Tolib Maxsum madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Tolib Maxsum madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Islom Xoʻja koʻchasi, 22-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Meʼmor Xudoybergan hoji va Qalandar Koʻchim
Binokorlik tashabbuschisi Tolib Maxsum
Homiylar Tolib Maxsum
Asosiy sana:
Maqomi davlat himoyasida
Umumiy maydoni 18,8x16,55 m
Hujralar soni 8 ta

Tolib Maxsum madrasasi (yoki Tolib Maxdum madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa 1910-yilda Xiva xonining mirzosi boʻlgan Tolib Maxsum (Maxdum) mablagʻi hisobiga qurilgan. Uni qurishda xivalik ustalardan Xudoybergan hoji va Qalandar Koʻchim qatnashgan. Bugungi kunda yodgorlik „Ichan qalʼa“ MFY, Islom Xoʻja koʻchasi, 22-uyda joylashgan.

Tolib Maxsum madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Tarixi va qurilish uslubi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tolib Maxsum (Maxdum) madrasasi 1910-yilda Tolib Maxsum xoʻjaning mablagʻlari hisobiga qurib bitkazilgan. Koʻplab tarixiy maʼlumotlarga koʻra, madrasaning qurilish gʻoyasi saroy vaziri Islomxoʻja Tolib hamda Xiva hukmdori Muhammad Rahimxon II larga tegishlidir. Yodgorlikni xivalik, koʻplab madrasalarni qurishda ishtirok etgan ustalar Xudoybergan hoji va Qalandar Koʻchim bunyod etgan. 8 hujrali madrasa Islomxoʻja madrasasiga shimol tomonidan yopishtirib qurilgan. Maxsum (yoki maxzum, xivachasiga maxsum) soʻzining etimologiyasi – xizmat etiladigan kishi, ulugʻ zot, martabali ziyoli kishi degan maʼnoni anglatadi. U ulamo, pir va ustozlarga beriladigan unvondir. Boshqa maʼlumotga koʻra, bu soʻz „Fors/arab tillarini biluvchi“ deya tarjima qilinadi[3].

Tolib Maxsum Muhammad Rahimxonning yoshlikdan yaqin doʻsti boʻlib, tanbur chalishni maromiga yetkazgan kishi edi. Uning xon oldidagi obroʻsi katta boʻlgan[4].

Madrasa toʻgʻri toʻrtburchak tarhli qilib qurilgan va umumiy maydoni 18,8x16,55 m ni tashkil qiladi, atrofida 1 qavatli hujralar joylashgan. Peshtoq sharafasiga silliqlangan gʻishtlar 2 qator qilib terilgan, dandanasi yashil rangli koshin bilan bezatilgan. Bosh tarzidagi gumbazli miyonsaroy (darvozaxona) orqali hovliga oʻtiladi. Darsxona va masjid miyonsaroyning 2 yonida joylashgan. Hovli maydoni 10,75x8,0 m boʻlib, burchaklaridagi xonalarga eshik ochilmagan. Atrofidagi hujralar tomi balxi gumbazli, ularning oldini uncha chuqur boʻlmagan ravoqlar egallagan. Hujralarga ravoqlardagi eshiklar orqali kiriladi. Madrasaning darsxonasi oʻrniga chorsi xona (shimoli-gʻarbiy burchagiga) qurilgan. Olimlarning tahmin qilishicha, madrasada asosan nusxa koʻchiruvchilar, xattotlar va dunyo ilmi sohasi mutaxassislarini tayyorlashgan. Madrasa 1977-yilda birinchi marta katta miqyosda qayta taʼmirlangan[5].

Bugungi kunda Tolib Maxsum madrasasida sayyohlar dam olib, ovqatlanishi uchun oilaviy oshxona-restoran faoliyat olib bormoqda[6].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]