Xoja Doniyor maqbarasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xoja doniyor maqbarasidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search
Xo'ja Doniyor qabri

Xoja doniyor maqbarasi - Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (20-asr boshlarida qurilgan). Afrosiyob qoʻrgʻonining kunchiqar tomonida, Siyob arigʻi yoqasida. Avliyo Xoja Doniyor qabri ustida qurilgan. Choʻziq (15 m ga yaqin) toʻrtburchak tarhli, peshtoq, besh gumbazli xonadan iborat. Peshtogʻi (shim. tomonda) hamda uning ikki yonidagi qubbali, koʻzasimon kursili guldastalari ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan, yon tomonlariga ham ravoqlar ishlangan. Maqbara ichida choʻzinchoq daxma bor. Maqbara yaqinidagi buloq aholi orasida tabarruk hisoblanadi. Abu Tohirxojaning "Samariya" asarida yozilishicha, Xoja Doniyor (Doniyol) Kusam ibn Abbosning safdoshlaridan boʻlgan.

Tarixi[tahrir]

Xo‘ja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng mo‘‘tabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Xo‘ja Doniyor maqbarasini uch din – islom, xristianlik va iudaizm vakillari bir xil darajada aziz va tabarruk deb ziyorat qiladilar. Doniyor, Daniil, Daniel – bu musulmon, nasroniy va yahudiy adabiyotlaridagi bitta aziz avliyoning nomidir.

Injilda talqin etilishicha, Daniil yahudiy tilidan tarjimasi «Olloh hakam» ma’nosini bildiradi. Doniyor Iyerusalimda eramizdan avvalgi 603 yilda tug‘ilgan bo‘lib, shoh Dovud va Sulaymon (Solomon) larning avlodiga mansubdir. Er. avv. 586 yilda Isroil, Bobil shohi Novoxudonosor tomonidan bosib olinganidan so‘ng, Doniyor, Bobil (Iroq) ga boshqa zodagonlarning bolalari bilan olib ketiladi. Ular turli xil fanlarni o‘rganishadi. Doniyor eng qobiliyatli yaxudiy yoshlardan hisoblangan. U o‘zining diniy e’tiqodlari mustahkamligini namoyon qilgan, sharob va may ichishdan, go‘shtli ovqatlardan voz kechib faqat sabzavotlarni iste’mol qilgan holda diniy qoidalarga rioya qilgan. Shuning uchun uning donishmandligi, dinga taqvodorligi Injilda talqin etilishicha, Ollohning mukofoti deb bayon etiladi. Shoh Novoxudonosorning tushi ta’birini donishmandlik bilan izohlab bergani uchun uni katta ehsonlar bilan siylaydi va o‘zining yaqin kishilari qatoriga qo‘shadi. Forslar kelishi bilan, shoh Doriy Doniyorni mamlakatni boshqaradigan kishilar qatoriga ko‘tardi. Bunday iltifotlar shohga yaqin saroy xodimlarining rashkini keltiradi. Bu kishilar Doniyorga tuhmat uyushtirib, shoh farmoni bilan uni och sherlar chohiga tashlaydilar, lekin hayvonlar unga tegishmaydi ham. Shunda shoh buyrug‘i bilan bo‘htonchilarning o‘zini chuqurlikka tashlashadi va sherlar ularni tilka pora qilishadi.

Afsonaviy avliyo yahudiy asirlarning fors shohi tomonidan ozod etilishigacha bo‘lgan davrgacha yashagan, lekin keksayganligi sababli vataniga qayta olmaydi va Suz shahrida hozirgi Mosul (Iroq) shahrida izzat-hurmat bilan ko‘miladi. Shundan avliyoning ko‘milgan joyi to‘g‘risida tarixchilarning ba’zi chalkashishlari kelib chiqqan. Olimlar o‘rtasida haligacha, qachon va qay tarzda Samarqandda Doniyor payg‘ambarning maqbarasi paydo bo‘lganligi to‘g‘risida yagona fikr mavjud emas.

Keng tarqalgan afsonaga muvofiq, buyuk sarkarda Amir Temur o‘zining Kichik Osiyoga (1397-1404) yetti yillik yurishi vaqtida, buyuk sarkarda bo‘lishiga qaramay, Suzni zabt eta olmagan. Sohibqiron xudojo‘ylardan, shaharni avliyo Daniilning tabarruk xoki asrab keladi deb eshitadi. Shunda Amir Temur qamal qilinganlar bilan ahdlashib, ularning mol-mulkiga tegmaslikka va asirlarni qullikka olib ketmaslikka va’da berib, buning evaziga avliyoning bir qism xokini, ya’ni o‘ng qo‘lini Samarqandga olib ketishni, toki saltanatini har xil ofatlardan saqlasin deb taklif etadi. Avliyo Samarqandga ko‘milganidan so‘ng qabrning bosh tarafidan buloq otilib chiqadi va shahar aholisi, uning atrofidagilar bu suvni tabarruk deb biladilar va undan foydalanadilar. Lekin bu afsona islom dini udum va qoidalariga zid bo‘lib chiqadi, ya’ni o‘tganlarni bezovta qilish mumkin emasdir. Haqiqatga yaqini balki, buyuk sarkarda Samarqandga Suzdan bir qism xoklarini olib kelgan bo‘lsa kerak va uning buyrug‘i bilan maqbara harbiy yurishning muvaffaqiyatli g‘alabasi nishonasi sifatida qurilgandir.

Amir Temurning tarjimai holi tadqiqotchilraining yozuvlarida ham bu voqea to‘g‘risida hech qanday ma’lumotlar yo‘q. Ba’zi tarixchilarning ta’kidlashicha, fors tarixchisi Istahriy Movarounnahrga, Temur tug‘ilganidan to‘rt yuz yil oldin kelgan va hazrati Doniyor maqbarasi shaharda o‘sha davrda mavjud ekanligini yozadi.

Ba’zi bir tadqiqodchilarning ishonchli asoslariga ko‘ra esa, Samarqandga hazrati Doniyorning tabarruk xokini islom dinigacha mavjud bo‘lgan yahudiylar diniy jamiyati olib kelgan bo‘lib, mahalliy otashparastlar bu dindorlarga hurmatda bo‘lib, shahar chetida ibodatxona qurishga ruxsat etganlar. Buning tasdig‘i sifatida maqbaraning atrofidagi madaniy qoldiqlar arxeologlar tomonidan er.av. VII-VI asrlarga tegishli bo‘lib, Injilda ko‘rsatilganidan Doniyor payg‘ambarning yashab o‘tgan davriga to‘g‘ri keladi. Samarqandga payg‘ambarning xokini nasroniylar ham olib kelishlari mumkin edi, chunki ma’lumki, Vizantiya hukmdori Zenon davrida, Doniyorning bir qism xoki Konstantinopolga (hozirgi Istambul) ko‘chirilgan edi.

Va nihoyat, shunday mulohaza ham borki, maqbarada haqiqatdan ham Doniyorning - Muhammad Payg‘ambarning amakisining o‘g‘li Qusam ibn Abbos safdoshining xoki ko‘milgan. Bu haqda Samarqandlik tarixchi Abu Tohirxo‘ja «Samariya» kitobida shunday yozadi: «Xo‘ja Doniyorning qabri Samarqand shahrining chetida, Afrosiyob qo‘rg‘onining shimoliy devori pastida joylashgan. Maqbaraning yaqinidan Siyob daryosi oqadi. Avom bu qabrni Doniyor payg‘ambarning qabri deb biladi, lekin uning qabri Mosul viloyatidadir. Aytishlaricha, bu qabr Qusam ibn Abbos safdoshlaridan birining qabridir. Olloh rahmat qilsin! Qabr Zarafshonning toshlari bilan qoplangan. Aytishlaricha, Xo‘ja Doniyor juda taqvodor, xudojo‘y bo‘lgan. Qabrning bosh tomonida, Siyob arig‘i yaqinidan Xo‘ja Doniyor buloq-chashmasi ham bor. Xalq uni tabarruk bilib ichadilar va cho‘miladilar. Uni ko‘p kasallar shifosiga sabab deb biladilar. U kishiga tangrining rahmati bo‘lsin!.»

Bu haqda Abul Hakim Samarqandiyning «Qandiya» kitobida quyidagilarni yozadi:» Samarqandda bir chashma borkim, jannat chashmalaridandur va Obi Rahmat arig‘i yaqinidadur. Tarixchilarning aytishlariga qaraganda, ushbu suv Doniyor Payg‘ambar qabrlari bosh tarafidan oqadi va mazkur chashma shifo-salomatlik sababchisidir va bu suvning bir qismi Bog‘i Maydon tomon oqar va Obi Rahmatga qo‘shilur. Yuqorida Doniyor Payg‘ambarning qabri bo‘lib, ul zot baraka keltiruvchi Payg‘ambar hisoblanganlar».

Yana bir O‘rta Osiyo manbalari bizga Doniyor Payg‘ambarning xizmatlari haqida ma’lumot beradi – bu Binoiyning «Tush ta’biri» kitobidir. Bunda ko‘pgina hikmatli so‘zlar «Doniyor alayhissalom keltiradilarkim»- so‘zi bilan boshlanadi. Maqbaraning shimoliy tomonida 500 yoshlik pista daraxti hamon ko‘karib turibdi. Yarim qurigan bu pista daraxti 1996 yili Moskva va Butun Rossiya patriarxi Aleksiy II tomonidan qabrni ziyorat qilib va daraxtni muqaddaslashtirilganidan so‘ng, yana gullab ketishi diqqatga sazovordir. Maqbara ichida dunyodagi eng uzun qabrni ko‘ramiz, u 18 metr uzunlikka ega. Qabrning balandligi janub tomonida 90 sm, shimol tomonida – 160 sm, shimol tarafi birmuncha kengroq – 2m chunki, bu tomondan to‘rtburchak sag‘ona o‘rnatilgan. Sag‘ona pishiq g‘isht bilan terilib, qumshuvoq qilingan va qur’oniy yozuvlarga ega bo‘lgan marmar panellar bilan bezatilgan. Sag‘onaning qarama-qarshi tomonida, maqbaraning shimolga qaratilgan derazasining tokchasida, hajmi uncha katta bo‘lmagan, mahalliy aholi «niyat-toshi» deb atalgan, arabiy yozuvlarga ega bo‘lgan tosh bor. Ziyoratchilar Hazrati Doniyor qabrini bir yoki uch marta niyat qilib aylanadilar va bu toshni ko‘tarishga yoki hech bo‘lmasa qimirlatishga xarakat qiladilar. Qabrning uzunligi to‘g‘risida bir necha rivoyatlar bor. Ularning birida aytilishicha, olib kelingan turbat-muqaddas hisoblanganligi uchun, yomon niyatli kishilar qoldiqlarni kovlab olib ketishlari mumkin edi. Shuning uchun uzun qabr kovlanib, Payg‘ambarning qoldiqlari uning qayerigadir ko‘milgan.

Boshqa mulohazalarga qaraganda (bu ingiliz olimi Stounga tegishli) dunyoda o‘sadigan qabrlar bor emish. Va Doniyor Payg‘ambarning qabri shu qabrlar sirasiga kiradi. Bu fikrga ko‘ra, har 100 yilda payg‘ambarning suyaklari bir gazga (72 sm) o‘sar ekan, shuning uchun qabr shunday uzunlikka ega ekan. Pirovardida, agar qabrning ikki tomoni aylana shaklida birlashib, yer sharini qamrasa, yer yuzida jannat bo‘lar ekan.

Doniyor payg‘ambar maqbarasi turli davrlarda turlicha ko‘rinishga ega bo‘lgan. Chor Rossiyasi davrida nashr etilgan kitobda Doniyor Payg‘ambarning 1870-1980 yillardagi gravyura surati aks ettirilgan. Undan shu ma’lum bo‘ladiki, o‘sha davrlarda Doniyor Payg‘ambar qabri usti daryo toshlari bilan terilgan va uning atrofida kichik ayvon va xona (masjid) mavjud bo‘lib, qabr atrofida ruhoniy va avliyolarning belgisi bo‘lgan oltita tug‘ o‘rnatilgan. Tug‘lar maxsus toshlarga o‘rnatilgan bo‘lib, hozirda ham ushbu tug‘larni ushlab turgan toshlar bor, lekin tug‘lar saqlanmagan. XIX asr oxirlarida ushbu qabr ustida maqbara qurildi. Unga boradigan asosiy yo‘l qadimiy Afrosiyob shaharchasidan bo‘lib, maqbaradan sal balandroqda kirish darvozaxona-ayvoni qurilgan. Uning qoldiqlari hanuzgacha saqlanib kelinmoqda va u ham maqbara qurilgan paytda bino etilgan. Hazrati Doniyor qabri ustidagi mavjud bo‘lgan maqbara XX asrning boshida Samarqand sovunpazlarining ustozi Mahmud oqsoqol tomonidan bunyod etilgan, chunki Hazrati Doniyor sovunpazlarning piri hisoblanadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, maqbaraning qurilishida Miroshnichenko ismli rus tadbirkor-savdogar ham o‘z hissasini qo‘shgan.

Maqbarada ko‘pgina ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Ziyoratgoh atrofi devor bilan o‘ralib, ziyoratgohga chiqish uchun 3 qismli zinapoya qurildi. Shu bilan birgalikda qabr atrofi oniks va qora marmar bilan qoplandi. XX asrning boshlarida olingan bir fotosuratda maqbara olti gumbazli bo‘lgan, hozirgi vaqtda esa gumbazlarining soni beshta bo‘lib, ular keyinchalik buzilib, qaytatdan tiklangan bo‘lishi mumkin. Maqbaraning shimol tomonida imoratning yuqori qismini ikki burchagidan pishiq g‘ishtdan terilgan qubbalar bezatadi. Ular yevropacha uslubda qurilgan. Ichki qismida, o‘sha davrda qo‘llaniladigan, qalqonsimon langarlar, hamda gumbazlarni ko‘tarib turgan ravoqlar ishlatilgan.

2001 yilda majmua atrofida arxeologik qazishlar olib borildi. XIV asrga tegishli masjid qoldiqlari topildi. Masjidning mehrob tokchasi Makka tomoniga qaratilgan. Qariyalarning aytishlaricha, masjit ikkinchi jahon urushi davrida noma’lum sabablarga ko‘ra buzilgan. Imoratning devorlari cho‘pkori uslubida qurilgan bo‘lib, tagsinch bolori pishiq g‘ishtli asosga yotqizilgan edi. Masjidning shimoliy qismida maydoni 25 kv.m. li ayvoni va masjidga kirish eshigi shu yerdan bo‘lgan. Ayvonning shimoli-g‘arbiy burchagida uzunligi 80sm., eni 40sm., qalinligi 20sm. kattalikdagi ikkita to‘g‘ri burchakli tosh plitasi topildi. Ular qabr toshlar yasash uchun xomashyo edi. Masjid janubiy devorining tag qismi sinchiklab o‘rganilganda u yerda XVII asrga oid g‘ishtlar  topildi. Mehrobli devor esa, ancha qadimgi devor o‘rnida, jarlikning yonbag‘rini ushlab turish uchun qurilgan ekan. Bu yerdagi va janubiy devor tagidagi g‘ishtlar XIV asr oxiri va XV asr boshlariga oiddir. 
 Quyiroqda, buloq tomon boradigan yo‘lakda esa, IV- VII asrga va hatto I- II asrlarga oid buyumlar topildi. Islom dinigacha, mahalliy zardushtiylar shunday buloqlar oldida turli diniy marosimlarni bajargan. Bu yerda ham islomgacha bo‘lgan davrda muqaddas hisoblangan qandaydir maskan bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Lekin bu borada hali aniq xulosa chiqarish erta, chunki arxeologik izlanishlarni davom ettirish lozim. Bularning barchasi Hazrati Doniyor payg‘ambarning muqaddas majmuasi haqida, bizlarga hali o‘z sirlarini to‘lasincha ochgan emas.

Arxeologik qazish ishlari davom ettirilmoqda va kelgusida maqbara to‘g‘risida kengroq ma’lumotlar olinadi degan umiddamiz. 1995 yildan boshlab maqbara va uning atrofidagi maydonlarda katta qurilish-ta’mirlash va obodonlash-tirish ishlari olib borildi.

Hozirgi ahvoli[tahrir]

Hozirda maqbara va uning atrofi to'liq ta'mirlangan. Maqbara yonidan o'tuvchi anhor atrofi ko'kalamzorlashtirilgan, xorijiy mehmonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Manbalar[tahrir]


Galereya[tahrir]