Leykoz
Leykoz (leykemiya), oq qon kasalligi — qon ishlab chiqaradigan toʻqimalarning oʻsma kasalligi, bunda koʻmik zararlanadi va normal qon hosil boʻlishi jarayoni buziladi. Qon yaratuvchi aʼzolarda yosh patologik hujayra elementlari oʻsib ketadi, limfa tugunlari va taloq, kattalashadi, qonda oʻziga xos oʻzgarishlar sodir boʻladi[1]. Kasallik sababi toʻla-toʻkis aniqlanmagan. Leykozning kelib chiqishida virusli, endogen, kimyoviy va radiatsion omillar nazariyalari mavjud. Oʻtkir leykoz, surunkali miyeloleykoz (miyeloid turkumidagi hujayralarning hosil boʻlishi buziladi) va boshqa shakllari farqlanadi. Oʻtkir leykozga intoksikatsiya xos boʻlib, asosan, tana harorati koʻtariladi, ogʻiz boʻshligʻi va tomoqda yiringli-yarali jarayonlar, qonsirash kuzatiladi, asab sistemasi izdan chiqishi mumkin. Qon tarkibi oʻzgarib, bunda normoblast, eritoblast va megaloblastlar soni koʻpayib ketadi. Periferik qonda anemiya, trobotsitopeniya, leykogramma oʻzgarishi, qon yaratilishining toʻsatdan toʻxtashi va boshqalar kuzatiladi. Surunkali leykoz belgilari dastlab sezilmasligi mumkin. Quvvatsizlik, bosh aylanishi, koʻp terlash, apatiya, biroz harorat koʻtarilishi roʻy beradi. Bemorning suyaklari zirqirab ogʻriydi, meʼda-ichak faoliyati buziladi. Jigar, taloq va limfa tugunlari kattalashadi. Ogʻirroq (terminal) hollarda anemiya, trombotsitopeniya avj oladi. Leykotsitlar, xususan, bazofil va eozinofillar soni ortadi. Qon va suyak koʻmigida yetilmagan yosh blastlar, koʻmik punktatida qonning limfoid elementlari giperplaziyasi roʻy beradi. Qonda donador leykotsitlar koʻpayadi, baʼzan gemolitik sindrom, gemoliz kuzatiladi. Davosi oʻtkir leykozda va surunkali leykoz zoʻriqqanda bemor kasalxonada davolanadi. Rentgenoterapiya, quvvatga kiritadigan, kamqonlikka qarshi dorilar buyuriladi, qon quyiladi.
Hayvonlarda ham qon hujayralarining yetilish jarayoni buzilishi (anaplaziya) kasalligi kechadi. Leykoz bilan qoramol, qoʻy, echki, ot, choʻchqa, it, mushuk, parrandalar kasallanadi. Hayvonlardan koʻproq sigirlarda, parrandalardan tovuqlarda uchraydi. Kasallikka radioaktiv nurlar, kimyoviy omillar, genetik buzilishlar, gormonlar balansining buzilishi va viruslar sabab boʻlishi mumkin. Kasallik hayvon sogʻligʻiga koʻrinarli zarar yetkazmasdan oylab va yillab davom etadi. Koʻpchilik hollarda bitta yoki bir qancha limfa tugunlari, taloq kattalashadi, shuningdek, ovqat hazm qilish buzilishlari, holsizlanish, oriqlash, sigirlarda sutining kamayishi va shishlar paydo boʻladi. Parrandalarda, koʻpincha, 4 oylikdan katta tovuqlar, baʼzan kurka, oʻrdak, gʻoz va boshqa kasallanadi. Qishloq xoʻjaligiga qoramollarda uchraydigan enzootik leykoz (limfoleykoz) va retraviridae oilasiga mansub viruslar qoʻzgʻatadigan turli leykoz shakllari katta iqtisodiy zarar yetkazadi.
Tashxis klinik belgilarga va laboratoriyada qon analizlariga qarab qoʻyiladi. Oldini olishda sogʻlom xoʻjaliklarda bu kasallikdan himoya choralari koʻriladi. Qoramollar klinik-gemotologik tekshiruvdan oʻtkaziladi. Kasallik aniqlansa, sogʻlomlashtirish tadbirlari koʻriladi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Leukemia“. NCI (1980-yil 1-yanvar). — „Cancer that starts in blood-forming tissue, such as the bone marrow, and causes large numbers of abnormal blood cells“. 2014-yil 27-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 13-iyun.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Tibbiyotga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |