Qorakoʻl vohasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qorakoʻl vohasi — Zarafshon daryosining quyi oqimida (Buxoro viloyati) joylashgan voha. Shimolida Kemirakqum qumliklari, gʻarb va janubi-gʻarbda Sandiqli choʻli, janubida Ishaqchi qumligi, sharqda Qarshi choʻli bilan chegaradosh. Shimoli-sharqda Qorakoʻl vohasi Qorakoʻl platosiga tutash. Voha shimoli-sharqsan janubi-gʻarbga 40-45 km ga choʻzilgan, eni 30- 35 km. Yer yuzasi janubi-gʻarbga nishab. Oʻrtacha balandligi shimoli-sharqiy qismida 205 m, jan.da 187 m, Asosan, zarafshon daryosining allyuvial-delta yotqiziqlaridan tashkil topgan. Shim,-gʻarbiy, gʻarbiy va janubiy qismlarida allyuvial-koʻl yotqiziqlari ham uchraydi. Voha atrofida harakatdagi va oʻsimliklar bilan mustahkamlangan barxanlar, doʻng qumlar tarqalgan. Iqlimi keskin kontinental. Urtacha yillik temperatura 14°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —0,2°, eng past temperatura —25°. Iyulda oʻrtacha temperatura 27,2°, eng yuqori temperatura 48°. Yillik yogʻin 120 mm, asosiy qismi sentabrmart oylarida yogʻadi. Qor qoplami juda yupqa (oʻrtacha 1 sm, baʼzi yillari 7 sm ga yetadi).

Zarafshon daryosi (Qorakoʻl platosida) tor yoʻlakdan chiqqandan soʻng bir qancha radial tarmoqlarga boʻlinib delta hosil qiladi. Uning yuzasi, asosan, ekinzorlar bilan band. Voha hududida shoʻr koʻl, shoʻrxoklar uchraydi. Qorakoʻl vohasida sur-qoʻngʻir, qumloq, taqir, shoʻrxok, utloq-taqir, sugʻoriladigan oʻtloq, sugʻorilmaydigan oʻtloq-allyuvial, oʻtloq va botqoq tuproqlar tarqalgan. Tuproqlari turli darajada shoʻrlangan, ularning melioratsiya holatini doimo yaxshilab turishni talab etadi. Oʻsimliklardan oqsaksovul, juzgʻun, quyonsuyak, cherkez, iloq, shu-voq, shoʻra, boyalich, turangʻil, tol, chingil, yantoq, yulgʻun va boshqa oʻsadi.

Qorakoʻl vohasining katta qismi ekinzorlarga aylantirilgan. Hayvonot dunyosi choʻlga xos: kalamush, qoʻshoyoq, ilon, kalta-kesak, tulki, boʻri, toʻqay mushugi, chiyaboʻri va boshqa yashaydi. Vohaning asosiy suv manbalari Zarafshon va Amudaryo. Vohada AmuBuxoro mashina kanalidan uz. 40 km li Amu-Qorakoʻl kanali chiqarilgan.

Murod Mamatqulov.