Xoʻjash mahram madrasasi
Madrasa | |
Xoʻjash mahram madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Shahar | Xiva |
Manzil | Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 11-uy |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Mulkdor | Davlat mulki. „Ichan-qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Madrasa turi | Kichik |
Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Xoʻjashoh mahram |
Homiylar | Xoʻjashoh mahram |
Asosiy sana: | |
Maqomi | davlat himoyasida[1] |
Holati | Yogʻoch oʻymakorligi maktabi |
Umumiy maydoni | 21x19,5 m |
Balandligi | 7,5 m |
Qurilish materiali | Pishiq gʻisht |
Xoʻjash mahram madrasasi (yoki Xoʻjashoh mahram madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Bugungi kunda madrasa „Ichan qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 11-uyda joylashgan. U 1839-yil Xoʻjashoh mahram tomonidan Ichan qalʼa hududidagi Pahlavon Mahmud maqbarasi yonida qurilgan.
Xoʻjash mahram madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[2]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[3].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xiva xonligida Olloqulixon hukmronlik qilayotgan davrning 1839—1840-yillari davomida 30 nafar talabaga moʻljallab bitkazilgan Xoʻjash mahram madrasasi Bojxona boshligʻi Xoʻjashoh mahram mablagʻlari hisobiga bunyod etilgan. Unda asosan diniy va dunyoviy bilimlar berilgan. Shunga qaramay, ushbu madrasa bojxona xodimlarini tayyorlash uchun ham moʻljallangan boʻlib, bu Xoʻjash mahramning istagi edi. Bojxona boshligʻi mansabiga koʻtarilib, boyib ketgan oddiy eroniy qul – Xoʻjash mahram oʻzining shaxsiy mulkidan madrasa taʼminoti uchun 1784 tanob (715 gektar) yerni vaqf qilib ajratgan. Xoʻjash mahramning mardligi va ishbilarmonligini koʻrgan Muhammad Rahimxon unga katta lavozimlar bergan. Mahram soʻzi bir-biriga nikohlanib boʻlmaydigan eng yaqin qarindosh, ulfat, hamdam, sirdosh degan maʼnolarni anglatadi. Shu qatori xususiy xizmatchi, ichki xizmatchi maʼnolarini ham bildiruvchi soʻz hisoblanadi. Mahramlar – Xiva xonligi davlat boshqaruvida bevosita xon maslahatchilari boʻlib faoliyat olib borgan, ular tashqi va ichki mahramlarga boʻlinadi.
Bugungi kunda madrasa ichida yogʻoch oʻymakorligi maktabi faoliyat koʻrsatmoqda[4].
Qurilish uslubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Madrasa toʻrtburchak tarhli, bir qavatli qilib qurilgan boʻlib, umumiy maydoni 21x19,5 m ni tashkil qiladi. Bosh tarzi peshtoqli (balandligi 7,5 m), gumbaz tomli, ikki yonida hovli atrofi boʻylab hujralar joylashgan, ikki burchagida guldastalar bor. Hovlining maydoni 11,8x11,8 m boʻlib, uning shimoli-sharqiy burchagidagi darsxona (3,8x3,8 m) tashqariga bir oz turtib chiqqan. Peshtoq ortidagi ikki qavatli, gumbazli miyonsaroy orqali hovliga oʻtiladi. Bino tarzlari gʻishtdan, faqat bosh tarzi, peshtogʻi va minora – guldastalar, „dandana“li hoshiyalar hamda sirli koshinlar bilan bezatilgan[5].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Matniyoz Devonbegi madrasasi
- Matrasulboy Mirzaboshi madrasasi
- Yusuf yasovulboshi madrasasi
- Arab Muhammadxon madrasasi
- Muhammad Amin inoq madrasasi
- Mozori Sharif madrasasi
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 2020-yil 22-sentyabr.
- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ „Xo‘jash mahram madrasasi“ (uz). Xiva. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil