Imom al-Buxoriy memorial muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Imom al-Buxoriy memorial muzeyi
Imom al-Buxoriy memorial muzeyi
Asos solingan sanasi 2001-yil
Manzili Buxoro shahar
Sayti https://www.bukharamuseums.uz

Imom al-Buxoriy memorial muzeyiBuxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Mazkur muzey Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibida 2001-yilda tashkil etilgan. Majmua Chashmai Ayyub maqbarasining sharqiy tomonida, tarixiy obidaga qaratib qurilgan. Muzey buxorolik arxitektor Zoyirshoh Qilichevning loyihasi asosida qurilgan.

Muzey tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Imom al-Buxoriy memorial muzeyi Chashmai Ayyub maqbarasining sharqiy tomonida 2001-yilda bunyod etilgan. Majmua buxorolik arxitektor Zoyirshoh Qilichevning taqdim etgan loyihasi asosida qurilgan. Bino zamonaviy va qadimgi sharq meʼmorchiligini oʻzida mujassam etgan ikki qavatli maqbara koʻrinishida qad koʻtarilgan. Mahobatli kitob shaklida ishlangan minoraning ikki tomonidagi pillapoyalardan koʻtarilib Imom al-Buxoriy dafn qilingan, Samarqanddagi qabridan keltirilgan tuproq ustiga qoʻyilgan sharqona koʻk gumbaz yoniga chiqiladi. Ramziy maʼno kasb etuvchi ,,Kitob“ni nurlantirib turgandek, gumbaz oʻzgacha bir tarovat kasb etgan. Kitob va gumbazni ichiga olgan yarim-oy shaklida qurilgan binoning ikkinchi qavati old tomoni zamonaviy oynakori qilinib, kirish eshigi oʻrtadan qoʻyilgan[1].

Ekspozitsiya boʻlimlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzey yirik ikki boʻlimdan iborat boʻlib, birinchi boʻlim „Markaziy Osiyoda Islom madaniyati (IX—XII asrlar)“ga bagʻishlangan. Boʻlimning toʻgʻrisida binoning yuqori qismida Imom al-Buxoriyning safar xaritasi keltirilgan. Boʻlim oʻn olti kichik qismdan iborat boʻlib, Imom al-Buxoriyning zamondoshlari va keyingi IX—XI asrlarda yashagan buyuk allomalar va ularning hayoti va ijodi haqida har bir boʻlim bitta allomaga bagʻishlanib namoyish etiladi. Shu zalning keyingi boʻlimlari IX—XI asrlarda islom dini, arxeologiya, arxitektura, uy roʻzgʻor buyumlari, oʻsha davrda qurilgan tarixiy obidalar qurilishi, xaritasi, yogʻoch oʻymakorligi, kulolchilik kabi ashyolarni oʻzida mujassam etgan boʻlimlardan iborat. Ikkinchi boʻlim, faqat Imom al-Buxoriyga bagʻishlangan boʻlib, uning hayoti va faoliyatini toʻliq yoritib beruvchi uch tilda yozilgan annotatsiya, devorda esa ilintirilib tugʻilganidan boshlab, bosib oʻtgan hayot yoʻli ketma-ketlikda davrma-davr berilib, kelib chiqishi poykentlik boʻlgani uchun Poykent tarixi va xaritasi, oʻsha davr Buxoro tarixi va islom dini, keyingilarida unga qoʻshimcha ravishda oʻsha davr muhiti va sharoiti, Movarounnahrda hukmronlik qilayotgan Somoniylar davlati va uning shaharlari, savdo aloqalari yoritilib beriladi. Shuningdek bu zaldagi vitrinalarda allomaning asarlariga yozilgan sharhlar, allomaning Samarqanddagi qabri maketi, hamda oʻsha davr etnografiyasini namoyon etgan eksponatlar ekspozitsiya namoyishiga qoʻyilgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Арсланова Ф, Алиев Р. Музеи древней Бухары (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). Бухоро нашриёти: Бухоро, 2015 — 96 bet. 
  2. Ernazarov E. Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). SM Print: Toshkent, 2004 — 223 bet.