Etimologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Etimologiya (ἔτυμον — haqiqat va λόγος [logiya] — soʻz; soʻzning haqiqiy maʼnosi) — 1) soʻz va morfemalarning kelib chiqishini oʻrganuvchi tilshunoslik boʻlimi; 2) soʻzning kelib chiqishini aniqlashga qaratilgan tadqiqot usullari majmui; 3) soʻzning kelib chiqishi. 19-asr tilshunosligida „Etimologiya“ termini „grammatika“ maʼnosida ham qoʻllangan.

Tilshunoslik boʻlimi hisoblangan Etimologiyaning asosiy vazifasi qadimiy manbalarni hamda til lugʻat tarkibining shakllanish jarayonini va uning dastlabki, qadimiy holatini tiklashdan iborat. Har bir til leksikasida muayyan miqsordagi soʻzlar borki, ularning shakli bilan maʼnosi oʻrtasidagi bogʻliqlik shu til egalari uchun tushunarsiz boʻlib qolgan, chunki soʻzning tarixan oʻzgara borishi uning dastlabki shakl va maʼnosini xiralashtirib qoʻyadi, bunday soʻz strukturasini tildagi mavjud yasalish qoliplari orqali izohlab boʻlmaydi. Etimologik tahlilning maqsadi muayyan soʻzning qachon, qaysi tidda, qanday yasalish qolipi boʻyicha, qaysi til materiali asosida qanday shakl va maʼnoda paydo boʻlganini aniqlashdir. Etimologik tahlilning asosiy metodi qiyosiytarixiy usul boʻlib, u fonetik qonuniyatlar, morfologik qoidalar, morfologik oʻzgarishlarga tayanib ish koʻradi. Bunday tadqiqot natijalari til tizimi va strukturasidagi turli jarayonlarni hamda soʻzlarning etimologik maʼnolarini aniqlashda, etimologik lugʻatlar tuzishda ahamiyatlidir. Muayyan til uchun oʻzlashma hisoblangan soʻzlar Etimologiyasini aniqlash unchalik qiyin emas. Mas, hozirgi oʻzbek tilida qoʻllanayotgan „daftar“, „piyola“, „qalam“ kabi soʻzlarning yunon tiliga mansubligi, oʻsha tildagi (dastlabki) maʼnosini aniqlash uchun leksikografik izlanish — tegishli tillar (arab, fors, yunon) lugʻatlarini solishtirish kifoya qiladi. Biroq „juda qadimiy“ maʼnosidagi „daqyonus (daqqiyunus)dan qolgan“ iborasining Etimologiyasini aniqlash uchun din tarixidan, Qurʼoni karimdagi „Kahf surasi“dan, Rim imperiyasi tarixidan xabardor boʻlish kerak.

Soʻz Etimologiyasining ilmiy Etimologiya, soxta Etimologiya va xalq Etimologiyasi kabi turlari bor. Ilmiy etimologik tahlil til tarixiga, lahja va shevalarga murojaat qilish, faktlarni turli yoʻllar bilan qiyoslash orqali yuzaga keladi. Mas, pichoq soʻzining „bi“ (tigʻ) oʻzagiga chak qoʻshimchasini yoki „bich“ (kes, kesib tashla) feʼliga ak qoʻshimchasini qoʻshish orqali, „kuy“ soʻzining qadimiy turkiycha „kbg“ (qoʻp maʼnoli soʻz; bir maʼnosi — ashulada ovozning pastbalandligi) soʻzining „koʻy“, „kuy“ kabi shakl oʻzgarishi va qisman maʼno oʻzgarishi orqali paydo boʻlganligi ilmiy etimologik tahlillar bilan aniqlangan. Lisoniy birliklarni etimologik tahlil qilishda ular tarkibida tejamkorlik natijasida roʻy bergan oʻzgarishlarga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Mas, hozirgi kunda oʻzbek tilida qoʻllanayotgan, payt maʼnosini bildiruvchi tunovgi — tunovkun — tunovin soʻzlari aslida 3 tarkibiy qismdan iborat boʻlib, „tun ogʻgan qun“ shaklida qoʻllangan; bir qancha shakl oʻzgarishlaridan keyin mazkur qoʻrinishlarga ega boʻlgan. Demak, „tunovin“, „tunovgi“ soʻzlari, mavjud lugʻatlardagidek oʻtgan kun, burnogʻi kun, kechadan oldingi kun maʼnolarini emas, balki kecha, yaʼni tun ogʻgan kun (tun chappa boʻlgan kun) maʼnosini ifodalagan.

Soxta Etimologiya eskirgan yoki oʻzlashma soʻzning morfologik tuzilishi va boshqalar xususiyatini notoʻgʻri tushunish natijasida yuzaga keladigan izoh. Mas, „meditsina“ soʻzini „madadi Sino“ tarzida ajratib, Ibn Sino nomi bilan yoki „dorchin/dolchin“ soʻzini „haqiqiy dori“ birikmasi bilan bogʻlash soxta Etimologiya boʻlib, aslida lot. tesIsta — „vrachlik mahorati davolash“ maʼnosini, forscha dorchin/dolchin esa „doruyi chin“ — xitoy dorisi maʼnosini bildiradi. Xalq Etimologiyasi muayyan soʻz maʼnosini aniq faktlarga asoslanmagan holda, faqat tovush tomonining tasodifiy oʻxshashligiga qarab, shuningdek, afsona va rivoyatlarga tayanib izoxlashdan iborat.

Tillardagi soʻzlarning dastlabki kelib chiqish maʼnosi etimologik lugʻatlarda beriladi. Ensiklopedik nashrlarda, jumladan, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida, odatda, boshqa tildan^ oʻtgan soʻzlargagina Etimologiya koʻrsatiladi. Oʻzbek tilshunosligiga bagʻishlangan bir qator tadqiqotlarda va ayrim sohalar boʻyicha tuzilgan lugʻatlarda etimologik izlanishlar mavjud boʻlsada, Etimologiya toʻla maʼnodagi fan sohasi sifatida shakllanib yetmagan. Prof. Sh. Rahmatullayevning keyingi yillardagi tadqiqot va lugʻatlari bu sohadagi dastlabki tajribalar hisoblanadi.

Etimologik lugʻatlarda asosan soʻzning kelib chiqishi haqida keng maʼlumotlar beriladi

Yana qara[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

L<E..Pizani V., Etimologiya, per. sital., M., 1956; Sevortyan E.V., Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazmkov, T., 1—4, M., 1974—84; Rahmatullayev Sh., Oʻzbektilining etimologik lugʻati, T., 2000.

Nemat Mahkamov.