Vena (shahar)
Vena Wien | |
|---|---|
|
| |
| 48°12′30″N 16°22′21″E / 48.20833°N 16.37250°E | |
| Hukumat | |
| • Mer | Michael Ludwig |
| Maydon | 414.78 km2 (160.15 kv mi) |
| Markazi balandligi | 151 m |
| Aholisi | 2,028,499 |
|
| |
Vena (nemischa: Wien) — Avstriya poytaxti, eng yirik shahri va Avstriyaning toʻqqiz federal shtatlaridan biridir. Ikki milliondan oshiq aholi bilan Vena Avstriyaning primat shahridir. Vena metropoliten hududi aholisi 2.9 million kishi boʻlib, bu mamlakat aholisining salkam uchdan birini tashkil qiladi. Vena mamlakatning madaniy, iqtisodiy va siyosiy markazi, Yevropa Ittifoqidagi beshinchi yirik shahar hamda Dunay daryosi boʻyidagi eng yirik shahardir.
Shahar Vena oʻrmonlarining (Wienerwald) sharqiy qismida, Alp togʻlarining shimoliy yonbagʻrilarida joylashgan boʻlib, Pannoniya tekisligida joylashgan Vena shahrini Alp togʻlari Avstriyaning gʻarbiy qismlaridan ajratib turadi. Shahardan Dunay daryosi, shuningdek Wienfluss (Vena daryosi) ham oqib oʻtadi. Vena shahri atrofini Quyi Avstriya shtati oʻrab turadi va shahar Slovakiya chegarasi va poytaxti Bratislavadan 50 km gʻarbda, Vengriya chegarasidan 60 km shimoli-gʻarbda va Moraviya (Chexiya Respublikasi) chegarasidan 60 km janubda joylashgan.
Rimliklar miloddan avvalgi I asrda Vena hududida harbiy manzilgohga (castrum) asos solishgan va Pannoniya provinsiyasiga tegishli bu hududni Vindobona deb nomlashgan. 212-yilda shaharga municipium maqomi berilib, Rim shahri huquqlariga erishilgan. Bundan keyin shahar hududida lombardlar, Pannoniya avarlari va keyinchalik slavyanlar aholining asosiy qismini tashkil qilgan. VIII asrdan boshlab hududga Baiuvarii qabilasi kelib oʻrnashgan. 1155-yilda Vena 976-1246-yillarda Avstriyani boshqargan Babenberglar sulolasi poytaxtiga aylandi. 1221-yilda Venaga shahar maqomi beriladi. XVI asr davomida Babenberglardan keyin hokimiyatga kelgan Habsburglar Venani Muqaddas Rim Imperiyasi poytaxtiga aylantirishadi. Shaharning bu maqomi, biroz muddatli uzilishni hisobga olmaganda, 1806-yilga qadar saqlanib qoldi.
Yangi davr davomida Vena dunyodagi eng yirik nemischa soʻzlashiluvchi shaharlardan biri boʻlib qoldi. XVIII-XIX asrlar davomida Vena oʻzining eng yirik hajmiga erishdi va XX asrga kelib, Berlin shahri tomonidan oʻzib ketilguniga qadar oʻz maqomini saqlab qoldi. Venada koʻplab xalqaro tashkilotlar, xususan BMT, OPEC va YXHT kabi tashkilotlar shtab-kvartiralari mavjud. 2001-yilda shahar markazi UNESCO Jahon Meʼrosi maqomiga ega boʻldi. 2017-yil iyul oyida esa shahar „Xavf ostidagi shaharlar“ roʻyxatiga kiritildi.
Vena oʻzining boy musiqa madaniyati bilan mashhur boʻlib, shaharda Beethoven, Brahms, Bruckner, Haydn, Mahler, Mozart, Schoenberg, Schubert, Johann Strauss I va Johann Strauss II kabi jahonga mashhur bastakorlar yashab ijod qilgan. XX asr boshlarida Venada Vena klassitsizmi yoʻnalishi gullab-yashnadi va shahar Yevropa musiqasining markazlaridan biriga aylandi. Shahar dunyodagi birinchi psixoanalitik Sigmund Freudning ijod qilgan joyi hisoblanadi. Venaning tarixiy markazi turli-tuman meʼmoriy ansambllar bilan toʻlib-toshgan. Bular uchun misol sifatida Barokko qasrlari va bogʻlari, hashamatli binolar, haykallar va parklar bilan toʻlib toshgan Ringstraßeni keltirish mumkin.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vena shahri rimliklar tomonidan Vindobona deb nomlangan va bu soʻz keltcha toponim boʻlib, „oq makon“ yoki „Vindos makoni“ degan nomlarni anglatadi.[1] Bu nom milodiy VI asrdan keyin solnomalardan yoʻqolib ketadi va soʻnggi marotaba Jordanesning „Getica“ asarida uchraydi. Shaharning nemischa nomi — Wien („Vena“ nomi shu nomdan olingan)
yuqoridagi rimliklar tomonidan qoʻyilgan nomga aloqador emas, aksincha Wien daryosi nomi bilan bogʻliq. Avstriyadagi daryo nomlari bilan nomlangan Steyr, Enns va Krems shaharlarini bunga misol keltirish mumkin. Ushbu nom birinchi marta Salzburg solnomalarida tilga olingan boʻlib, unda 881-yilda Wenia deb nomlangan joy jang maydoni boʻlgani haqida yoziladi. Bu nom oxir-oqibatda „oʻrmon daryosi“ maʼnosini anglatuvchi keltcha „Vedunia“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin.[2]
Venaning vengercha nomi Bécs boʻlib (shu nomdan serb-xorvat Beč va Usmonli turkcha Beç soʻzlari kelib chiqqan), bu nom ehtimol „pech“ maʼnosini anglatadi va bu X asrda hudud vengerlar hukmronligi ostiga tushib qolgan davrdan kelib chiqqan boʻlishi mumkin.[3] Slovenchada shahar Dunaj deb nomlanadi va bu soʻz Dunay daryosi nomi bilan bogʻliq.
Sharqiy Avstriyadagi bavar lahjasida shahar Wean deb nomlangan, biroq bu nom bugungi kunda Venada soʻzlashiluvchi nemischada qoʻllanilmaydi.
- Vena - Wien
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 2012. Deutsches Ortsnamenbuch Niemeyer, Manfred: . Berlin: De Gruyter — 689-bet. ISBN 978-3-11-025802-8.
- ↑ Frass, Otto (1972). „Die Namen der österreichischen Bundesländer, ihr Ursprung und ihre Bedeutung“ (PDF). Zeitschrift des Historischen Vereines für Steiermark. № 63. 30–34-bet.
- ↑ „Vol. 1. Vienna“, Wien: Geschichte einer Stadt Csendes, Peter; Opll, Ferdinand: . Böhlau, 2001 — 63-bet. DOI:10.7767/boehlau.9783205127727. ISBN 978-3-205-99266-0.
| Avstriya oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |