Susamirtov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Susamirtov - Ichki Tyanshandagi togʻ tizmasi. Talas Olatovidan janubi-sharqda. S shimoli-gʻarbda Chichqan daryosi (Norinning oʻng irmogʻi)dan boshlanib, janubi-sharqda Kyokemeren daryosigacha 125 km ga choʻzilgan. Eng baland joyi 4048 m. Relyefi murakkab, koʻplab daryo vodiylari bilan parchalangan. Uning shimoliy yon bagʻri Susamir va Kyokemeren daryolarining oʻng irmoqlari (Jalpaqsu, Aramsu va boshqalar), janubiy yon bagʻri esa Norin va Kyokemeren daryolarining oʻng irmoklari (Qopchigʻay, BoorTyoke, Burliqiya va boshqalar) bilan kesilgan. Tizmaning suvayirgʻich qismi va yon bagʻirlaridagi vodiylarda qadimgi va hozirgi zamon muzliklari gʻarakati taʼsiri natijasida vujudga kelgan relyef shakllari (trog, karr, sirk, morena tepalari) keng tarqalgan. Daryolarning oʻrta va kuyi oqimlarida erozion relyef shakllari (daralar, terrasalar) vujudga kelgan. Tizma yon bagʻirlarida tekislangan yuzalar ("sandiqlar") saqlanib qolgan. Tizmadan Norin va Susamir vodiylarini bogʻlovchi bir qancha dovonlar (Muz—Tyor —3643 m; Chortosh — 3380 m; Oyolma, Susamir va boshqalar) bor. S. tarkibi granit, metamorfik slanetslardan iborat. Suvayirgʻich qismida muzliklar uchraydi. Togʻ yon bagʻirlaridan yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.