Usmon Nosir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Oʻzbek adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Usmon Nosir (1912–1944) — 20 asr oʻzbek sheʼriyatiga chaqmoqdek kirib kelgan va yashindek qisqa ijodiy umr kechirgan talantli shoir. Usmon Nosir 1912-yilning 13 noyabrida Namanganda tugʻildi. Otasidan etim qolgan Usmon Nosir Qoʻqondagi bolalar uyida tarbiyalanadi. Isteʼdodli oʻspirin u yerda rus va jahon adabiyotining sara namunalari bilan tanishadi. Internatni bitirgach, 1931-yildan Samarqanddagi Oʻzbekiston davlat universiteti(OʻzDU)ning filologiya fakultetida oʻqidi.

Bolaligidan sheʼrlar yoza boshlagan Usmon Nosir badiiy ijod bilan bor yoʻgʻi oʻn besh yilgina, yaʼni qamoqqa olinguncha astoydil shugʻullandi. Shu fursatda oʻzining qanchalik nodir isteʼdodga ega ekanligini yaqqol koʻrsatdi. Yosh shoirning „Quyosh bilan suhbat“ (1932), „Safarbar satrlar“ (1932), „Traktorobod“ (1934), „Yurak“ (1935), „Mehrim“ (1935) kabi sheʼriy toʻplamlari hamda „Norboʻta“ (1932) va „Naxshon“ (1935) dostonlari bosildi. Usmon Nosir 1937-yilning 14-iyulida „xalq dushmani“ sifatida qamoqqa olindi va Toshkent, Magadan, Kemerovo turmalarida yotdi. Qamoqda inson bolasi chidashi mumkin boʻlmaydigan qiynoqlarga duchor boʻlgan shoir 1944-yilda Kemerovoda halok boʻldi. Usmon Nosir oʻzbek sheʼriyatiga yangi ohang, yangi ruh, yangi obrazlar olib kirdi. U sheʼrlarida alangali tuygʻularini jilovlamas, dilida kechayotgan tugʻyonlarni susaytirmas, inson ruhiy dunyosini poʻrtanalar ichida koʻrsatardi. Shoirning:

Tingla, erkam, oʻrtogʻimsan,
Koʻnglimni ochay.
Qonim sheʼr boʻlib oqsin-da,
Men qayta ichay.

singari misralari bunga misoldir. Oʻzbek sheʼriyatida tuygʻularni bor boʻyicha, dolgʻali koʻrsatish anʼanasi yoʻq edi. Milliy sheʼriyatimiz odob, andisha qoliplaridan chetga chiqmaslikka urinardi. Usmon Nosir ana shu qoliplarni buzishga jur’at qilgan birinchi shoir boʻldi. Shoirning oʻz tuygʻularini:

Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim oʻpmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib koʻksidan,
Kim qalbidan qonlar toʻkmagan?

tarzida tasvirlashi miqyosi, koʻlami va taʼsirchanligiga koʻra mislsiz poetik hodisa edi. Shoirning: „Ilhomimning vaqti yoʻq selday keladi, Jalloddek rahm etmay dilni tiladi, Ayondir bir kuni aylaydi xarob“ shaklidagi iqrori, ayni vaqtda, ulkan badiiy kashfiyot hamdir.

Usmon Nosir sheʼriyatiga xos eng rangin xususiyatlar uning „Yurak“, „Nil va Rim“, „Monolog“, „Nasimaga deganim“, „Yana she'rimga“, „Begona“, „Yoshlik“ sigari oʻnlab bitiklarida yorqin namoyon boʻlgan.[1][2]

Manbalar[tahrir]

  1. Mirvaliev S. Oʻzbek adiblari. -T.: „Yozuvchi“, 2000.
  2. Q. Yoʻldoshev, B. Qosimov. Adabiyot (7-sinf darsligi). -T.: „Oʻqituvchi“. 2000.