Fargʻona tizmasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Fargʻona tizmasi - Markaziy Tyanshanning gʻarbiy qismidagi (Qirgʻiziston) togʻ tizmasi. Fargʻona vodiysini Ichki Tyanshandan ajratib turadi. Shimoli-gʻarbda IsfanjoylovBoyboshota togʻ tugunidan boshlanib, Kichik Olay tizmasining sharqida Tuzbel dovonida (3934 m) tugaydi. Uz. 225 km, eng keng joyi 90 km dan ziyod. Balandligi 3000 m. Eng baland joyi 4692 m. Koʻndalang profili assimetrik: janubi-gʻarbiy yon bagʻri uzun va qiya, shimoli-sharqiy yon bagʻri kalta va tik. Gʻarbiy yon bafida Oʻzgan va Kuchari soyliklari, sharqiy yon bagʻrida Koʻkiyrim, Arpa soyliklari bor. Fargʻona tizmasidan Qoradaryo, Yassi, Kuchari, Qoraungur, Qoraqulja, Olabuqa va boshqa daryolar oqib tushadi. Tektonik jihatdan Fargʻona tizmasi gersin burmalanishi bosqichida shakllangan antiklinoriydir. Slanets, konglomerat, qumtosh, ohaktosh, metamorfik va choʻkindi hamda gabbro, diabaz kabi otqindi togʻ jinslaridan tashkil topgan. Janubi-gʻarbiy yon bagʻrining quyi qismlarida mezokaynozoy davri otqindi togʻ jinslari keng tarqalgan. Iqlimi shimoli-sharqiy qismida keskin kontinental, yogʻin miqdori kam, janubi-gʻarbiy yon bagʻrida esa moʻʼtadil, yogʻin miqdori moʻl (700–1000 mm). Fargʻona tizmasida, asosan, janubi-sharqiy qismida muzlik koʻp (soni 156 ta, maydoni 125 km²). Fargʻona tizmasida boʻz, dasht, jigarrang, togʻoʻrmon, qoʻngʻir, togʻoʻtloq, subalp va alp tuproqlar tarqalgan. Tizmaning janubiy yon bagʻrilarida mevali oʻrmonlar (yer yongʻoq, yovvoyi olma, nok, gʻaynoli, pista va boshqalar), igna bargli daraxtlar, archazorlar, butalardan zirk, naʼmatak, baland qismlarida subalp va alp oʻtloqlari mavjud. Yovvoyi hayvonlardan qizil boʻri, tulki, bars, togʻ echkisi va qoʻyi, turli qushlar, sudralib yuruvchilar uchraydi.

Fargʻona tizmasining janubi-gʻarbiy yon bagʻrida koʻmir, togʻ oldi qismida neftgaz konlari ochilgan.

Murod Mamatqulov.