Meningokokk infeksiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Meningokokk infeksiyasi -meningokokklar qoʻzgʻatadigan oʻtkir infeksion kasallik. Meningokokk infeksiyasining manbai bemor, asosan, bakteriya tashuvchilar; ulardan mikrob atrofdagilarga havotomchi yoʻli orqali tarqaladi. Qish va bahorda koʻproq uchraydi (mavsumiy koʻtarilish). Meningokokk infeksiyasi burun va halqum shilliq pardasining yalligʻlanib zararlanishi (nazofaringit), bosh miya yum-shoq pardasining yiringli yalligʻlanishi (yiringli meningit) yoki miya moddasining miya pardasi bilan birgalikda yalligʻlanishi (meningoensefalit) yoki meningokokklar qonga tushganda roʻy beradigan meningokokksemiya sifatida oʻtishi mumkin. Aksari ayni bir bemorda kasallikning sanab oʻtilgan barcha shakllari avj oladi. Koʻpincha kasallik alomatlari boʻlmagani holda meningokokklarni tashuvchanlik kuzatiladi, bu, ayniqsa, xavfli. Tumov, yoʻtal, aksirish bilan oʻtadigan yalligʻlanish belgilari boʻlgan (nazofaringit) bemor, kasallik qoʻzgʻa-tuvchisining tez tarqalishiga sabab boʻladi.

Nazofaringitda tomoq ogʻriydi va achishadi, quruq yoʻtal tutadi, burun bitadi, burundan shilimshiq-yiringli, baʼzan, qon aralash suyuklik keladi. Bosh aylanishi, ogʻrishi, harorat koʻtarilishi, burun qonashi mumkin.

Meningokokksemiya isitma bilan boshlanadi, badanga kattakatta toshmalar toshadi. Baʼzan nuqtasimon yoki yaxlit qon quyilishi mumkin. Bu juda ogʻir kechadi, yurak faoliyati buziladi, ichki aʼzolarga qon quyiladi. Vaqtida davo qilinmasa oʻlim roʻy beradi.

Meningit ham, odatda, toʻsatdan boshlanadi. Meningokokk infeksiyasiga shubha qilinganda tomoq va burundan surtma hamda orqa miya suyukligi olib tekshiriladi. Meningokokk tashuvchilik va meningokokk nazofaringiti kasallikning mahalliy turiga kiradi. Meningokokksemiya va meningokokk meningita tarqoq turlar hisoblanadi.

Bemor kasalxonada davolanadi. Davo nechogli erta boshlansa, natija shunchalik yaxshi boʻladi. Profilaktika maqsadida meningokokk vaksinasi qoʻllanadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil