Insult

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Insult
MCA-Stroke-Brain-Human-2.JPG
Insultdan vafot etgan odam miyasining bir bo'lagi
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
Ixtisos nevrologiya, neurosurgery[*]
OMIM 601367
DiseasesDB 2247
MedlinePlus 000726
eMedicine neuro/9/{{{eMedicineTopic}}}
Patient UK Insult
MeSH D020521


Insult (lotincha: insulto — zarba, hujum qilmoq) — bosh miyada qon aylanishning toʻsatdan buzilib, miya toʻqimasining zararlanishi va funksiyasining izdan chiqishi; miyaga qon quyilishi. Gipertoniya kasalligi, miya tomirlari aterosklerozi, anevrizma, vaskulit va boshqa bir qancha kasalliklar insultga sabab boʻla oladi.

Gemorragik va ishemik insultlar farq qilinadi. Gemorragik insult yoki apopleksiyada miyaga qon quyiladi. Garchi insult koʻpchilik odamlarda toʻsatdan paydo boʻlsada, biroq kasallik nishonasi oldindan seziladi. Masalan, gipertoniya kasalligi va aterosklerozda miyaga toʻsatdan, koʻpincha kishi hayajonlanganda qon quyiladi. Baʼzan bosh gʻuvillaydi, ogʻriydi, aylanadi, boshda ogʻirlik seziladi. Qon quyilishi (gemorragiya) miya toʻqimasini yemirib, tegishli funksiyalarni buzadi; kishi hushdan ketib, qusadi, yuzi qizaradi, tez-tez chuqur, koʻpincha xirillab nafas oladi, pulsi tarang va siyraklashgan boʻladi, harorati koʻtariladi, siydik va najasi kelmay qoladi yoki beixtiyor chiqib ketadi. Hayot uchun xavfli bu holat 1—3 kun davom etib, keyin bemor hushiga keladi va miyaning biror sohasi zararlanganligini koʻrsatuvchi belgilar yuzaga chiqadi; koʻpincha gavdaning oʻng yoki chap qismi falaj boʻladi (gemiplegiya), bemor tildan qoladi yoki tuzuk gapira olmaydi. Bir necha oydan keyin falaj deyarli barham topishi, bemor yana tilga kirishi mumkin.

Oʻng yarimsharida ishemik insult boʻlgan miyaning KT tasviri.

Ishemik insult miya tomirlarining trombozi natijasida paydo boʻladi, bu miya toʻqimasining yumshashi — miya infarktiga sabab boʻladi. Bosh ogʻrishi, aylanishi kabi dastlabki belgilar paydo boʻlgandan keyin bemor hushdan ketmay, qoʻl yoki oyoq uvishadi, soʻngra parez yoki falaj boʻladi, sezish qobiliyati yoʻqoladi yoki pasayadi, nutq buziladi. Bemorning rangi oʻchgan, koʻz qorachiqlari tor, pulsi zaif, ammo harorati normal boʻladi. Buzilgan funksiyalar bir necha oyda asliga kelishi mumkin.

Emboliyaga aloqador insultda miyada qon aylanishi toʻsatdan (baʼzan jismoniy zoʻriqishdan) buziladi. Emboliyadan oldin kishining umumiy ahvoli ogʻirlashadi: darmoni quriydi, halloslaydi, yuragi "oʻynaydi", harorati koʻtariladi. Miya toʻqimasi qonsizlanganligi tufayli qoʻl-oyoq falaj boʻladi, sezmaydi, baʼzan nutq buziladi. Buzilgan funksiyalar 1—3 oy ichida (baʼzan toʻla) tiklanishi mumkin. Insultning dastlabki belgilari paydo boʻlganda darhol vrach chaqirish, bemorni tamomila tinch qoʻyish kerak. Keyin u vrach maslahati bilan parvarish qilinadi[1].

Ishemik insultlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ishemik insult—boshqacha miya infarkti ham deyiladi. Ishemik insult, asosan, 45—50 yoshdan keyin ko‘proq qariyalarda uchraydi. Bu kasallik kelib chiqishining asosiy sabablari, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, xafaqon kasalligi, bosh miya qontomirlarining yallig‘lanishi, qon bosimning pasayishi, bosh miya qontomirlarning anevrizmlaridir. Ishemik insultning

kelib chiqishi asosan bosh miya qontomirlarining qisilishi, ya’ni angiospazmidir. Turli xil gemodinamik o‘zgarishlar har xil ruhiy holatlar bosh miya qontomirlarining qisilishiga olib keladi va u yerdan qonning o‘tishi sekinlashadi. Bunda bosh miya to‘qimasida yumshashish holati yuzaga keladi. Qon tomirlari ichida tromb hosil bo‘lishi, bunda bosh miya qontomirlarida qonning sekin aylanishi tufayli qontomirlar devorida qonning shaklli elementlari cho‘ka boshlaydi. Natijada, qonning o‘zidan tromb hosil bo‘ladi. Tromb hosil bo‘lishiga yana qonning biokimyoviy o‘zgarishi, ya’ni uni ivishining buzilishidir. Bundan tashqari, kalla suyagi tashqarisidagi ekstrokranial qontomirlarining qisilishi ham ishemik insultga olib keladi.

Klinik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ishemik insult bo‘lishidan oldin bir necha hafta yoki oylar oldin belgi beradi. Bu belgilar: bosh aylanishi, qisqa vaqt hushning yo‘qolishi, ko‘z oldining qorang‘ilashishi, umumiy darmonsizlik, o‘tib ketuvchi paresteziyalar yoki qo‘l-oyoqdagi parezlardir. Kasallik ko‘pincha asta-sekin boshlanadi. Kechasi yoki ertalabga yaqin kuzatiladi. Buning asosiy sababi kechasi tinch yotganda bosh miyadagi qon aylanishi sekinlashadi va tromb hosil bo‘lishiga moyillik ko‘payadi. Ertalab uyqudan turgandan keyin bemor, asosan, hushini yo‘qotmaydi, bemor o‘ng yoki chap tomonida qo‘l-oyog‘ining harakati kamligi yoki yo‘qolganligidan

shikoyat qiladi. Ishemik insult bo‘lganda bemorning hushi saqlangan bo‘lib, bosh og‘riq bo‘lmaydi yoki juda kam rivojlangan bo‘ladi. Yuz terisi oqargan, tomir urishi pasaygan, qon bosimi pasaygan, tana harorati bir meyorda saqlangan yoki subfebril bo‘ladi. Asab sohasida juda rivojlanmagan meningial belgilar, kalla bosh miya nervlari VII—XII juftida markaziy falajlanish faqat qarama-qarshi tomonda kuzatiladi. O‘ng yoki chap tomonda gemiparez yoki gemiplegiya markaziy xarakterda tonusi baland, trofikasi buzilmagan. Pay reflekslarining anizorefleksiyasi, 1— 3—4-kunlari pay reflekslari pasaygan bo‘ladi yoki umuman chaqirilmasligi

mumkin. Keyinchalik patologik reflekslari paydo bo‘ladi (Babinskiy, Rassolima). Sezgi sohasining chap yoki o‘ng tomonida gemigipesteziya kuzatiladi.

Gipergidroz, ba’zan bemorning hushi karaxt, tezda muloqotga kirisha olmaydi, savollarga javob berishi qiyin kechadi. Motor afaziyasi — bemor gapga tushunadi, lekin gapira olmaydi. Sensor afaziyasi — bemor gapga tushunmaydi hamda gapira olmaydi. Bosh miyaning oldingi arteriyasi zararlanganda bemorning yuzida gemispazm — yuzning bir tomonga tortilib turishi, gemiparez ko‘proq oyoqlarda, gemianesteziya, ataksiya — muvozanatning buzilishi, giperkinez — ixtiyorsiz harakatlar kuzatiladi. Ruhiyatning buzilishi (eyforiya, o‘z-o‘ziga tanqidchilikning pasayishi). Bosh miyaning orqa arteriyasi zararlanganda esa ataksiya, gemianopsiya, alternashgan belgilar (ptoz, tashqariga qarab qolgan g‘ilaylik chap tomonda, gemiplegiya, gemianesteziya esa o‘ng tomonda) kuzatiladi.

Ishemik insultning vertebrobazillar qontomirlar sohasida (umurtqa, bazillar arteriyalar va orqa miya arteriyasi) zararlanish bo‘lsa, bemor bosh aylanishi, ko‘ngil aynish, qusish va muvozanatning buzilishi (mastga o‘xshab yurish), quloqda shovqin bo‘lishidan, ensa va bo‘yinning orqa sohasidagi og‘riqdan shikoyat qiladi. Asab sohasini tekshirganimizda nistagm, diplopiya, ataksiya (statik va dinamik), nutq o‘zgarishlari, ko‘rish va eshitishning pasayishi, dizartriya, o‘tkinchi tetraparezlar hamda hushning o‘tkinchi buzilishlari kuzatiladi. Ishemik insultlar ko‘proq qari yoshdagi odamlarda uchraydi. Bosh miya qontomirlar aterosklerozi, arterial gipotenziya, stenokardiya, infarkt miokard va boshqa kasalliklar natijasida kelib chiqadi.

Gemorragik insult[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gemorragik insult, boshqacha aytganda bosh miyaga qon quyilishdir. Asosiy keltirib chiqaruvchi sabablar: xafaqon kasalligi, bosh miya aterosklerozi, ularning birgalikdagi uyg‘unlashishi, bosh miya qontomirlarining anevrizmlari, bosh miya jarohatlari, vaskulitlar, leykoz, qand kasalligi va boshqalar. Bosh miyaga qon quyilishiga ikkita asosiy sabab bo‘ladi. Birinchidan, qontomirlarining yorilib ketishi bo‘lsa, ikkinchidan, qontomirlar o‘tkazuvchanligining buzilishi, bunda qontomirlar yorilmaydi.

Klinik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gemorragik insult ko‘proq kunduz kunlari, bemor ruhiy holatidan keyin qattiq xafachilik, noxush xabarlar, juda kuchli hayajonlanishdan keyin boshlanadi. Kasallik ko‘pincha to‘satdan boshlanib bemorning hushi yo‘qoladi va bemor yiqiladi. Bemorda kuchli bosh og‘riq, yuzning qizarishi, qusish, tana harorati ko‘tarilgan bo‘lib, sopor yoki koma holatiga tushadi. Umumiy ahvoli juda og‘ir bo‘lib, burun-lab atrofi ko‘kargan nafas olishi tez yuzaki tovush bilan xirillab chiqadi. Qon bosimi baland— 220/140 simob ustuniga teng yoki undan ham oshgan, tomir urishi tezlashgan. Asab sohasi tekshirganimizda meningial belgilar (ensa mushagi tarangligi, Kernig, Brudzinskiy) juda rivojlangan, chunki bosh miyada shish borligi uchun, yuzi asimmetriya, burun-lab qatlami silliqlashgan, og‘iz burchagi

pastga tushgan, ko‘z qorachig‘i anizokoriyasi, qorachiqning yorug‘likka javob reaksiyasi susaygan yoki yo‘qolgan. Yutinish va gapirish yo‘qolgan, o‘ng

yoki chap tomonda qo‘l-oyoqning falajlanishi, oyoq panjasi tashqariga buralib qolgan, qo‘llarni ko‘tarib tashlaganda falajlangan qo‘l «qamchisimondek»

tezda tushib ketadi, oyoqda ham shunday bo‘ladi. Qo‘l-oyoqlarda mushaklar tonusi pasaygan — gipotoniya, pay reflekslari pasaygan yoki chaqirilmaydi, patologik reflekslari uchraydi. Sezgi kamayadi yoki yo‘qoladi. Falajlanish hamma vaqt markaziy xarakterda bo‘lgani uchun asta-sekinlik bilan mushaklar tonusi oshib boradi, pay reflekslari baland, gapirishi noaniq— dizartriya, motor va sensor afaziyalar kuzatiladi. Agar qon miya qorinchalariga quyilsa, bunda kasalning ahvoli juda ham og‘ir — koma holatida, nigoh qarash, qusish, yurakning tez-tez urishi, nafas olishning qiyinlashishi va tutqanoq xuruji klonik va tonik qaltirashlar kuzatiladi. Biryilgacha—tiklanish davri, bir yildan keyin esa qoldiq davri deyiladi.

Pardalar orasiga qon quyilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pardalar orasiga qon quyilishi—boshqacha subaraxnoidal qon quyilish deyiladi. Bunda qon miya pardalarining orasiga qontomirlarining yorilishi natijasida quyiladi. Miyaning asosi va ustki qismlarida qon quyiladi. Bemor qattiq bosh og‘rishidan, ko‘ngil aynishidan va qusishdan shikoyat qiladi. Asab sohasida meningial belgilar kuzatiladi. Bemor yorug‘likka, tashqi ta’sirotlarga juda ham ta’sirchan bo‘ladi. Tutqanoq belgilari bosh miyaning ustki (konveksital) qismida qon quyilganda klonik-tonik qaltirashlar kuzatiladi. Agar miyaning asosi (bazillar)da qon quyilish bo‘lsa, bunda II— III—IV—VI kalla bosh miya nervlarining zararlanishi kuzatiladi. Qo‘l va oyoqlarda falajlanish bo‘lmaydi, gipotonus, giperrefleksiya, giperesteziya, bemorda ruhiy qo‘zg‘alishlar kuzatiladi. Qorinchalar ichiga qon ketganda nafas olish va yurak ish faoliyatining buzilishlari, yuz terisi ko‘kargan, hushi yo‘qolgan, tana harorati 39°C va undan ham yuqori bo‘ladi. Miyacha yarim sharlariga qon quyilganda bosh aylanish, qusish, ensa va bo‘yinning orqa tomonida og‘riq, nistagm, ataksiya holatlari kuzatiladi. Miya ustunida qon quyilsa, kalla bosh miyanervlarining yadrolari va ularning yo‘llarini zararlaydi. Bunda alternashgan alomatlar (yuzning bir tomonida kalla bosh miya nervlarining falajlanishi bo‘lsa, qarama-qarshi tomonda esa gemiparez) kuzatiladi. Bosh miya to‘qimalariga qon quyilsa, ko‘proq ichki kapsula, o‘rta miya arteriyasida bo‘lsa, umumiy miya belgilari, mahalliy miya belgilari bilan birgalikda keladi. Bosh miya po‘stlog‘iga yaqin joyda qon quyilsa, nutq buzilishlari motor yoki sensor afaziya bo‘ladi. Meningial belgilar bunda kamroq uchraydi, orqa miya suyuqligida qon bo‘lmaydi. Agar orqa miya suyuqligida qon bo‘lsa, unda aralash qon ketishi kuzatiladi.

Subaraxnoidal qon ketish 50 yoshgacha bo‘lgan bemorlarda uchraydi. Bunga sabab bosh miya qontomirlar anevrizmlari 50 %ni tashkil etadi. Kamroq holatlarda arterial gipertenziya va bosh miya qontomirlari aterosklerozi sababchi bo‘ladi.

Klinik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Unda meningial va umumiy miya belgilari juda rivojlangan bo‘ladi. Mahalliy miya belgilari bo‘lmaydi yoki kam rivojlangan bo‘ladi. Qon ketish to‘satdan boshlanadi. Bemorda birdan bosh og‘riq, ensa mushagining tarangligi, Kernig, Brudzinskiy belgilari rivojlangan bo‘ladi. Bosh og‘riq kuchli bo‘lib, uning ta’siridan bemorlar qichqirib yuboradi, qo‘llari bilan boshini ushlaydi, bosadi. Yuzi qizargan, ruhiy qo‘zg‘alishlar, qochishga harakat qiladilar, to‘shakda yotolmaydi, tana harorati baland bo‘ladi. Orqa miya suyuqligida qon bo‘ladi. Og‘ir hollarda bemorning hushi bo‘lmaydi, sopor yoki koma holatda bo‘ladi. Mahalliy miya belgilaridan—

g‘ilaylik, diplopiya va yengil gemiparezlar bo‘ladi. Qorinchalar ichiga qon ketganda kasallik birdan boshlanib, hushning yo‘qolishi, nafas olish shovqinli

bo‘lib, bemor xirillab nafas oladi. Sopor va koma holatiga tezda tushib qoladi. Bemorning tana harorati 39—40°C, sovuq qotganday titrash, tomir

urishi tezlashgan, sovuq ter bosish, orqa miyani punksiya qilganda orqa miya suyuqligida qon bo‘ladi. Mahalliy miya belgilari kam rivojlangan bo‘ladi.

Mushaklarda tonik tirishish, gipotoniya bilan almashinib turadi.

Davosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tibbiyot hamshiralari insult bilan og‘rigan bemorlarni juda ehtiyotlik bilan qarashlari talab etiladi. Bemor boshini tana qismidan biroz baland ko‘tarib qo‘yish, harakat qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Kasallikning o‘tkir davrida bemorni tinch qo‘yish, og‘zida tish protezlari bo‘lsa, olib qo‘yish lozim. Og‘iz atrofi va ichini so‘lak va qusuq qoldiqlaridan tozalab, toza havo kirishini ta’minlash, pastki jag‘ni ushlab turish, tilini orqaga tortib ketmasligi va nafas olishini yaxshilash uchun havo o‘tkazgich qo‘yish, yuqori nafas yo‘llarini elektrotsos yordamida tozalash, oshqozonga zond qo‘yish talab etiladi. Miyada qon aylanishini yaxshilovchi dorilar— eufillin 2,4 % 5—10 ml tomir ichiga, magneziy sulfat 25 % 5—10 ml mushak orasiga novokain bilan, papaverin 2 % 2 ml, dibazol 1 % 2—4 ml mushak

orasiga qilinadi. Bemorga birinchi kuni shirinchoy, meva sharbati keyinchalik yutinish bo‘lmasa, zond orqali kuniga 5 marta ovqatlantirish talab etiladi.

Umumiy davolash Qiyosiy davolash
gemorragik insult ishemik insult
Nafasolish faoliyatini yaxshilash:yuqori nafas

y‘o‘llarini tozalash, erkin nafasolishga yo‘l qoyish; boshni yuqoriga ko‘tarish; og‘iz ichini so‘lak va qusuq massalaridan tozalash; pastki jag‘ni ushlab turish; havo o‘tkazgich qo‘yish; tilning orqaga ketib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik; burun orqali kateter qo‘yish.Yurak-qon tomir faoliyati buzilishlarida: qon bosim pasayganda: kofein 20% 2,0 ml t/ o, mezaton 1% 2,0 ml m/ o, gidrokortizon 50 mg, prednizolon 60 mg, kokarboksilaza 1 b 00 mg t/ i. Qon bosim ko‘tarilganda; dib 2,0 m\o; magneziy sulfat 2 % 5—10,0 ml m/ o

kislorod terapiya;

askorbin kislota 5% 0,5 ml t/i kalsiy xlor 10% 5 — 1 0,0 ml t/i , amniokapron kislatasi 5 % 100ml t/i

noshpa 2,0 ml, pa

paverin 2,0 ml m/ o, kavinton 20 mg yoki terental 5,0 ml NaCL b-n nikotin kislota 1% 1,0 ml, stugeron 1 ta tab. 3 mahal, gemodez 400,0 ml va reopoligyukin 400 ml

Parvarish qilish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bemorni qimirlatmasdan, nafas olishini yaxshilab, boshini biroz baland ko‘tarib, kiyimlarini yechib yotqizish kerak. Agar bemor qusgan bo‘lsa, og‘zini tozalab qo‘yish lozim. Zotiljam bo‘lmasligi uchun bemorni o‘ng va chapga yonbosh qilib yotqizib turish, orqasiga, ko‘krak qafasiga xantal va bankani kunaro qo‘yish kerak. Antibiotiklar buyuriladi. Dumba, kurak sohalariga oblipexa yoki baliq moyidan surtib turish lozim. Bemorning siydigi tutilib qolsa, kateter qo‘yish bilan siydirib olish kerak. Kasallikning birinchi kunidan boshlab gemiparez yoki gemiplegiya bo‘lsa, kontrakturalarning oldini olish uchun falaj bo‘lgan qo‘l-oyoqlarni fiziologik holatga keltirish, ularning tagiga yostiq qo‘yib, yelka bo‘g‘imi bilan bir xil balandlikda bo‘lishini ta’minlash zarur. Falajlangan qo‘lning bir necha marta tanasidan uzoqlashtirib qo‘yish, qo‘lni ichini yuqori (spinasiya) holatga qo‘yish, barmoqlarni to‘g‘rilab ochib qo‘yish lozim. Bularga qum xaltachalardan foydalansa bo‘ladi. Qo‘ltiq ostiga valik yoki yostiqchani 30 daqiqagacha qo‘yish kerak. Oyoqni to‘g‘rilashda tizza bo‘g‘imiga va oyoq panjasiga qum xaltachalar qo‘yish kerak bo‘ladi.

Bemor hushiga kelgan kundan boshlab, yengil uqalash, nafas mashqlari hamda sust harakatlar qilish tavsiya etiladi[2].

Profilaktika[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oldini olish uchun dam olish, mehnat qilish va ovqatlanishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish; ruhiy-asabiy zoʻriqmaslik, tomir kasalliklarini oʻz vaqtida davolatish lozim. Davo nafas olish va yurak-tomir sistemasi faoliyatini barqarorlashtirish, miyaning qon bilan taʼminlanishini yaxshilash, miyada shish paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, jarroxlik usuli yoki zarur dori-darmonlar bilan bemor sogʻligini tiklash, shifobaxsh badan tarbiya, massaj va hokazodan iborat[1].

Yana qaraang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. X. Q. Shodmonov, X. Sh. Eshmurodov O. T. Tursunova. ASAB VA RUHIY KASALLIKLAR. «Bilim» nashriyoti, 2004.