Umarxon
Umarxon, Amir Umarxon, Amiriy (1787 – Qoʻqon – 1822) – Qoʻqon xoni (1810–1822), oʻzbeklarning Ming sulolasiga mansub, zullisonayn shoir. Norboʻtabiyning oʻgʻli. Oʻzbeklarning ming urugʻidan. Boshlangʻich savodini oilada chiqarib, keyin madrasada tahsil olgan. Yoshligidan saroy xizmatiga jalb qilingan: akasi – Qoʻqon xoni Olimxonning davlatni boshqarish ishlarida faol ishtirok etgan. Olimxon 1807–1808-yillarda unga Fargʻona hokimligini topshirgan. Shu yillarda u Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyim (Nodira)ga uylangan. Umarxon vafotidan soʻng taxtga oʻgʻli Muhammad Ali-xon chiqdi.[1]
Taxtga oʻtirishi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Hokim tabaqalar Olimxonning Toshkentda koʻtarilgan gʻalayonni bostirish uchun qoʻshin tortganligidan foydalanib, fitna uyushtiradilar va 1810-yil Umarxonni xon qilib koʻtaradilar, Olimxon esa oʻldiriladi. Umarxon Qoʻqon xonligi hududini kengaytirish, hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib boradi. Buxoro amiriga qarashli Turkiston shahar (1815), Oʻratepani (1817) bosib olgan. Sirdaryo boʻyidagi yerlarda Yangiqoʻrgʻon, Julek, Qamishqoʻrgʻon, Oqmachit, Qoʻshqoʻrgʻon nomli harbiy istehkomlar qurdirgan. Ular Oʻrta Osiyoni Rossiya bilan bogʻlaydigan muhim savdo yoʻlida joylashgan edi. U Rossiya bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatishga harakat qilgan. Umarxon davrida Qoʻqon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Avliyootada masjid va madrasalar qurilib, qabristonlar tartibga keltirilgan. Shahrixon shaharchasi barpo etilgan, yangi qishloqlar vujudga kelgan. Xon amaldorlarining talonchilik siyosatiga qarshi Chimkent va Sayramda koʻtarilgan qoʻzgʻolon bostirilgan. XX asrning birinchi yarmida Qoʻqonda oʻziga xos ilmiy-madaniy muhit vujudga kelgan – uning boshida turgan maʼrifatparvar hukmdor Umarxon ilm, madaniyat, sanʼat, adabiyot, turli kasb-hunarlarning rivojiga katta eʼtibor bergan, madrasalarda oʻqish-oʻqitish ishlarini yaxshilagan, turli hunar maktablari ochilishini qoʻllab-quvvatlagan.
Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Umarxon Amiriy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Uning atrofida 70 dan ortiq shoir yigʻilgan. 1821-yilda Fazliy Namangoniy Umarxon amriga binoan, 63 shoirning sheʼrini oʻz ichiga olgan „Majmuai shoiron“ toʻplamini tuzgan. Uni ulugʻlab qasidalar yozish, gʻazallariga tatabbuʼlar bogʻlash bu shoirlar ijodida yetakchi oʻrin tutgan.
Umarxon Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedilni oʻziga ustoz sanab, ulardan ijod sirlarini oʻrgangan, ularga ergashib ijod qilgan, gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan. Aruzning turkiy adabiyotda mashhur, xalq ijodida ham keng tarqalgan yengil va oʻynoqi vaznlaridagina yozilgan bu sheʼrlarning barchasi ishq-u muhabbat mavzuida. Ularda anʼanaviy motivlar va tasavvufiy ruh ustun. Oʻzbek va fors-tojik tilidagi sheʼrlarini toʻplab, devon tartib bergan. Devon gʻazal, muxammas, musaddas, tuyuq janrlaridagi 10 ming misradan ortiq sheʼrni oʻz ichiga olgan. „Devon“ida Navoiy anʼanalarini davom ettirgan, sheʼriyatning 12 janrida qalam tebratgan. Gʻazallarida dunyoviy ishq tavsifi bilan bir qatorda soʻfiyona talqindagi gʻoyalar ham mavjud. „Devon“ning qoʻlyozma va bosma nashrlari OʻR FA ShIda 3642, 4419, 90, 9993, 5065, 7489 II, 9917, 6745 I, 6672, 1880, 177, 98 III, 9765, 44, 4727 va Adabiyot muzeyida 99, 153 raqamlari ostida saqlanadi.
Oʻzbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyining matnshunoslik va yozma yodgorliklarni nashr etish boʻlimining ilmiy xodimlari tomonidan Umarxonning turli davrlarda koʻchirilgan 26 ta qoʻlyozma devoni hisobga olinib, ularning ilmiy tavsifi berilgan. Bu qoʻlyozmalar Sankt-Peterburg, Toshkent, Samarqand va Buxoro kutubxonalarida saqlanadi. Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida Umarxonning 17 ta qoʻlyozma devoni mavjud. Bundan tashqari, litografik usulda chop etilgan devonlari va shoir sheʼrlaridan namunalar berilgan bayozlar bor.
Shoir ijodiga nazar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oʻzbek adabiyotshunosligida Amir Umarxon ijodi Fitrat, Vadud Mahmud, P. Qayumiy, A. Qayumov, M. Qodirova, A. Madaminov, H. Boltaboev tomonidan oʻrganilgan, asarlari eʼlon etilgan. OʻzME da tadqiqotchilar Z.Qobilova, M.Yuldasheva shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Qayumov A. "Qoʻqon adabiy muhiti" T., 1961; Ibrat "Fargʻona tarixi" T., 1991;
- Mulla Olim Mahmud Hoji "Tarixi Turkiston" Qarshi 1992;
- Qayumov A. "Tazkirai Qayumiy"1jild T., 1998; Homidiy H., "Koʻhna Sharq dargʻalari" T., 1999; Bobobekov H." Qoʻqon tarixi" T., 1996;
- Dilshod Barno "Tarixi muhojiron" T., 1994; Nodira Komila, Devon, 2001.
- H.Boltaboev." Amir Umarxonning maktubi". „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1997. 11- oktabr;
- Poʻlatxon Qayumiy. "Tazkirai Qayumiy". -T.: 2000.
Nashr qilingan asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Amiriy. Devon. (Nashrga tayyorlovchi M.Qodirova). T.: Fan, 1972.
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
|