Gonduras

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Gonduras Respublikasi
Gonduras davlat bayrogʻi   Gonduras davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: Libre, Soberana E Independient
(Ispancha: Free, sovereign and independent)
Madhiya: Himno Nacional de Honduras
(Gonduras Davlat Madhiyasi)
Gonduras Xaritasi
Poytaxt Tegutsigalpa
Rasmiy til(lar) Ispancha
Hukumat Prezidentlik Respublika
 • Prezident Juan Orlando Hernández
Mustaqillik   Ispaniyadan
 • Sana 15 sentabr 1821
Maydon  
 • Butun 112,090 km² (102-)
 • Suv (%) 0.18
Aholi  
 • 2002 roʻyxat 6,975,204 (97- oʻrin)
 • Zichlik 62/km²
YaIM (XQT) 2005- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$20,210 mil. (114-)
 • Jon boshiga AQSh$2,897
Pul birligi Lempira (HNL)
Vaqt Mintaqasi (UTC−6)
 • Yoz (DST) (UTC−6)
Qisqartma HO
Internet domen .hn
Telefon prefiksi +504


Gonduras (Honduras), Gonduras Respublikasi (República de Honduras) — Markaziy Amerikadagi, davlat. Shimolidan Karib dengizi, janubigʻarbdan Tinch okeanning Fonseka qoʻltigʻi oʻrab turadi. Maydon 112088 km2. Axrlisi 6,2 mln. kishi (1999). Poytaxti — Tegusigalpa shahri. Maʼmuriy jihatdan 18 departamentga, departamentlar okruglarga, okruglar munitsipiyalarga boʻlinadi.

Davlat tuzumi[tahrir]

Gondurus—respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1965 yil 5 iyunda qabul qilingan; 1981 va 1982 yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat va hukumat boshligʻi—prezident. U umumiy toʻgʻri va yashirin ovoz berish orqali ovozlarning oddiy koʻpchiligi bilan 4 yil muddatga saylanadi (ikkinchi muddatga saylanishi mumkin emas). Qonun chiqaruvchi hokimiyati bir palatali parlament — Milliy assambleya.

Tabiati[tahrir]

Sohili anchagina parchalangan. Karib dengizi gʻarbiy qirgʻogʻi boʻylab kambar, sharqiy qirgʻogʻi boʻylab kengroq (80 km gacha) pasttekislik, shimolisharqi boʻylab esa botqoq pasttekislik (Moskit sohili) bor. Gonduras hududining 2/3 qismi 2865 m balandlikkacha boʻlgan togʻliklardan iborat boʻlib, koʻpgina daryolarning vodiylari alohida massivlarni hosil qiladi. Foydali qazilmalardan kumush, oltin, rangli metallar va temir rudalari, surma, boksit bor. Iqlimi tropik passat, pasttekislik va vodiylarda issiq (yanvarning oʻrtacha t-rasi 22—26°), togʻliklarda esa iliq (10—24°). Togʻlarning shamolga roʻpara yon bagʻirlarida yillik yogʻin 3000–5000 mm, janubidagi vodiylarda qurgʻoqchil. Yirik daryolari — Ulua, Aguan, Patuka, Koko. Shimolida togʻlaterit, aksari ferralit tuprokli yerlarda 600–700 m balandlikkacha doimiy yashil sernam tropik oʻrmonlar, undan yuqorida dub, qaragʻay oʻrmonlari (hududining 63%) va savannalar bor. Janubidagi togʻ-qizil tuprokli yerlarda sernam oʻrmonlar, vodiylarda kserofit butalar oʻsadi. Milliy bogʻlari: La-Tigra, Rio-Plateno.

Aholisining 90% ispan-indeys duragaylari, 6% indeyslar, 2% negrlar, 2% Yevropa mamlakatlaridan kelib Qolganlar. Rasmiy til — ispan tili. Shahar aholisi — 41,1%. Asosiy din — katolik dini. Yirik shaharlari: Tegusigalpa, San-Pedro-Sula, La-Seyba.

Tarixi[tahrir]

Qadim zamonlarda Gonduras hududida indeys qabilalari yashagan. 16-asr gacha Gonduras hududi Igueras yoki Ibueras deb atalgan. Gondurasni 1502 yil X. Kolumb ochgan. 1524 yildan uni ispanlar bosib olishga kirishdi va 1525 yilda toʻla-toʻkis oʻziga boʻysundirdi. 16-asr oʻrtalarida Gonduras Gvatemala general-kapitanligi tarkibiga kiritildi. Mahalliy xalq ispan zamindorlari va kon egalari tomonidan qattiq jabr-zulmga duchor boʻldi. Ogʻir mehnatga bardosh bera olmay qirilib ketgan indeyslar oʻrni Afrikadan keltirilgan qul negrlar bilan toʻldirilgan. Gonduras xalqi 1821 yil 15 sentabrda mustaqillikka erishdi. 1823—38 yillarda Markaziy Amerika Qoʻshma viloyatlari tarkibida boʻldi. 1824 yilda qullik bekor qilindi. 1839 yil Gonduras respublikasining birinchi konstitutsiyasi qabul qilingan. Bu paytda chet el, ayniqsa, Buyuk Britaniya va AQSH kapitali Gonduras iqtisodiyotiga kira boshladi. Gonduras xalqining ogʻir mehnat sharoitiga qarshi koʻtargan gʻalayonlari (1905, 1907, 1911, 1912), xalq koʻzgʻolonlari AQSH qoʻshinlari tomonidan bostirildi. 1929—33 yillardagi iktisodiy tanglik xalq ahvolini yanada ogʻirlashtirdi. Natijada 1931—32 yillarda bir necha marta xalq qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtdi. 20-asr boshlaridan 80-yillar oxirigacha Gondurasda diktatorlik rejimlari va harbiy xuntalar hukmroshshk qildi. Nihoyat, 1997 yil 30 noyabrda boʻlib oʻtgan saylovda oʻrta va mayda ishbilarmonlarning Gonduras liberal partiyasi rahbari Karlos Roberto Flores Fakusse gʻalaba qozondi va Gonduras prezidenta etib saylandi; 1998 yil 27 yanvarda vazifasini bajarishga kirishdi. Milliy bayrami — 15 sentabr— Mustaqillik kuni (1821).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari[tahrir]

Gonduras liberal partiyasi, 1891 yilda tuzilgan; Gonduras milliy partiyasi, 1891 yilda asos solingan; Yangilanish va milliy birlik partiyasi, 1978 yilda tuzilgan; Xristian-demokratik partiya, 1977 yilda tashkil etilgan; Gonduras kommunistik partiyasi, 1954 yilda tuzilgan. Gonduras mehnatkashlari konfederatsiyasi, 1964 yilda tashkil etilgan; Gonduras dehqonlar milliy uyushmasi, 1962 yilda asos solingan; Gonduras mehnatkashlari birlashgan federatsiyasi, 1981 yilda tuzilgan; Gonduras erkin kasaba uyushmalari markaziy federatsiyasi, 1957 yilda tuzilgan.

Xoʻjaligi[tahrir]

Gonduras— Lotin Amerikasidagi qoloq agrar mamlakatlardan biri. Iqtisodiyotining asosi — qishloq xoʻjaligi. Iktisodiy faol aholining yarmidan koʻprogʻi qishloq xoʻjaligida band. Yalpi ichki mahsulotning 23% ini qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilik, 19% ini sanoat beradi. Asosiy ekinlari: banan, kofe, tamaki, shakarqamish, sholi, paxta, makkajoʻxori, loviya, tariq. Yaylov chorvachiligi rivojlangan: qoramol, choʻchqa, qoʻy, yilqi boqiladi. Tropik daraxt yogʻochlari tayyorlanadi. Baliq ovlanadi, Fonseka qoʻltigʻidan krevetka tutiladi. Sanoati zaif rivojlangan va mayda konchilik korxonalaridan iborat. Kumush, qoʻrgʻoshinrux rudalari, oltin qazib olinadi. Bir yilda oʻrtacha 1,1 mlrd. Kilovatt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, neftni qayta ishlash, sellyuloza-qogʻoz korxonalari ham bor. Temir yoʻllarning uz. — 996 km, avtomobil yoʻllari uz.— 14,2 ming km. Tegusigalpa va San-Pedro-Sulada xalqaro aeroportlar bor. Gonduras chetga banan, kofe, yogʻoch, dengiz mahsulotlari, qand-shakar, qalay, rux, kumush chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, oziq-ovqat, keng isteʼmol mollari, kimyo sanoati mahsulotlari, yoqilgʻi, oʻgʻit keltiradi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSH, Germaniya, Yaponiya. Pul birligi — lempira.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari[tahrir]

7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarga majburiy taʼlim joriy qilingan. Boshlangʻich maktabda ham, oʻrta maktabda ham oʻqish muddati — 6 yil. Qishloq xoʻjaligi, texnika va tijorat maktablari bor. Tegusigalpa milliy universiteti, Gonduras akademiyasi, geografiya va tarix akademiyasi, geogr. milliy in-ti, antropologiya va tarix instituti, bir qancha ilmiy jamiyatlar, Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi, Tegusigalpada milliy muzey mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Gondurasda bir necha gaz. va jur,lar, jumladan, "Gaseta" (kundalik gaz., 1830 yildan), "Prensa" ("Matbuot", kundalik gaz., 1964 yildan), "Tribuna" ("Minbar", kundalik gaz., 1977 yildan), "Tyempo" ("Vaqt", kundalik gaz., 1970 yildan) gazetalari, "Komersio" ("Savdo", 1970 yildan) jur. chiqadi. Gonduras milliy radiosi 1976 yil, telekompaniyasi 1959 yil tijorat kompaniyasi tarzida tuzilgan.

Adabiyoti mustaqillik eʼlon qilingandan soʻng ispan tilida rivojlana boshladi. 19-asr shoirlari X. T. Reyes, T. Agilus, X. Sisneros va b. ispan mumtoz adabiyoti namunalariga ergashdilar. Gonduras adabiyotidagi birinchi roman — "Anxelina"ni K. Gutyerros 1898 yilda yaratdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida atoqli adib F. Tursios modernizm ruhida roman va sheʼrlar yezdi. Shoir A. Gilyen Sela ijtimoiy muammolarni qalamga oldi, shoir va yozuvchi R. E. Valye vatanparvarlik mavzularida ijod qildi. Ikkinchi jahon urushidan keyin K. Barrera, X. Karkamo sheʼrlarida, K. Isagirre, R. Amador romanlarida ijtimoiy norozilik ohanglari yangradi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati[tahrir]

Gondurasda 16-asrdan reja asosida shaharlar (Komayagua, Tegusigalpa) qurila boshladi, uylar bir qavatli boʻlib, 20-asr oʻrtalaridagina ayrimlari zamonaviy uslubda qurildi. 19-asr oxirlari va 20-asr boshlarida tarixiy, turmush koʻrinishlari mavzularida manzara, portret ishlovchi mahalliy rassomlar yetishdi (P. S. Syera, K. Suniga Figeroa). M. A. Ruis, X. A. Velaskes kabi rassomlar xalq hayotini, Gonduras shahar va qishloqlari qiyofasini realistik aks ettirdilar. Yirik realist rassom A. Kanales oʻz asarlarida ishchi va dehqonlar hayotining mashaqqat va fojialarini yorqin koʻrsatib berdi.[1]

Gonduras (Gonduras Respublikasi) poytaxti — Tegucigalpa shahri. BMT aʼzosi

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil