Qusish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qusish, qayt qilish — meʼda, diafragma, qorin devori va boshqa musqullarning spazmatik qisqarishi natijasida meʼda ichidagi narsalarning gʻayriixtiyoriy ravishda ogʻizdan tashqariga chiqarilishi. Meʼda va ichki aʼzolar, markaziy hamda periferik nerv sistemasining taʼsirlanishi (mas, zaharlanganda) yoki kasalligi oqibatida roʻy beradi. Q. meʼda shilliq qavatining taʼsirlanishiga nisbatan organizmning himoya — moslanish reaksiyasi boʻlib, koʻpincha yutib yuborilgan yot jismlar, sifatsiz ovqat va turli zaharli moddalar taʼsirida sodir boʻladi. Q. tufayli organizm zararli, baʼzan hatto hayot uchun xavfli moddalardan xalos boʻladi. Meʼdaning baʼzi kasalliklari (mas, yara kasalligi, gastrit)da Q.dan oldin koʻngil ayniydi, odatda Q.dan soʻng bemor oʻzini yengil his qiladi. Q. yurak, oʻt pufagi, appendiks (chuvalchangsimon oʻsimta), buyrak va boshqa aʼzolar funksiyasi izdan chiqqanda meʼdaga reflektor taʼsir etishi natijasida ham paydo boʻlishi mumkin. Q. bosh miya va uning pardalari kasalliklari (meningoensefalit, bosh miya oʻsmalari va shikastlanishlari), miyada qon aylanishining buzilishi belgisi boʻlishi, shuningdek, emotsi-onal buzilishlar tufayli (mas, baʼzi bir noxush taomlar, qon, qusuq massalari va h.k.ni koʻrganda) yuzaga kelishi ham mumkin. Homiladorlarning qusishi koʻpincha homiladorlik toksikozlarining alomati boʻladi.

Q. vaqtida, ayniqsa, ogʻir va hush-siz yotgan bemorlarga koʻz-quloq boʻlib turish kerak, chunki bunday hollarda qusuq nafas yoʻllariga tushib, bemor boʻgʻilib qolishi, oʻpkasi yalligʻlanishi mumkin. Qayt qilayotgan bemorni oʻtqazib qoʻyish yoki boshini pastga qilib, yonboshi bilan yotqizish lozim. Agar bemor yotgan boʻlsa, uning boshini yon tomonga qaratib, qusib boʻlguncha shu holatda ushlab turish kerak, qusib boʻlgach esa uning ogʻzini chaydirish, madorsiz bemorlar ogʻzini hoʻl tampon bilan tozalab olish lozim. Qusuq tarkibida qon boʻlsa darhol vrach chaqirish zarur. Q. isteʼmol qilingan oziq-ovqat yoki dori vositalariga aloqador boʻlsa, ularni qoʻllamaslik kerak. Agar Q. sababsiz roʻy bersa, vrachga murojaat qilib, Q. da yuz bergan holatni taf-sillash hamda qusuq massasini vrachga koʻrsatish talab etiladi, chunki uning tashqi koʻrinishi, tarkibi va boshqa qusish sabablarini aniqlashga yordam beradi. Bolalarda Q. kattalarga nisbatan koʻproq kuzatiladi. Q.ning barcha hollarida tezlik bilan vrachga murojaat qilish kerak. Faqat tibbiy tekshirishlargina q. sabablarini aniqlash va uni oʻz vaqtida oldini olish hamda davolash imkonini beradi.