Taliqon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Taliqon, Toliqon, Talqon - oʻrta asrlarda Shim. Afgʻonistondagi qad. shahar va viloyat. T. oʻrta asrlarda Toxaristonning poytaxti boʻlsada, Balxdan 3 marta kichik edi. T. Qunduzdan sharqda, Qunduzdaryo irmogʻi Taliqon daryosi boʻyida joylashgan. T. mustahkam istehkomli, savdo yoʻllari kesishgan yerda joylashgani uchun obod va boy shahar hisoblangan. Oʻrta asrlarda uni, shuningdek, "Xuroson T.i" deb ham atashgan, chunki ayni vaqtda bu nomdagi yana 2 shahar Qazvin va Rey viloyatlarida ham boʻlgan. Mahmud ibn Valmning yozishicha, Maymana viloyatidagi shahar ham T. deb atalgan.

Firdavsiyning "Shohnoma"sida T. shahri Afrosiyob podsholigi davri voqealari munosabati bilan qayd etilgan. Qadimda T. atrofida chegara, tosh minorasi boʻlgan, uni sosoniylar shohi Varaxran V (421438 yillarda hukmronlik qilgan) bunyod etgan. Arablar istilosi arafasida T. alohida bir mulk boʻlib, uni Sahrak yoki Suhrob nomli shoh idora etgan. 10-asrda T. shaqri Guzganon viloyati shohiga tobe boʻlgan. 12-asrda T. manbalarda yana Xurosonning alohida viloyati tarzida qayd etilgan va unga bir qancha shahar va qishloqlar qaragan. T. qalʼasi oʻrta asrlarda Mansurkoʻh yoki Nusratkoʻh deb nomlangan. U juda mustahkam boʻlib, 13-asrda Chingizxon qoʻshinlari uni kuch bilan egallay olmay, 7 oy qamal qilib olishga majbur boʻlishgan. Amir Temur va temuriylar davrida T. dastlab Pirmuhammad ibn Jahongir mulki, soʻngra Shohrux davrida uning oʻgʻli Ibrohim Sultonga tegishli boʻlgan. 16-asr oxirida T.ni temuriy Sulton Maxmud Mirzo va Xisravshohning noiblari idora etishgan. 150304 yillarda Toxariston va Badaxshonning katta qismini Shayboniyxon qoʻshinlari bosib olganda bu viloyatlar Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonga inʼom etilgan. Shayboniyxon oʻlimidan soʻng (1510) Toxariston va Badaxshonning katta qismi yana temuriylar (Mirzaxon oʻgʻli Sulaymonshoh) tasarrufida boʻlgan. Biroq uning nabirasi va vorisi Shohrux Mirzo davrida T. Badaxshon shohlaridan Shoh Imod kuliga oʻtgan. 1584 y. T.ga shayboniylar qoʻshini kelib shahar Mahmud sulton ibn Sulaymon sultonga qaragan. U, oʻz navbatida, Shayboniylarning Balxdagi noibi Abdulmoʻmin Sultonga tobe boʻlgan. T. viloyat markazi maqomini Ashtarxoniylar davrida ham saqlab qolgan. 18-asrning 1yarmida T. yoriylar sulolasidan Mir Sultonshoh tasarrufiga oʻtgan. 18-asr oʻrtalaridan Afgʻoniston tarkibida.

Ad.:Axmedov B., Istoriya Balxa, T., 19S2; Kamoliddinov Sh.S., Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazoʻchnoʻm istochnikam IX — nachalo XIII vv., T., 1996.

Shamsiddin Kamoliddinov.