Qubla tozabogʻ saroyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qubla Tozabog` Saroyidan yoʻnaltirildi)
Qubla (Qibla) tozabogʻ saroyi
Joylashuvi Xiva, Xorazm viloyati
Koordinatalar 41°22′19″N 60°20′27″E / 41.371896783914075°N 60.340891906163066°E / 41.371896783914075; 60.340891906163066 G OKoordinatalari: 41°22′19″N 60°20′27″E / 41.371896783914075°N 60.340891906163066°E / 41.371896783914075; 60.340891906163066 G O
Turi saroy majmuasi
Arxitektura uslubi Yevropa va Xorazm meʼmorchiligi
Asoschi Muhammad Rahimxon II va Asfandiyorxon
Asos solinishi XIX asr oxiri — XX asr boshi
Qarovchi Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Qurilish materiali pishiq gʻisht
Map
Qubla (Qibla) tozabogʻ saroyi xaritada

Qubla (Qibla) tozabogʻ saroyi – XIX asr oxiri — XX asr boshida qurilgan Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik, Ichan qaʼladan bir necha kilometr uzoqlikda оoylashgan. Muhammad Rahimxon II ning yozgi qarorgohi[1]. Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi tasarufida.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qubla tozabogʻ saroyi Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Feruzning yozgi qarorgohi. Ichan qalʼaning janubi-gʻarbiy tomonidan 2 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qurilish ishlari Xiva xonlari Muhammad Rahimxon II Feruz va Asfandiyorxon homiyligida 20 yil mobaynida olib borilgan. Saroy 1897-yilda qurila boshlangan. Ayrim manbalarda, 1893-yilda qurila boshlangan. 1903—1910-yillarda saroy old qismida Yevropacha va Xorazm meʼmorchiligi uslublari uygʻunligidagi xonning qarorgohi qurilgan[2]. Saroy turli maqsadlardan foydalanish uchun xizmat qiluvchi bir qancha binolarni oʻz ichiga olgan, jumladan ikkita Xiva uslubidagi, bitta Yevropa meʼmoriy uslubi va aralash meʼmoriy uslubdagi hovlilardan iborat saroy, masjid, mehmonxona, otxona va boshqa xoʻjalik xonalaridan tarkib topgan. Qarorgohda oʻrtasida mevali bogʻ barpo etilgan[1]. XIX asr oxirida urf boʻlgan Yevropa meʼmorchiligi uslublaridan foydalanish Xiva va Buxoro meʼmorchiligi uchun xos boʻlgan jarayondir.

Mazkur qarorgohda Muhammad Rahimxon Feruz, uning togʻasi Ibrohimxoʻja, soʻngra togʻavachchasi Islomxoʻja yozgi uy-joylar, madrasalar qurishgan. Maʼlumotlarga koʻra, qarorgoh aslida katta bogʻ oʻrtasiga barpo qilingan xon saroyi boʻlgan boʻlib, uchta hovlidan birinchisida xon va saroy xizmatkorlarining ishxonalari, ikkinchisida xon va uning oila aʼzolarning yashash xonalari, uchinchisida Yevropa meʼmochiligi uslubida qurilgan ayvon va xonalar boʻlgan. Birinchi va ikkinchi hovli Xorazm meʼmorchiligining anʼanaviy uslubida Muhammad Rahimxon II tomonidan, uchinchisidagi pishiq gʻishtli, ayvonli saroyni Asfandiyorxon qurdirgan. Bu saroy Nurullaboydagi qabulxonaga oʻxshab qolgan, ammo saroyda koʻplab geometrik naqshlar ishlatilgani uchun undan farq qiladi[3].

Qubla tozabogʻ saroyining nomi „sof bogʻ“ degan maʼno anglatadi[4]. Qurilish ishlariga oʻsha davrdagi urfga asosan Rossiya imperiyasi va boshqa mamlakatlar meʼmorlar jalb qilingan. Ushbu saroyning qurilishida usta Abdulla, uning oʻgʻillari Bogʻbek va Bobojonlar ham ishtirok etishgan[5].

Saroy qorovul minoralari bilan mustahkamlangan qal’a devori bilan oʻralgan. Devorlar paxsadan qilingan. Qarorgohning kirish qismiga nafis oʻymakorlik bilan yasalgan darvoza oʻrnatilgan[4].

Qubla tozabogʻ saroyi butunlay pishgan gʻishtdan qurilgan[6]. Saroy devorlari ganch oʻymakorligi namunalari bilan bezatilgan va tilla suvi yuritilgan. Zal va xonalarning eshiklari Rossiya imperiyasidan taklif etilgan ustalar tomonidan maxsus buyurtma asosida yasalgan[6].

Saroyning maydoni yarim gektar, yaʼni 120 m x 50 m boʻlgan[7]. Viloyat madaniy meros boshqarmasi xodimi Ikrom Rahimovning soʻzlariga koʻra, saroyning umumiy maydoni 11 gektarni tashkil qilgan, shundan 7 gektari bogʻ, 4 gektari bino-inshoot shaklida barpo etilgan[2].

Saroy oʻzaro bir-biriga teng boʻlmagan uchta hovlidan tashkil topgan. Hamma hovlilarda ikki qavatli keng uylar mavjud boʻlgan boʻlib, fasadlari oʻyma naqshlar tushirilgan yogʻoch ustunlar bilan bezatilgan. Bir-biriga yopishib qurilgan ayvonlarga panjara va ustunlar oʻrnatilgan. Qubla tozabogʻ saroyi uch hovlisi bir-briga oʻxshamagan. Birinchi hovlida sunʼiy havzaga ega favvora boʻlgan boʻlib, favvor klumba (gulzor) bilan oʻralgan, toʻrtta yovvoyi qayragʻoch oʻtqazilgan. Bu hovlida yana mehmonlar va elchilarni qabul qilish uchun keng zal boʻlgan boʻlib, zal qatʼiy ravishda Yevropa meʼmorchiligi uslubida qurilgan, bunga zaldagi mahalliy meʼmorchilik uslubga xos boʻlmagan katta yorqin derazalar mavjudligi dalolat beradi[4]. Saroydagi baland derazalar nemis mennonit duradgorlari tomonidan ishlangan. Qolgan ikki hovlida xon va uning haramining shaxsiy xonalari, qishki va yozgi masjidlar, madrasalar, otxonalar va xoʻjalik binolari joylashgan. Ularning barchasi yarim yevropacha uslubda qurilgan. Saroyda yana xazinaxona va yotoqxonalar boʻlgan. Xonalar kaminlar yordamida isitilgan. Zallarga katta qandillar oʻrnatilgan[8].

Sovet hukumati davridan boshlab Qubla tozabogʻ saroyi har xil maqsadlarda foydalanilgan. Dastab harbiy garnizon, keyinroq qishloq hunarmandchilik oʻquv maktabi, 1992-yilda viloyat madaniy meros yodgorliklarini taʼmirlash uchun maxsus ustaxona, 1994—2010-yillarda mehmonxona sifatida foydalanib kelingan[2]. 1990-yilda ustalar Quronboy Matkarimov va Botir Boltayevlar tomonidan taʼmirlangan[3]. Hozirda Qubla tozabogʻ saroyida sogʻlomlashtirish markazi[8][9] va saroyning bogʻida „Qibla Tozabogʻ“ (37 xonali) nomli mehmonxona faoliyat koʻrsatmoqda[7].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]