Qoʻngʻirot (qabila)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Xorazmda hukmronlik qilgan Qoʻngʻirotlar oʻzbek sulolasining soʻnggi vakili — Said Abdullaxon

Qoʻngʻirotoʻzbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri.

Ilk oʻrta asrlarda Oltoy, Moʻgʻulistonning shimoliy qismida yashaganlar. Markaziy Osiyoda turli koʻchmanchi turkiy qabila va urugʻlar qoʻngʻirotlar atrofida uyushib, ularning qabilaviy nomini qabul qilishgan. XIV asrda Xorazmda qoʻngʻirot zodagonlari orasidan Sufiylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelgan. XVI asrda qoʻngʻirotlar Oʻzbek ulusidagi turkiy qabilalar tarkibiga kirgan. Ulus parchalanishi bilan qoʻngʻirotlar oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq va boshqa xalqlar tarkibiga kirgan. XIV—XVI asrlar davomida qoʻngʻirotlarning ayrim guruhlari Xuroson, Janubiy Turkiston va Hisor-Sherobod vodiysiga kelib oʻrnashganlar. Xorazm hududiga oʻtgan qoʻngʻirotlar keyinchalik Xorazmning siyosiy hayotida faol ishtirok etishgan. XVIII asrning 2-yarmi — XIX asr boshlarida Xorazmni oʻzbeklarning Qoʻngʻirot sulolasi boshqargan. Bu sulola 1920-yil Qizil armiya tomonidan tugatilgan.

Etnograf B. X. Karmisheva qoʻngʻirotlar 5 ta katta urugʻdan: vaxtamgʻali, qoʻshtamgʻali, qonjigʻali, oyinli va tortuvlidan iborat ekanligini koʻrsatgan. Qoʻngʻirotlar orasida eng katta guruh vaxtamgʻali boʻlib, u 18 ta katta uruqqa boʻlinadi: ochamayli, boymoqli, taroqli, chan-chiqli, qozoyoqli, choʻmichli. qaychili, ishqili, qiygʻochli, jilontamgʻali, bolgʻali, qoraqoʻngʻirot, bugʻajili, uyuvli, xandaqli, irgʻoqli, aboqli kesovli.

XX asr boshida Buxoro xonligida qoʻngʻirotlarning umumiy soni 85 760 kishidan iborat boʻlgan. Ular, asosan, Boysundaryo havzasida (3525 kishi), Qoratogʻdaryo (13 140), Sheroboddaryo (18 383) va Surxondaryo (9 375) havzalarida ham Kofirnihonda (1 245), Qarshi vohasida (7 175), Gʻuzordaryoning quyi qismida (8875), Amudaryo vodiysi va Termiz atrofida (3525) yashashgan.

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida qoʻngʻirotlarning aksariyati yarim oʻtroq holda yashab, xoʻjaligida chorvachilik muhim rol oʻynagan.

Adabiyot[tahrir]

  • Karmnsheva B.X., Ocherki etnicheskoy istorii yujnnx rayonov Tadjikistana i Oʻzbekistana, M., 1976.