paraplegiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Funksiyasi[tahrir]

Somatosensor tuzilishi[tahrir]

Orqa miya traktlari.


Orqa ustun-medial lemnisk traktida, birlamchi neyronning aksoni orqa miyaga kiradi va keyin orqa ustunga kiradi. Agarda birlamchi akson T6 sohasidan pastdan kirsa, nozik tutamda, ustunning medial qismida joylashadi. Agarda akson T6dan yuqoridan kirsa, unda ponasimon tutamda, nozik tutamlardan lateral tomonda joylashadi. Ikkala yo‘l bilan ham, birlamchi akson uzunchoq miyaning pastki qismiga ko‘tariladi, bu yerda tutamni tark etadi va orqa ustun yadrolaridan biridagi ikkilamchi neyron bilan sinaps hosil qiladi: nozik yadro yoki ponasimon yadroda, qaysi yo‘ldan kelganligiga qarab. Shu nuqtada, ikkilamchi akson yadrodan chiqadi va oldingi va medial tomonga o‘tadi. Buni qiluvchi ikkilamchi aksonlar to‘plami ichki arkasimon tolalar deb ataladi. Ichki arkasimon tolalar kesishadi va kontralateral medial lemnisk sifatida davom etadi. Medial lemniskdan ikkilamchi aksonlar nihoyat talamusning ventral orqa lateral yadrosida (VOLY) tugaydi, shu yerda uchlamchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi. Shu yerdan, uchlamchi neyronlar ichki kapsulaning orqa limbi orqali ko‘tariladi va birlamchi sezuvchi po‘stloqda tugaydi.

Oyoqlarning propriosepsiyasi qo‘llar va tananing yuqori qisminikidan farq qiladi. Oyoq propriosepsiyasi uchun to‘rt-neyronlik yo‘l bor. Bu yo‘l tabiiy orqa spino-serebellar trakt bilan ketadi. U quyidagicha tartiblangan: oyoqlardagi proprioseptiv retseptorlar → periferik jarayon → orqa ildiz gangliysi → markaziy jarayon → Clarke ustuni → 2-tartibdagi neyron → Uzunchoq miya [[Dum yadrosi) → 3-tartibdagi neyron → talamusning VOLYlari → 4-tartibli neyron → ichki kapsulaning orqa limbi → nursimon toj → Bosh miyaning sezuvchi sohasi.

Oldingi lateral Sistema qandaydir boshqacha ishlaydi. Uning birlamchi neyronlarining aksonlari orqa miyaga kiradi va 1-2 qavat ko‘tarilib, keyin jelatinli substansiyada sinaps hosil qiladi. Sinaps qilishdan oldingi ko‘tariluvchi trakt Lissauer trakti nomi bilan ma’lum. Sinapsdan keyin, ikkilamchi akson kesishadi va orqa miyaning oldingi lateral qismida spinotalamik trakt sifatida ko‘tariladi. Bu trakt butun yo‘l bilan VOLYga ko‘tariladi. Uchlamchi neyron aksonlari keyin birlamchi sezuvchi po‘stloqqa ichki kapsulaning orqa limbi orqali boradi.

Oldingi lateral sistemaning ba’zi "og‘riq tolalari" VOLYga borish yo‘idan og‘adi. Shunday og‘ishlardan birida, aksonlar o‘rta miyadagi retikulyar formatsiyaga yo‘naladi. Retikulyar formatsiya keyin ko‘plab joylarga, gippokamp (og‘riq haqida xotirlar hosil qilish uchun), sentromedial yadro (diffuz, nomaxsus og‘riq hosil qilish uchun) va po‘stloqning turli qismlariga yo‘naltiradi. Qo‘shimchasiga, ba’zi oldingi lateral sistema aksonlari ko‘prikdagi periakveduktal kulrangga boradi va periakveduktal kulrangda hosil bo‘lgan aksonlar keyin katta chok yadrosi (lot. nucleus raphes magnus)ga boradi, u pastga og‘riq signali kelayotgan joyga yo‘naladi va uni ingibirlaydi. Bu og‘riq tuyg‘usini ma’lum darajada boshqarishga yordam beradi.

Harakatlantiruvchi tuzilishi[tahrir]

Andoza:Umurtqa pog‘onasi Kortikospinal trakt bosh miya yarimsharlaridan keluvchi yuqori harakatlantiruvchi neyronal signallar va miya ustunining ibtidoiy harakatlantiruvchi yadrolari signallari uchun yo‘l vazifasini bajaradi.

Po‘stloq yuqori harakatlantiruvchi neyronlari 1, 2, 3, 4 va 6 inchi Brodmann sohalaridan chiqadi va miya oyoqlari orqali, ichki kapsulaning orqa limbiga tushadi, ko‘prik orqali pastga va uzunchoq miya piramidalariga tushadi vas hu yerda tahminan 90% aksonlar piramida kesishmasida qarama-qarshi tomonga kesishadi. Ular keyin lateral kortikospinal trakt sifatida tushadi. Bu aksonlar orqa miyaning hamma darajalarida ventral shoxlardagi pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi. Qolgan 10% aksonlar o‘z tomonida ventral kortikospinal trakt sifatida tushadi. Bu aksonlar ham ventral shoxlardagi pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi.Ularning ko‘pchiligi, shundoqqina sinaps qilishdan oldin orqa miyaning qarama-qarshi tomoniga o‘tadi (oldingi oq kommissura orqali).

O‘rta miya yadrolari to‘rt harakatlantiruvchi traktlarni o‘z ichiga oladi, yuqori harakatlantiruvchi neyronal aksonlarni orqa miyadagi oastki harakatlantiruvchi neyronlarga o‘tkazadi. Bular rubrospinal trakt, vestibulospinal trakt, tektospinal trakt va retikulospinal trakt. The rubrospinal trakt lateral kortikospinal trakt bilan tushadi va qolgan uchtasi oldingi kortikospinal trakt bilan tushadi.

Pastki harakatlantiruvchi neyronlarning funksiyasi ikki turli guruhga bo‘linishi mumkin: lateral kortikospinal trakt va oldingi kortikal spinal trakt. Lateral trakt orqa lateral pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiluvchi yuqorigi harakatlantiruvchi neyronal aksonlardan tuzilgan. Orqa lateral neyronlar oyoqni boshqarishda ishtirok etadi. Shuning uchun bu orqa lateral neyronlar faqatgina orqa miyaning bo‘yin va bel-dumg‘aza kengaymalarida topilgan. Lateral kortikospinal trakt uzunchoq miya piramidasidagi kesishuvdan keyin boshqa kesishmaydi.

Oldingi kortikospinal trakt oldingi ustunda ipsilateral pastga tushadi, undan aksonlar chiqadi va oldingi shoxdagi pastki oldingi medial neyronlar bilan ipsilateral sinaps hosil qiladi yoki oldingi oq kommissuradada kesishib, pastki oldingi medial neyronlar bilan kontralateral sinaps hosil qiladi. Tektospinal, vestibulospinal va retikulospinal oldingi ustundan ipsilateral tushadi, lekin oldingi oq kommissura bo‘ylab sinaps hosil qilmaydi. Ko‘pincha, ular faqat oldingi medial pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi. Oldingi medial pastki harakatlantiruvchi neyronlar aksial skeletning yirik, postural muskullarini boshqaradi. Bu pastki harakatlantiruvchi neyronlar, orqa laterallardan farqli ravishda, butun orqa miya bo‘ylab oldingi shoxda joylashgan.

Spinoserebellar traktlar[tahrir]

Tanadagi proprioseptiv informatsiya orqa miyadan uchta trakt orqali ko‘tariladi. L2 dan oastda, proprioseptiv informatsiya orqa miyadan oldingi spinoserebellar trakt orqali ko‘tariladi. Oldingi spinoserebellar trakt nomi bilan ham ma’lum bo‘lib, sezuvchi retseptorlar informatsiyani qabul qiladi va orqa miyaga boradi. Bu birlamchi neyronlarning hujayra tanalari orqa ildiz gangliyasida joylashgan. Orqa miyada, aksonlar sinaps hosil qiladi va ikkilamchi neyron aksonlari kesishadi va yuqorigi michaya oyoqchasiga ko‘tarilib, yana kesishadi. Bu yerda, informatsiya miyachaning chuqur yadrolariga, cho‘qqi yadrosi va aralashgan yadroga, boradi.

L2 dan T1 gacha bo‘lgan sohalardan, proprioseptiv informatsiya orqa miyaga kiradi va ipsilateral ko‘tarilib, Klark yadrosida sinaps hosil qiladi. Ikkilamchi neyron aksonlari ipsilateral ko‘tarilishda davom etadi va miyachaga pastki miyacha oyoqchasi orqali kiradi. Bu trakt orqa spinoserebellar trak nomi bilan ma’lum.

T1 dan yuqoridan, proprioseptiv birlamchi aksonlar orqa miyaga kiradi va qo‘shimcha ponasimon yadrogacha ipsilateral ko‘tariladi vas hu yerda sinaps hosil qiladi. Ikkilamchi aksonlar miyachaga pastki miyacha oyoqchalari orqali kiradi va yana miyacha chuqur yadrolarida sinaps hosil qiladi. Bu trakt kuneoserebellar trakt nomi bilan ma’lum.

Harakatlantiruvchi informtsiya miyadan orqa miya pastiga tushuvchi orqa miya traktlari orqali boradi. Tushuvchi traktlar ikkita neyronni o‘z ichiga oladi: yuqorigi harakatlantiruvchi neyron va pastki harakatlantiruvchi neyron.[14] Nerv signali orqa miyadagi pastki harakatlantiruvchi neyron bilan sinaps qilguncha yuqorigi harakatlantiruvchi neyronda yuradi. Keyin, pastki harakatlantiruvchi neyron nerv signalini orqa miya ildizig o‘tkazadi, unda efferent nerv tolalari harakatlantiruvchi signalni nishon muskul tomonga tashiydi. Tushuvchi traktlar oq moddadan tuzilgan. Turli funksiyalarni bajaruvchi bir qancha tushuvchi traktlar mavjud. Kortikospinal traktlar (lateral va oldingi) koordinatsiyalangan oyo-qo‘l harakatiga javobgar.[14]

Klinik ahamiyati[tahrir]

Diastematomiyeliya tug‘ma buzilish bo‘lib, orqa miya odatda yuqori bel umurtqalari sohasida bo‘laklangan bo‘ladi. Ba’zida bo‘laklanish butun orqa miya bo‘ylab bo‘lishi mumkin.

Jarohat[tahrir]

Andoza:Asosiy maqola

Orqa miya jarohatlari umurtqa pog‘onasining travmasi (cho‘zilish, ko‘karish, bosilish, bo‘linish, kesilish va boshqalar) natijasida kelib chiqishi mumkin. Umurtqa suyaklari yoki umurtqalararo disklar sinishi mumkin, natijada suyakning o‘tkir fragmenti orqa miyaga sanchilib qolishi mumkin. Odatda, orqa miya jarohatlari qurbonlari tananing ma’lum qismlarida sezgining yo‘qolishidan azoblanadi. Yengil holatlarda, qurbon faqatgina qo‘l yoki oyoq funksiyasi yo‘qolishidan qiynalishadi. Nisbatan og‘ir jarohatlar paraplegiya, tetraplegiya]] (kvadriplegiya nomi bilan ham ma’lum) yoki butun tana falajligiga sabab bo‘lishi mumkin, orqa miya jarohatidan pastki tomonda.

Orqa miyadagi yuqorigi harakatlantiruvchi neyron aksonlari jarohati xarakterli xususiyatli ipsilateral yetishmovchilikka sabab bo‘ladi. Bular giperrefleksiya, gipertoniya va muskul kuchsizligini o‘z ichiga oladi. Pastki harakatlantiruvchi neyron jarohati o‘zining xarakterli xususiyatli yetishmovchiliklarga sabab bo‘ladi. To‘liq yetishmovchilik tomoni o‘rniga, jaroatdan zararlangan miotomga bog‘liq bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, pastki harakatlantiruvchi neyronlar muskullar kuchsizligi, gipotoniya, giporefleksiya va muskul atrofiyasi bilan tavsiflanadi.

Spinal shok va neyrogen shok orqa miya jarohati natijasida yuzaga kelishi mumkin. Spinal shok odatda qisqa, bor-yo‘g‘I 24-48 soat davom etadi va sezuvchi va harakatlantiruvchi funksiyalarning vaqtinchalik yo‘qolishidir. Neyrogen shok haftalab davom etadi va jarohat sohasidan pastdagi muskullar ishlatilmasligi natijasida muskul tonusi yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Orqa miyaning eng ko‘p jarohatlanuvchi ikki sohasi bo‘yin umurtqalari (C1-C7) va bel umurtqalari (L1-L5) sohalaridir. (C1, C7, L1, L5 qilib belgilanishi umurtqaning joylashuviga bog‘liq, umurtqa pog‘onasining bo‘yin, ko‘krak yoki bel sohalari.). Orqa miya jarohatlari shuningdek notravmatik bo‘lishi va kasalliklar (ko‘ndalang miyelit, poliomiyelit, spina bifida, Fredrix ataksiyasi, orqa miya o‘smasi, spinal stenoz va boshqalar) oqibatida yuzaga kelishi mumkin.[15]

AQShda har yili 10 000–12 000 odam orqa miyaning turli jarohatlari natijasida falajlanib qoladi. [manba kerak]

Davolash[tahrir]

Real yoki shubxa qilingan orqa miya jarohatlari, shoshilinch immobilizatsiyani, bosh bilan qo‘shib, talab qiladi. Tibbiy vizualizatsiya jarohatni baholash uxhun zarur. Steroid, metilprednizolon, fizioterapiya va balki antioksidant sifatida ham foyda berishi mumkin. [manba kerak] Davolash jarohatdan keying hujayra o‘limini cheklash, hujayra regeneratsiyasini ta’minlash va yo‘qotilgan hujayralar o‘rnini to‘ldirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Regeneratsiya neyron elemenlaridan elektr berilishini saqlash orqali yengillashtiriladi.

Lyumbal punksiya[tahrir]

Orqa miya L1-L2 umurtqalari sohasida tugaydi, lekin subaraxnoid bo‘shliqmiya suyuqligini saqlovchi qism – S2 ning pastki chetigacha tushadi.[15] Kattalardagi lyumbal punksiya odatda, orqa miyaga jarohat yetkazishdan saqlanish maqsadida L3-L5 oralig‘ida (ot dumi sohasi) amalga oshiriladi.[15] Homilada, orqa miya umurtqa pog‘onasining to‘liq uzunligi bo‘ylab joylashadi va tana o‘sishi bilan regressga uchraydi.

O‘smalar[tahrir]

Orqa miya o‘smalari orqa miyada kuzatiladi va bu qattiq pardadan ichki (intradural) yoki tashqi (ekstradural) bo‘lishi mumkin.

Qo‘shimcha rasmlar[tahrir]

Foydalanilgan adabiyotlar[tahrir]

  1. (1993) Human biology and health, 1st, Englewood Cliffs, N.J.: Prentice Hall, 132–144. ISBN 978-0-13-981176-0. 
  2. Guertin, PA (2012). "Central pattern generator for locomotion: anatomical, physiological, and pathophysiological considerations.". Frontiers in Neurology 3: 183. doi:10.3389/fneur.2012.00183. PMID 23403923. PMC 3567435. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=3567435. 
  3. Myers, Gary (2009-12-25). Exploring Psychology. Worth Publishers, 41. ISBN 978-1429216357. 
  4. (2013) Fundamental neuroscience, 4th, Amsterdam: Elsevier/Academic Press, 628. ISBN 978-0-12-385-870-2. 
  5. Spinal Cord Gross Anatomy. December 27, 2015.
  6. Harrison, Megan; O'Brien, Aine; Adams, Lucy; Cowin, Gary; Ruitenberg, Marc J.; Sengul, Gulgun; Watson, Charles (March 2013). "Vertebral landmarks for the identification of spinal cord segments in the mouse". NeuroImage 68: 22–29. doi:10.1016/j.neuroimage.2012.11.048. ISSN 1053-8119. PMID 23246856. 
  7. Spinal Cord – Development and Stem Cells. Life Map Discovery Compendium. 12 Dec 2015.
  8. Spinal Cord-Development and Stem Cells. Stem Cell Development Compendium. 2 Dec 2015.
  9. Than-Trong, Emmanuel; Bally-Cuif, Laure (2015-08-01). "Radial glia and neural progenitors in the adult zebrafish central nervous system". Glia 63 (8): 1406–1428. doi:10.1002/glia.22856. ISSN 1098-1136. PMID 25976648. 
  10. Anatomy & Physiology The Unity of Form and Function. Mc Graw Hill. 
  11. Cowan, WM (2001). "Viktor Hamburger and Rita Levi-Montalcini: the path to the discovery of nerve growth factor.". Annual Review of Neuroscience 24: 551–600. doi:10.1146/annurev.neuro.24.1.551. PMID 11283321. https://semanticscholar.org/paper/2c96e7e2b57ad0e78c003dc4458a49c4a08fcd6a. 
  12. 12,0 12,1 12,2 Moore, Keith (2007). Essential Clinical Anatomy, Third Edition. Lippincott Williams & Wilkins, 298. ISBN 978-0-7817-6274-8. 
  13. Biglioli, Paolo (April 2004). "Upper and lower spinal cord blood supply: the continuity of the anterior spinal artery and the relevance of the lumbar arteries". Journal of Thoracic and Cardiovascular Surgery 127 (4): 1188–1192. doi:10.1016/j.jtcvs.2003.11.038. PMID 15052221. https://air.unimi.it/bitstream/2434/143447/2/2004%20JTCVS%20midollo.pdf. 
  14. 14,0 14,1 Saladin. Anatomy and Physiology, 5th Ed.
  15. 15,0 15,1 15,2 (10 January 2014) First Aid for the USMLE Step 1 2014 / Edition 24. McGraw-Hill Professional Publishing. ISBN 9780071831420. 

Tashqi havolalar[tahrir]