Kiston qora sulton

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kiston qora sulton, Kistin Qaro sulton (? — 1544.8.10, Balx) — shayboniylardan amalda mustaqil boʻlgan Balx xonligi asoschisi va birinchi xoni (1526—44). Shayboniy sultonlardan Jonibek sultonning oʻgʻli. Bobur huzurida uning elchisi (Xoja Kamoliddin qoʻnoq) boʻlgan. Ubaydullaxonning Xurosonga qilgan yurishlarida (1528,1531) qatnashgan. Balxga tajovoʻz qilgan boburiylardan Humoyun (Kobul hokimi) va temuriylardan Badaxshon hokimi Sulaymonshoh bilan (1536) koʻrash olib borgan. 1537—38 yillardan boshlab Balx bilan Eron oʻrtasida nisbatan tinch munosabatlar oʻrnatilgan. K.Q-S davrida Balxda koʻplab masjid, Madrasa, shifoxona va boshqa binolar qurilgan. Xususan, Hinduvon (qalʼa)da yangi qalʼa, shahardagi xon xiyobonida sulton hammomi va maydoni 100x100 gaz ga teng saroy qurilgan. Sulton hammomini qurish 4 yilga yaqin (1528—31) davom etib, oʻz davrining ulkan inshooti boʻlgan. Manbalar Mirzo Boyqaro chorbogʻida qurilgan chortoqni (1539) ham K.Kiston qora sulton nomi bilan bogʻlaydilar. Uning saroyida Podshohxoja, Baqoiy, Shaydo, Oshiq, Abdiy, Xovariy kabi forsigoʻy va turkigoʻy shoirlar yashab ijod qilganlar. Ubaydullaxon vafotidan soʻng , K.Q-S- Buxoroga borib, 1541 yil iyulida Moʻgʻulcha xonimga (asli Oysha sultonbegim — Boburning togʻasi Toshkent hokimi Mahmudxonning qizi, dastlab Shayboniyxon va u Marvda halok boʻlgach, Ubaydullaxon xotinlikka olgan) uylanib qaytadi. Tarixchi Said Roqimning xabaricha, K. Q S- umrining soʻnggi yillarida savdoyi kasaliga yoʻliqqan boʻlib, koʻpgina nojoʻya ishlarni qilgan. Bu aholi va qoʻshin oʻrtasida gʻalayon koʻtarilishiga olib kelgan.

Manba: H o f i z Tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1,2-j.lar, T., 1999, 2000.

Adabiyot[tahrir]

  • Axmedov B.A., Istoriya Balxa, T., 1982.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil