Muhammad Kardariy Bazzoziy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad Kardariy Bazzoziy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1329-yil
Vafoti 1413-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi Faqih

Muhammad Kardariy Bazzoziy(arabcha:محمد كرداري بزوزي — Muhammad Kardariy Bazzoziy — Toʻliq ismi: Muhammad ibn Muhammad ibn Shihob ibn Yusuf ibn Umar ibn Ahmad Kardariy Bazzoziy Xorazmiy (1329—1413)) — Faqih.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad Kardariy Bazzoziy hanafiy mazhabining yirik faqih olimlaridan biri boʻlib, vafot etgan joyi Kardar shahariga nisbat berilgan. Tarixiy maʼlumotlarga asoslanib aytish mumkinki, Kardarning shahar sifatida shakllanishida milodning III asriga kelib, Kardar kanalining mazkur hududga yetib kelishi asosiy omil boʻlgan. Shuningdek, mazkur kanal yaqinidagi „Baratqin“ qishlogʻi aholisini ham kardarliklar deb nomlaganlar. Masalan: Abdusattor Kardariy ham baratqinlik boʻlgan. Shaharning kanal yaqinida joylashishi dehqonchilik, baliqchilik va chorvachilik sohalarining rivoj topganini anglatsa, uning Buyuk Ipak yoʻli hamda Xorazm vohasi tarkibida ekani esa Kardar shahri taraqqiyotining davomiyligini anglatadi. Kardar madaniyati ikki bosqichga boʻlinadi: birinchi bosqich VI-VIII asrlarga toʻgʻri kelib, Quyuq-qalʼa, Gurganch va Toʻk-qalʼaning quyi qismini oʻz ichiga qamrab oladi. Ikkinchi bosqich esa, IX-XI asrlar bilan bogʻliq boʻlib, Toʻk-qalʼaning yuqori qismi va Hayvon-qalʼani oʻz ichiga oladi.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarb adabiyotlari hamda arab tilidagi kitoblarda Kardar soʻzi — „Kurdar“ shaklida beriladi. Kardarlik olimlar tasnif etgan qoʻlyozmalarda esa, uning „Kardar“ deb yuritilishi kuzatiladi. Ayni Kardar shakli koʻpchilik tomonidan qabul qilingan. Bizningcha, Kurdar shakli arab tilidagi „v“ harfining ikkinchi harf oʻrniga qoʻshib yozilishi natijasida kelib chiqqan. Bu joy nomi haqida Gʻarb olimlari ham asosan arab tilidagi manbalardan foydalanganlar. Muhammad Kardariy Bazzoziyning „Bazzoziy“ (Bazzoz (arab.) — gazlama sotuvchi, gazlamachi maʼnolarini anglatadi) deb atalishiga qaraganda, gazlama tijorati bilan shugʻullangan. Muhammad Kardariy Bazzoziy ilk tahsilini otasi Nosiruddin Kardariydan olib, keyinchalik oʻz ilmini boshqa ustozlaridan yanada takomillashtirgan. Otasining toʻliq ismi: Muhammad ibn Shihob ibn Yusuf ibn Umar ibn Ahmad Nosiruddin Kardariy boʻlib, furuʼ, usul, mantiq ilmlarini yaxshi bilgan va shu ilmlardan saboq bergan. Muhammad Kardariy Bazzoziy fiqh ilmini „Al-kifoya fi sharhi-l-Hidoyaasarining muallifi Sayyid Jaloliddin Kirmoniydan oʻrgangan. Muhammad Kardariy ilm talabida Samarqand, Buxoro, Bolgariya, Qrim, Turkiya va Makka shaharlariga safar qilgan. Muhammad Kardariy Bazzoziy bir nechta asar yozgan boʻlib, ulardan eng mashhuri „Al-jomiʼu-l-vajiz“ („Muxtasar toʻplam“) asaridir. Mazkur asar xalq orasida „Al-fatovou-l-Bazzoziya“ („Bazzoziy fatvolari“) nomi bilan mashhur. Ushbu asarda fiqhiy masalalarni yechishda raʼy, qiyos, istihsondan foydalanish va ularni qoʻllash uslublari oʻz ifodasini topgan. Muhammad Kardariy Bazzoziyning „Al-jomiʼu-l-vajiz“ asari 1516-17-yillarda Turkiya orqali mashriq diyorlariga tarqalgan. Mazkur asarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari TIU, Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQMda, Michigan un-ti kutubxonasi, Yaman, Rim qoʻlyozmalar fondi, Iskandariya, Sulaymoniya, Boyazid, Oksford universiteti, Quvayt kutubxonalarida saqlanmoqda. Asarda islom huquqi tarixi, temuriylar tarixiga oid qimmatli maʼlumotlar berilishi bilan birga, qator dolzarb masalalar haqida ham toʻxtalib oʻtilgan. Unda Abullays Samarqandiy, Saraxsiy, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Xurosoniy, Imom Nasafiy kabi faqihlar bilan birga Imom Shofiʼiy fikrlarining keltirilishi unda qiyosiy huquqshunoslik masalalari ham keng va batafsil yoritilganligini koʻrsatadi. Asar „Kitobu-t-tahora“ („Tahorat kitobi“) bilan boshlanib, „Kitobu-l-faroiz“ („Meros kitobi“) bilan yakunlanadi. Asarda nass bilan birga hanafiy mazhabidagi buyuk faqihlarning sara fatvolari jamlangan boʻlib, mazkur fatvolar dolzarb va ishonchliligi bilan oʻz davrining muhim manbalaridan hisoblangan boʻlsa, unda keltirilgan muhim masalalar, tarixiy vaziyatlar bugungi kun uchun ahamiyatlidir. Shuningdek, asarda ilm, inson qalbi, ijtimoiy himoya, inson hayoti xavfsizligi, ijtimoiy adolat, aqidaviy va bugungi kunimizgacha dolzarb boʻlib kelgan boshqa masalalar keltirilgan. Bundan tashqari, Muhammad Kardariy Bazzoziyning „Mano-qib imomi-l-Aʼzam Abi Hanifa“, „Mux-tasar fi bayon taʼrifati-l-ahkom“, „Adabu-l-qoziy“ kabi asar islom dunyosi boʻylab tarqalgan. „Manoqib imomi-l-Aʼzam Abi Hanifa“ asari xalq orasida „Manoqibi Kardariy“ nomi bilan mashhur boʻlib, Abu Hanifa haqidagi manbalardan iborat juda mashhur va maqbul kitoblardan hisoblanadi. Koʻpgina mualliflar oʻzlarining kitoblarida, jumladan, yetuk arab olimi Imom Abu Zahro ushbu asarda Abu Hanifa haqida keltirilgan maʼlumotlardan foydalanganlar. Kitob muqaddima va oʻn bir bobdan tashkil topgan. Muqaddimada sahobiylar va tobiʼiynlar haqida, birinchi bobda esa Abu Hanifa, ikkinchi bobda Imom Abu Yusuf, uchinchi bobda Imom Muhammad, toʻrtinchi bobda Abdulloh ibn Muborak, beshinchi bobda Imom Zufar, oltinchi bobda Dovud Toiy, yettinchi bobda Vakiʼ ibn Jarroh, sakkizinchi bobda Hafs ibn Gʻiyos, toʻqqizinchi bobda Yahyo ibn Zakariyo, oʻninchi bobda Hasad ibn Ziyod, oʻn birinchi bobda Abu Hanifaning boshqa shogirdlari haqida maʼlumotlar berilgan. Bu asar Turkiya va boshqa yerlarda juda mashhur boʻlgan. Asarning toshbosma nusxasi 1903-yili Haydarobod shahridagi „Doiratu-l-maʼorif“ nashriyotida chop etilgan. Muhammad Kardariy Bazzoziyning shogirdlari koʻp boʻlgan. Muhiddin Muhammad ibn Sulaymon Kofijiy, Ahmad ibn Fazl Xojitarxoniy, Ahmad ibn Muhammad ibn Arabshoh, Ahmad ibn Abdulloh, Sharafuddin ibn Kamollar shular jumlasidandir. Ular hanafiy mazhabi boʻyicha yetuk faqihlar boʻlib yetishib, shu mazhab rivojiga yuksak hissa qoʻshganlar. Muhammad Kardariy Bazzoziy „Al-kofiy“, „Al-hidoya“, „Mux-tasaru-l-Quduriy“, „Al-mufassal“ ka­bi fiqhiy asaridan dars bergan. Bu esa, Muhammad Kardariy Bazzoziyning islom huquqshunosligidagi aniq huquqiy-meʼyoriy va ikkinchi darajali masalalarga oid yozilgan manbalarni farqlay olganligini koʻrsatadi. Temuriylar davlati taraqqiyoti nati­jasida vujudga kelgan har tomonlama qulay sharoit olimlarning keng koʻlamda ijod etishlariga imkoniyat yaratgan. Buyuk olim, faqih Muhammad Kardariy Bazzoziyning hayoti va ilmiy faoliyati mustaqillik yillarida oʻrganila boshlandi, bu mavzuda ilmiy maqolalar Oʻzbekiston va xorijdagi ilmiy jurnallarda chop etildi. AllomaningAl-jomiʼu-l-vajiz“ asari boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda.[1]

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Al-jomiʼu-l-vajiz“,
  • „Manoqib imomi-l-Aʼzam Abi Hanifa“,
  • „Muxtasar fi bayon taʼrifati-l-ahkom“,
  • „Adabu-l-qoziy“.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Yurtimiz allomalari. — B. 199-203.