Talas jangi
Talas jangi — Talas (Taroz) daryosi boʻyida arab va xitoy qushinlari oʻrtasida yuz bergan hal qiluvchi jang (751). 8-asrning 1 yarmida Tan imperiyasi Buyuk ipak yoʻlini egallash va bu yoʻldagi davlatlarni oʻziga boʻysundirish uchun bir necha bor urushlar qilgan. Movarounnahrdagi murakkab ichki ahvol (arablarga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari), Fargʻona hokimining Choch hokimiga qarshi kurashida Xitoydan yordam soʻragani bu yurishlarga bahona boʻlgan. Tan davlati 750 yil millati koreys boʻlgan Gao Syanchji (Gav Shanchji) qoʻmondonligida katta qoʻshin joʻnatgan. Bu qoʻshin fargʻonaliklar bilan ittifoqlikda Chochni olib vayron qilgan, katta oʻlja (tuyalar, otlar, oltin, kumush)ni qoʻlga kiritgan. Choch qokimi qatl qilingan, uning oʻgʻli arablardan yordam soʻragan. 751 yil iyul oyida arablarning Ziyod ibn Solih qoʻmondonligi ostidagi qoʻshini Gao Syanchjining xitoylar, fargʻonaliklar, qashqarliklar, kucharliklar hamda qarluqlardan iborat yirik qoʻshini (arab manbalariga koʻra 100 ming kishi) bilan Talas daryosi boʻyida toʻqnashgan. Talas jangi 5 kun davom etgan. Toʻqnashuv jarayonida Tan armiyasi tarkibidagi qarluqlar arablarga qarshi kurashdan bosh tortgan va xitoyliklarning arʼyergardiga zarba berganlar. Xitoy qoʻshini butunlay yakson qilingan. Gao Syanchji yordamchilari Li Siye va Duan Shoushilar bilan birga zoʻrgʻa qochib qutilgan. Ibn al Asirning yozishicha, xitoyliklardan 50 ming kishi oʻldirilib, taxminan 20 ming kishi asir olingan. Asirga tushgan Xitoy jangchilari orasidan tanlab olingan hunarmandlar Samarqandga keltirilgan. Ular Samarqandda qogʻoz ishlab chiqarish. sanoatini yanada rivojlanishiga munosib hissa qoʻshganlar. Xitoylik xunarmandlar hatto Mesopotamiya shaharlariga ham keltirilgan. Talas jangi Markaziy Osiyo xalqlari tarixida oʻta muhim rol oʻynaydi. U Tan imperiyasining Oʻrta Osiyo xududini egallash yoʻlidagi tajovuzkorona siyosatiga uzilkesil chek qoʻygan. Ammo bu Gʻarb bilan Sharq oʻrtasidagi savdo aloqalarini bugunlay uzilishiga olib kelmagan.
Talas jangi 751 — Talas vodiysida boʻlib oʻtgan jang. (Xozirgi Qozog'iston va Qirg'iziston) hududida Abbosiylar xalifaligi (Qutayba ibn Muslim) va Tan xitoylari oʻrtasida O'rta Osiyo hududini nazoratga olish uchun boʻlib oʻtgan. Arab otliq askarlari Xitoy suvoriylarini toʻliq magʻlubiyatga uchratishgan.
Jang natijasida Tan imperiyasining gʻarbga boʻlgan yurushi toʻxtatildi. Shu bilan birgan Xitoy sarkardalari Arablarga yetarlicha qarshilik koʻrsatishi natijasida, vaqtinchalik ularning sharqga boʻlgan yurushi toʻxtatildi.
Natija
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qarluqlar erkin yurt tuzishdi.
- Islom turkiylar orasida tarqala boshladi.
- Qogʻoz ishlab chiqarish texnologiyasi turkiyalar orqali arablarga oʻtdi.Ular orqali esa gʻarbga.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |