Piskom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Piskom
Tavsif
Uzunligi 70 km
Davlat Oʻzbekiston
Piskom


PiskomToshkent viloyatidagi daryo. Chirchiq daryosining oʻng bosh irmogʻi. Maydontol tizmasining shimoliy yon bagʻridan oqib tushadigan Maydontol va Piskom tizmasining shimoli-gʻarbiy yon bagʻridan oqib tushadigan Oygay-ing soylarining qoʻshilishidan hosil boʻlib, shimoli-sharqdan janubi-gʻarb tomon oqadi va Chorvoq soyligiga kelganda Chatqol daryosi bilan qoʻshilib, Chirchiq daryosini hosil qiladi. Uz. 70 km, havzasining maydoni 2840 km².

Piskom bosh qismida chuqur togʻ vodiysida toshlar orasidan, soʻngra terrasali keng vodiyda oqadi. Piksomning havzasi ancha baland (oʻrtacha balandligi 2645 m) boʻlib, unda umumiy maydoni 130 km²ga yaqin 140 dan ortiq kichik muzlik bor. Piskom qor-muzlik suvidan toʻyinadi. Oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi 82 m³/sek. Yillik oqimning 47% mart — iyun, 38% iyul— sentabr, qolgan 15% esa oktabr — fevral oylarida oqib oʻtadi. Suvi martdan kupaya boshlaydi, iyun—iyulda eng koʻp, yanvar—fevralda esa eng kam boʻladi. Eng koʻp suv sarfi 700 m³/sek. va undan ortiq, eng kam suv sarfi 10 m³/sek. gacha. Piskom ancha loyqa daryo (har 1 m³ suvida oʻrtacha hisobda 200 g loyqa boʻladi). Piskomga 40 dan ortiq soy va jilgʻalar kelib qoʻshiladi. Ulardan eng yiriklari: Ixnachsoy, Qoraqizsoy, Teparsoy, Aksarsoy va Novalisoy.[1]

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil