Kontent qismiga oʻtish

Jalolobod (viloyat)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Jalolobod viloyatidan yoʻnaltirildi)
Jalolobod viloyati
Жалал-Абад областы
Jalolobod viloyati Qirgʻiziston xaritasida
Maʻmuriy markazi Jalolobod
Maydoni 33 700 km²
Aholisi

- Barchasi
- Zichligi


1 036 700 (2011)
30,76/km²

Davlat tili Qirgʻiz tili, Rus tili
Gubernator Jusupjan Jeenbekov (2014)
ISO 3166-2 KG-J
Soat mintaqai UTC +6
Avtomobil kodi D

Jalolobod viloyati - Qirgʻiziston Respublikasi tarkibidagi viloyat. Mamlakatning janubiy qismida joylashgan. 1930 yil 21-noyabrda tashkil etilgan (1958—89 yillarda Oʻsh viloyati tarkibida, 1990 yildan alohida viloyat). Shimoliy va shimoli-gʻarbdan Qirgʻizistonning Talas va Chuy viloyati, sharq va shim.-sharqdan Norin, janubi-sharqdan Oʻsh viloyati, jan va janubi-gʻarbdan Oʻzbekiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 33,7 ming km². Viloyat tarkibida 8 tuman, 5 shahar va 8 shaharcha bor. Maʼmuriy markazi — Jalolobod shahri[1]. Aholisi 1 036 700 kishi (respublika aholisining 20%). Aholi zichligi respublika oʻrtacha koʻrsatkichidan bir qadar yuqori boʻlib, 1 km² ga 26 kishi toʻgʻri keladi (2011).[2]

Arslonbob qishlogʻidagi sharshara

Viloyatning katta qismini Tyan-Shan togʻlarining janubi-gʻarbiy tarmoqlari egallagan. Shimoli-gʻarbida Piskom, Sandalash, Chatqol tizmalari, shimolida Talas Olatovi, Susamirtov, Moʻldatov va boshqa tog'lar mavjud, janubida keng togʻlararo tektonik botiqlar — Ketmontepa, Toʻgʻuztoro vodiysi joylashgan. Norin daryosidan gʻarbda — Otoynak tizmasi, sharqda Boboshota (bal. 4490 m gacha, viloyatning eng baland joyi), janubi-sharqda Olatov etaklarida.

Fargʻona tizmasi, janubi-gʻarbda bir muncha tekis va Qambar togʻ oldi tekisliklari bor. Dara vodiylaridagi tekisliklarda Jalolobod, Qoraungur, Nanay aholi punktlari joylashgan. Foydali qazilmalardan tosh-koʻmir, oltingugurt, neft, gaz, tosh tuzi va boshqalar uchraydi.

Chatqol daryosi

Eng yirik daryosi — Norin. Unga chapdan Qorasuv, oʻngdan Torkent, Uzunahmat, Qorasuv daryolari quyiladi. Sharqida Sirdaryo havzasiga mansub Qoradaryo (Koʻgart, Tentaksoy, Moylisuv irmoqlari bilan) oqadi. Daryolari gidroenergiya zaxirasiga boy (Norin daryosiga GES kaskadi qurilgan). Sugʻorishda keng foydalaniladi. Yirik koʻllari: Sarichelak, Koʻkola, Oykoʻl, Kutmankoʻl, Qorasuv va boshqalar, ular asosan muzlikning erishi, togʻ qulashi natijasida va tektonik yoʻl bilan hosil boʻlgan koʻllar. Togʻlarda 1200 m gacha sur tuproqli quruq dasht va efemerli chala choʻl landshafti; 1200 m dan 2000 m gacha boʻlgan togʻ yon bagʻirlari kashtan tuprogʻli togʻ dashtlaridan iborat. Chatqol, Fargʻona tizmalari yon bagʻirlari 1200–1300 m gacha balandlikda yongʻoqzor, mevazor oʻrmonlar va oʻsimlik turlariga boy togʻ dashtlari; 2000–3000 m da aralash va igna bargli oʻrmonlar, balandroq joylari subalp va alp oʻtloqlari, eng baland joylari qoyali choʻqqilar, qor va muzliklardan iborat. Hayvonot dunyosi turli tuman: togʻlarda togʻ echkilari, bugʻu, qobon, oq tirnoqli ayiq, qor qoploni, turli-tuman qush va sudraluvchilar uchraydi.

Iqlimi kontinental, iliq va quruq iqlim. Oʻrtacha harorat yanvarda —2°, iyulda 25—28°. Eng koʻp yogʻin Fargʻona tizmasining janubi-gʻarbiy yon bagʻirlariga tushadi. Quyi qismlarida 400–500 mm, 2500 m balandlikda — 1000 mm va undan koʻp, viloyatning oʻrta qismlarida 300–350 mm gacha yogʻadi.

Viloyat 1924-26 yillari okrug, 1926-28 yilda kanton boʻlgan, 1928 yili Oʻsh okrugi tarkibiga kirgan. 1939 yilning 21-noyabrida viloyat qatorida tashkil topgan. 1959 yilning 27-yanvarida Oʻsh viloyati tarkibiga qoʻshilgan. 1990 yilning 14-dekabrida qayta mushtaqil viloyat boʻlib tuzilgan.[3]

Jalolobod zilzilasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1959-yilning 28-mayda Farg’ona vodiysining sharqiy qismida Jalolobod shahri yonida sodir bo’lgan. Zilzila kuchi episentrda 7 ball, magnitudasi 5,3. Zilzila 18 km chuqurlikda joylashgan granit qatlamlar orasidagi yoriqlarning siljishi natijasida ro’y bergan. Zilzila oqibatida Jalolobod shahri va unga yaqin bo’lgan aholi yashaydigan yerlarda bir kancha imoratlar buzilgan. Zilzila kuchi O’zbekistonning Хonobod, Andijon, Uchqo’rg’on va Namangan shaharlarida 3—4 ball atrofida sezilgan.

Jalolobodliklar 2010-yilgi Navroʻz bayramida

Viloyat aholisi 1 036 700 nafar kishini (Qirgʻiziston aholisining 20,0%ni) tashkil qiladi. Uning 23,1%i (200,8 ming) nafari shaharlarda, qolgan 76,9%i (668,5 ming) nfari esa qishloqlarda istiqomat qilishadi. Aholining soni boʻyicha respublikada Oʻsh viloyatidan keyingi 2-chi oʻrinni egallaydi. Koʻp millatli viloyat hisoblanadi: asosan qirgʻizlar - (69,8%), bundan tashqari oʻzbeklar (24,4%), ruslar (2,1%), ukrainlar (0,3%), tojiklar (0,6%), tatarlar (0,8%), turklar (0,6%) va millatlar ham istiqomat qilishadilar. Aholi zichligi boshqa viloyatlarga qaraganda bir oz yuqoriroqda turadi: 1 km2 ga 26 kishiga toʻgʻri keladi.

Millatlar tarkibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Viloyat aholisining millatlar tarkibi:[4][5]
Aholi soni
1989-yil
%Aholi soni
в 1999-yil
%Aholi soni
2009-yil
%
barchasi743 279100,00 %869 259100,00 %1 009 889100,00 %
Qirgʻizlar452 86860,93 %607 03669,83 %725 32171,82 %
Oʻzbeklar175 70523,64 %212 03024,39 %250 74824,83 %
Ruslar54 0247,27 %17 9302,06 %9 1200,90 %
Turklar4 4130,59 %4 8420,56 %5 8420,58 %
Tojiklar4 5250,61 %5 2360,60 %5 6420,56 %
Tatarlar15 9362,14 %6 9330,80 %3 6940,37 %
Uygʻurlar3 3600,45 %3 7760,43 %3 2710,32 %
Kurdlar8 1731,10 %2 1580,25 %1 9020,19 %
Ozarbayjonlar5860,08 %2590,03 %9960,10 %
Ukrainlar9 5031,28 %2 4630,28 %7890,08 %
Qozoqlar1 5640,21 %1 1300,13 %6920,07 %
Xemshillar[6]3820,04 %3520,03 %
Koreyslar6720,09 %3770,04 %2370,02 %
Olmonlar4 4250,60 %6720,08 %2100,02 %
Boshqirdlar1 0550,14 %3920,05 %1640,02 %
Chechenlar2550,03 %1140,01 %890,01 %
Arablar650,01 %8610,10 %750,01 %
Gurjinlar2000,03 %1160,01 %510,01 %
Turkmanlar1370,02 %330,00 %460,00 %
Forslar430,01 %580,01 %460,00 %
Beloruslar6240,08 %1150,01 %450,00 %
Bulgʻorlar1260,02 %490,01 %440,00 %
Armanlar7300,10 %1090,01 %380,00 %
Dunganlar600,01 %240,00 %360,00 %
Qrim tatarlar2 2610,30 %180,00 %310,00 %
boshqalar1 9690,26 %21460,29 %4080,05 %

Jalolobod viloyatining hududiy bo’linishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jalolobod viloyati tarkibida 8 tuman, 7 shahar va 7 shahar tipidagi qishloq, 68 ovul okrugi va 420 aholi punktlari mavjud.[7]

Maʼmuriy markazi — Jalolobod shahri:

Aхsi tumani (markazi — Kerben)

Ola-Buqa tumani (markazi — Ola-Buqa)

Bozor-Qo’rg’on tumani (markazi — Bozorqoʻrgʻon)

Novken tumani(markazi — Mossi)

Suzoq tumani (Jalolobod viloyati) (markazi— Suzoq)

To’g’uz-To’ra tumani (markazi — Qazarman)

To’qto’g’ul tumani (markazi — To’qto’g’ul)

Chatqol tumani (markazi — Qanish-Qiya qishlogʻi)

Aholi punktlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Toshko'mir

Viloyatdagi asosiy aholi punktari:

Qizil-Jar qishlogʻidagi chorvachilik bozori

Xoʻjaligi. Mavjud sanoat korxonalari 1990-yillardagi iqtisodiy islohotlar natijasida xususiy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalariga, qishloq xoʻjaligida jamoa xoʻjaliklari dehqon, fermer, shuningdek, xususiy dehqon xoʻjaliklariga aylantirildi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: elektr energetika (sanoat ishlab chiqarishning 63,4%), rangli metallurgiya (10%), oziq-ovqat (5,2%) sanoati. Yoqilgʻi, rangli metallurgiya sanoati rivojlangan. Asosiy ishlab chiqarish mahsulotlari: elektr energiyasi (1999-yilda 11905,7 mln. kVt/soat), neft (76,9 ming t), elektr lampalari (156,7 mln. dona) va yarim oʻtkazuvchi materiallardan iborat. Jalolobod, Toshkoʻmirda 1996-yili neftni qayta ishlash zavodlari ishga tushirildi. Qurilish materiallari, kiyim-kechak, un, goʻsht, sut, ichimliklar, sabzavot konservalari, tamaki, poyabzal, mebel ishlab chiqariladi.

Umumiy yer maydoni 1922,1 ming ga, shundan qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar 154,2 ming ga boʻlib, mevali daraxtzor, pichanzor va yaylovdan iborat. Boshoqli donli ekinlar, don uchun makkajoʻxori, paxta (23271 ga), poliz ekinlari, kartoshka (4874 ga), moyli ekinlar (21708 ga), tamaki (4002 ga) ekiladi. 1999-yilga kelib kolxoz va sovxozlar oʻrnida yangi xoʻjaliklar (xususiy xoʻjalik, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi kooperativlari, jamoa xoʻjaligi, aksiyadorlik jamiyatlari) tashkil topdi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy va echki, yilqi, parranda boqiladi.

Bishkek—Oʻsh avtomobil yoʻli, Qorasuv — Jalolobod — Koʻkyongʻoq va Namangan — Uchqoʻrgʻon — Toshkoʻmir temir yoʻli oʻtgan. Havo transporti Jalolobod — Bishkek, Jalolobod — Qorakoʻl, Jalolobod — Choʻlponota yoʻnalishlarida qatnaydi.

Jalolobod viloyatida 3 oliy oʻquv yurti (universitet, tijorat instituti, Bishkek fizkultura instituti fakulteti), 3 oʻrta maxsus (tibbiyot, madaniy maorif va qishloq xoʻjaligi) oʻquv muassasasi bor. Teatr, filarmoniya, 117 madaniyat saroyi va klublari, 180 kutubxona mavjud. Viloyatda 303 davolashprofilaktika muassasasi, kasalxonalar va boshqalar (qishloq ambulatoriyalari, feldsher-akusherlik punktlari) bor. Ularda 1664 vrach, 7066 tibbiy xodim ishlaydi. Jalolobod shahri yaqinida mineral buloqlar asosida tashkil etilgan balneologik kurort joylashgan.[8]

  1. „Администрациялык-аймактык бөлүнүш“. 2014-yil 14-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 2-noyabr.
  2. Qirgʻiziston aholisi(rus.)
  3. Жалал-Абад энциклопедиясы: Бишкек-2003
  4. Перепись населения Киргизии 2009. Джалал-Абадская область (PDF), 2011-08-10da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2011-08-10
  5. Население Киргизии
  6. По переписи 1989 года хемшилы включались в состав армян
  7. „Жалал-Абад облусунун административдик–аймактык бөлүнүшү“. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 2-noyabr.
  8. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi – J harfi

Кыргыз Совет Энциклопедиясы