Zagreb
Zagreb — Xorvatiya poytaxti. Sava daryosining chap sohilida joylashgan. Aholisi 707 ming kishidan ziyod (1990-yillar oʻrtalari). Markaziy va Gʻarbiy Yevropadan Adriatika dengizi va Bolqon yarim orolga boradigan temir yoʻl va avtomobil yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Zagreb — Xorvatiyaning eng yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Mashinasozlikning turli tarmoqlari (stanoksozlik, elektrotexnika buyumlari) kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish, shuningdek, neftni qayta ishlash, kimyo, poligrafiya, qurilish materiallari, yogʻochsozlik, qogʻoz, toʻqimachilik, koʻn poyabzal va oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Zagrebda xalqaro yarmarkalar oʻtkaziladi. Fanlar va sanʼat akademiyasi, universitet (1669-yildan), yadro fizikasi instituti, oliy oʻquv yurtlari, yirik nashriyotlar, teatrlar, meʼmoriy va etnografik muzeylar, badiiy va hunarmandchilik muzeylari, kartinalar galereyasi bor.
Zagreb tarixiy manbalarda dastlab 1094-yildan tilga olingan. XVI asr oʻrtalaridan Xorvatiyaning bosh shahri. 1526—1918-yillarda (nem. Agram nomi bilan) Gabsburglar monarxiyasi tarkibida. 1918-yildan Serb, Xorvat va Slovenlar qirolligi (1929-yildan Yugoslaviya) tarkibida, 1992-yildan mustaqil Xorvatiya poytaxti.
Meʼmoriy yodgorliklardan Yepiskop qarorgohi, sobori bilan (13—15, XIX asrlar), shahar qalʼasi (XIII—XVIII asrlar), gotika cherkovi (14— XV asrlar), barokko va klassitsizm uslubidagi binolar (XVIII asr) saqlangan. Zamonaviy binolar shaharning janubiy qismida joylashgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |