Tom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Tombinoning ustini yopib turuvchi qismi. Devorlar va binoning ichini yogʻinsochindan asraydi. Yuk koʻtaruvchi (ferma, sarrov, stropila, xari va boshqalar) hamda tunuka, shifer, tol singari yopuvchi qismlardan iborat. Shakliga koʻra, tomlar bir nishabli, ikki nishabli, toʻrt nishabli, koʻp nishabli, shatr (qubba) shaklli, chordoqli yoki chordoqsiz (yassi), baland chordoqli mansarda koʻrinishida boʻlishi mumkin.

Eni keng sanoat binolarida tabiiy yoritish va havo almashtirish maqsadlarida tom oʻrtasiga fonar (oynavand tuynuk) ishlanadi. Bundan tashqari tomlarning gumbazli, piramidasimon, konussimon va qobiqsimon xillari ham boʻladi.

Oʻrta Osiyoda[tahrir]

Gumbazli tomlar Oʻrta Osiyoda qadimdan keng tarqalgan. Bular hozir ham quriladi.

Oʻzbekistonda[tahrir]

Oʻzbekistonda oddiy uy-joylar qadimda, asosan, yassi tomli boʻlib, uy devoriga toʻsinlar tashlab, ularning ustiga toqi (vassa) terilgan, ustiga boʻyra, qamish yoki poxol toʻshalgan, tuproq solib tekislangan, keyin somonli loy bilan suvalgan. Ayrim joylarda hozir ham shunday tomlar bor. Aksar turar joy binolari nishabli qilinadi. Oldin stropila ishlab olinib, ustiga yopish materiali (tunuka, shifer va boshqalar) qoplanadi.

Yopish materiallarining xossalari va hududning iqlimiy sharoitiga qarab tomning nishabi har xil (tunuka, tol va ruberoidlar uchun pastroq; asbotsement, cherepitsa va shiferlarda — tikroq) olinadi. Bir nishabli tomlar, asosan, yordamchi xoʻjalik binolariga quriladi. Ikki nishabli tomlar eng keng tarqalgan. Koʻp nishabli tom eng murakkab hisoblanadi.

Oʻzbekiston hududida mansardali (chordoqli qismi xonaga moslangan) uylar kam quriladi, uy-joy masalasi tanqis boʻlgan hollarda ularning ahamiyati katta.