Muhammad alixon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Muhammad Alixondan yoʻnaltirildi)

Muhammad alixon (taxminan 1803/ 06—1842, Qoʻqon) — Qoʻqon xoni (1822—41). Umarxon va Nodiranmng oʻgʻli. Otasi Umarxon vafotidan keyin 17 yoshida taxtga oʻtirgan. Hukmronlik davrida xonlik hududini kengaytirishga uringan. Jan. Olay togʻ etagidagi tojiklar boʻysundirilgan. Qorategin butunlay, Darvoz, Shugʻnon, Roshan, Vohon faqat nomigagina zabt etilgan. 1829 yil Qashqarga yurish qilgan. Uning bu harakatidan foydalangan Qashqar musulmonlari xitoylarga qarshi bosh koʻtargan. Magʻlub boʻlgan uygʻurlardan 70 mingi M. A. bilan birga qaytib, Qoʻqon xonligidagi shaharlarga (jumladan, Toshkentga) joylashtirilgan. M. A. Qashqarga qilgan qaytaqayta hujumi natijasida Sharqiy Turkiston shaharlaridan boj yigʻish hukuqini olgan. M. A. hukmronligi davrida sugʻorish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent yaqinida Xonariq qazilgan. Toshkent hokimi Lashkar qushbegi M. A. ning yaqin maslahatchisi boʻlib qolgan. Rossiya bilan savdo va diplomatik aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. 1828 yil Qoʻqondan Sankt-Peterburgga elchilar boradi va ular yaxshi kutib olinadi. 1830 yil Qoʻqonga Rossiya elchisi xorunjiy Potanin keladi.

M.A.ning hukmronlik davrida Qoʻqon—Buxoro munosabatlari keskin yomonlashadi. Ular orasida boʻlib oʻtgan urushlar natijasida Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqon qoʻshinini tormor qiladi. M.A. oʻzini noiloj amirning noibi deb eʼtirof qiladi. Oradan ikki yil oʻtgach, 1841 yil okt.da Qoʻqonda xon zulmiga qarshi xalq qoʻzgʻoloni koʻtariladi.

M. A. ichkilikbozlik va axloqsizlikka beriladi. Buxoro—Qoʻqon oʻrtasidagi munosabatlar yemonlashuvi va tez-tez takrorlanib turadigan harbiy toʻqnashuvlar shunga olib keldiki, M. A. 1841 yil noyabrda ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechadi, shundayboʻlsa ham 1842 yil aprelda Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonni zabt etdi va M.A.NI, ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodira begimni qatl ettiradi.

M. A. gʻazallar yozgan, uning buyrugʻiga binoan, xattotlar Alisher Navoiy asarlarini miniatyuralar bilan bezatib koʻchirishgan, koʻplab tarixiy asarlar fors va arab tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. M. A. davrida maktab va madrasalar qurilgan (mas, Madalixon madrasasi), Qoʻqonning eski oʻrdasi taʼmirlangan.

Adabiyot[tahrir]

  • Mirzoolim Mushrif, Qoʻqon xonligi tarixi, T., 1995; Bobobekov H. N., Qoʻqon tarixi, T., 1996; Nabiyev R. N., Iz istorii Kokandskogo xanstva, T., 1973.

Haydarbek Bobobekov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil