Radikulit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Radikulit
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
Ixtisos nevrologiya
DiseasesDB 29521
MeSH D011843

Radikulit (lot. radicula — ildizcha) — orqa miyaning nerv ildizlari va ulardan ketadigan nerv tolalari kasalligi. Periferik nerv sistemasining eng ko'p tarqalgan xastaligi. Koʻpincha umurtqa pogʻonasi kasalligi (osteoxondroz) sabab boʻladi. Bunda amortizatsiya rolini oʻynaydigan umurtqalararo disk elastikligini yoʻqotib, moʻrt boʻlib qoladi. Diski oʻzgargan umurtqaning birikkan yerida tuz yigʻilib, suyak oʻsishi (osteofitlar) kuzatiladi. Oʻsib chiqqan suyak oʻsiqchalari umurtqa orasidan oʻtadigan nerv ildizchalarini qisishi natijasida ogʻriq paydo boʻladi. R. jarohatlar oqibatida, sovqotish (Mas, uzoq vaqt muzday suvda yuvinish, zax joyda oʻtirish va boshqalar), organizm ichdan zaharlanganda, yuqumli kasalliklar asorati sifatida roʻy berishi mumkin.

Zararlangan nerv ildizchalari va nerv tolalari boʻylab ogʻriq paydo boʻlishi va sezuvchanlikning yoʻqolishi, baʼzan harakat buzilishi ham R.ga xos alomatlardan hisoblanadi. R., odatda, birdaniga paydo boʻlib, koʻp hollarda surunkali shaklga oʻtadi va vaqtvaqti bilan qoʻzib turadi. Nerv tolalarining qaysi qismi zararlanganligiga qarab, R. har xil boʻladi. Eng koʻp tarqalgan xili beldumgʻaza R.idir. Bunda beldumgʻaza sohasida hamda quymich nervi boʻylab har xil ogʻriq paydo boʻladi. Ogʻriq qimirlagan paytda kuchayadi, shuning uchun bemor birdaniga qimirlay olmaydi, yurganida esa tanasini oldinga yoki yonga egib oladi, natijada umurtqa pogʻonasining qiyshayishi, orqa muskullarining taranglashishi kuzatiladi. Bemor ogʻriqni kamaytirish uchun oʻrinda oyogʻini bukib, qorniga tortib yotadi. Agar faqat bel nervi ildizchalari zararlansa, ogʻriq son yuzasida boʻladi. Quymich nervi chiqadigan dumgʻaza boʻlimi ildizchalari koʻproq zararlanishi bilan oʻtadigan beldumgʻaza R. i ishias deb ham yuritiladi.

Ishiasda ogʻriq kuymich nervi boʻylab (dumba, sonning orqa yuzasi, boldir, oyoq panjasiga) tarqaladi. Oyoq sovqotadi, uvushadi, chumoli yurgandek seziladi. Kasal oyoqning muskullari tonusi pasayadi va "soʻlib" qolganga oʻxshaydi, keyinchalik atrofiyaga uchraydi. Quymich nervining tortilishi (odam engashganda, oyoq koʻtarilganda va boshqa vaziyatlarda) ogʻriqning zoʻrayishiga olib keladi.

Boʻyin-yelka R.ida ogʻriq ensaga, yelkaga, kurakka tarqaladi. Boshni qimirlatganda va atrofga qarab qiyshaytirilganda, qoʻl qimirlatilganda, aksirganda, yoʻtalganda ogʻriq zoʻrayadi. Kasallikning ogʻir shakllarida qoʻl uvushadi, lovullab achishadi va sanchadi, keyinchalik sezish ham oʻzgara borib, sekinasta muskullar kuchsizlanib "ozadi" (atrofiya).

Koʻkrak R.i kam uchraydi. Bunda ogʻriq qovurgʻalar oraligʻida boʻladi va qimirlaganda, chuqur nafas olganda zoʻrayadi.

R. bilan ogʻrigan bemorni nevropatologvrach davolaydi. Davo R.ni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratiladi. R.ning oldini olishda davo gimnastikasi, fizkultura va har xil sport turlari bilan shugʻullanish (organizmni chiniqtirish) katta ahamiyatga ega[1].

Bo‘yin radikuliti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sabablari. Eng asosiy sabablaridan biri shu joyda kuzatiladigan osteoxondroz, ya’ni birlamchi umurtqa pog‘onasidagi o‘zgarishlar.Yelka kamari va qo‘llardagi og‘riq alomatlari (braxialgiya bilan pleksitlar)ning ko‘pchiligi umurtqalar orasidagi disklarda yuzaga kelgan o‘zgarishlarga bog‘liqdir. Bo‘yin bo‘limidagi umurtqalararo disklarning zararlanishi natijasida shu bo‘g‘imlarda suyak o‘simtalari paydo bo‘ladi. Bu o‘simtalar umurtqalar orasidan orqa miya

nervlarining ildizlari o‘tadigan teshiklarni toraytirib qo‘yadi. Bo‘yin bo‘limidagi orqa miya nerv ildizlarining zararlanishi asosan 40 yoshdan oshgan odamlarda, ko‘proq erkaklarda uchraydi. Bo‘yin radikuliti bilan og‘rigan bemorlar ish vaqtida bo‘yin mushaklarini taranglashtiruvchi, boshni engashtirib va burib, qo‘llari bilan bir xilda harakat qiladigan odamlarda ko‘proq uchraydi (suvoqchilar, bo‘yoqchilar to‘quvchilar va boshq.).

Klinik manzarasi. Bemorlar bo‘yin va qo‘l sohasi og‘rib turishidan shikoyat qiladi. Ko‘pincha boshini majburan bir tomonga yoki oldinga engashtirib turadilar. Bemorni tekshirganda og‘riq bo‘yin qismida bo‘ladi. Paypaslab ko‘rilganda og‘riq paravertebral nuqtalarda kuzatiladi. Agar og‘riq qo‘lga o‘tsa, u vaqtda yana og‘riq o‘mrov usti hamda ostida, qo‘ltiq tagida bo‘ladi. Bo‘yin radikulitida qo‘lda, bilak va yelka mushaklarida gipotoniya, atrofiya kuzatiladi. Qo‘ldagi bilakni yozuvchi va bukuvchi suyak usti reflekslari pasayadi yoki yo‘qoladi. Sezgi bo‘yin segmentlari sohasida va qo‘lda yo‘qoladi (gipesteziya). Umurtqa pog‘onasini rentgenogrammasida umurtqa tanalarining chetlarida suyak o‘simtalari borligi ma’lum bo‘ladi.

Ko‘krak radikuliti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umurtqa pog‘onasi ko‘krak bo‘limida orqa miya nerv ildizlarini zararlanishida og‘riq ko‘krak sohasidagi umurtqalarda hamda ko‘krak qafasida bo‘ladi. Agar og‘riq ko‘krak qafasining chap tomonida bo‘lsa, unda klinik jihatdan biroz qiyin bo‘ladi. Chunki bemorda hamma vaqt yurak kasalligini inkor etishimiz kerak. Ko‘krakdagi og‘riq va uning chap qo‘lga berilishi ko‘pincha radikulitga o‘xshaydi. Bu, aksincha, stenokardiya va infarkt miokardda ham kuzatilishi mumkin. Shuning uchun bunday bemorlarni dastlab, albatta, yuragini tekshirishdan o‘tkazish zarur. Ko‘krakning yuqori qismi mushaklarining ko‘p qismini bo‘yindagi nerv

ildizlari ta’minlaydi, shuning uchun qattiq og‘riq bo‘lmaydi. Juda ko‘p kasalliklarda — sil spondiliti, aortalar anevrizmi, Bexterev kasalligi, orqa miya o‘smalari va stenokardiyada umurtqa pog‘onasining ko‘krak bo‘limida og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Agar yurak sohasida o‘zgarishlar bo‘lmasa, unda ko‘krak radikuliti deb davolashimiz mumkin.

Klinik manzarasi. Bemorni tekshirganda ko‘krak umurtqa sohasining o‘ng va chap tomonida — paravertebral nuqtalarda og‘riq hamda shu segment sohasida sezgining pasayishi yoki yo‘qolishi kuzatiladi. Ko‘krak radikuliti boshqa radikulitlarga nisbatan kam uchraydi, chunki ko‘krakning o‘zi kam harakat qiladi.

Davosi. Bo‘yin va ko‘krak radikuliti og‘rigan bemorlarga analgetiklar (analgin, sedalgin, aspirin, baralgin, diklofenak), vitaminlar B 1, B12, diodinamik toklar, umurtqa pog‘onasining bo‘yin bo‘limiga novokain bilan qilinadigan elektroforez, uqalash, vodorod sulfidli yoki rodonli vannalar tavsiya etiladi[2].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. X. Q. Shodmonov, X. Sh. Eshmurodov O. T. Tursunova. ASAB VA RUHIY KASALLIKLAR. «Bilim» nashriyoti, 2004.