Devonu lugʻotit-turk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"DEVONU LUGʻOTIT-TURK" ("Turkiy soʻzlar devoni") — Mahmud Koshgʻariyning turkiy tillar haqidagi qomusiy asari (1071—72). Bu asarda 11-a.ning 2-yarmida Markaziy Osiyoda va Gʻarbiy Xitoy hududida istiqomat qilgan turkiy urugʻ va qabilalar, ularning ijtimoiy ahvoli, tili, tarixi, bu hududning geogr.si, metrologiyasi va astronomiyasiga oid qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirilgan. "D.l.t."ning qoʻlyozmasi 1914 y. Turkiyaning Diyorbakr sh.dan topilgan. 319 sahifali bu qoʻlyozma hozirgi Istanbulda saqlanadi. Bu nusxa "D.t.l." yozilganidan salkam 200 y. keyin, yaʼni Mahmud Koshgʻariyning oʻz qoʻli bilan yozilgan nusxadan 1266 y.da kotib Muhammad ibn Abu Bakr ibn Fotihal-Soviy aldamashqiy tomonidan koʻchirilgan.

"D.l.t." arab tilida yozilgan, 8 mingdan ortiq turkiy soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilish maqsadida arabcha hara-katlar (harflardagi ost-ust ishoralar)dan foydalanilgan. Bunda, albatta, muallif ancha qiyinchilikka uchragan, chunki arabcha harf va alif, vov, yo ishoralari bilan turkiy tovushlarni berib boʻlmas edi. Turkiy tildagi choʻziq va qisqa unlilar, yumshoq va qattiq tovushlar uchun Maxmud Koshgʻariy maxsus belgilar (harakatlar)ni qoʻllaydi yoki soʻz boshidagi choʻziqlikni ikki alif bilan koʻrsatadi yoki 2 xil talaffuz qilinadigan soʻzlarga 2 xil ishora qoʻyadi: azuqluq, eritmak soʻzlaridagi 3 va R harflari ustiga ham kasra, ham damma ishorasini qoʻygan, demak, bu soʻzlar oʻsha davrda ikki xil talaffuz etilgan: azmqluq — azuqluq, eritmak — erutmak kabi. Arabcha harf bilan koʻrsatish mumkin boʻlmagan turkiy talaffuzni "D.l.t."da izohlab, taʼriflab oʻtgan. "D.l.t."da, avvalo, otlar, soʻng feʼllar izohlanadi. Soʻzlar tartibi ularning tarkibidagi harflarning orta borishiga (2 harfdan 7 harfgacha) qarab amalga oshirilgan.

Mahmud Koshgʻariy "D.l.t."ga oʻzi tuzgan dunyo haritasi (dunyoning doira shaklidagi tasviri)ni ilova qilgan. Haritada mamlakat, shahar, qishloq, togʻ, choʻl, dovon, dengiz, koʻl, daryo va h.k.ning nomlari yozilgan. Haritaga yozilmay qolgan bir qancha nomlar asar matnida izohlangan. Harita, asosan, hozirgi Sharqiy yarim sharga toʻgʻri keladi. Asarda 11-a.dagi shaharlar, qishloqlar, dengiz, koʻllar, turkiy qabilalar va urugʻlar haqida, urugʻlarning ijtimoiy ahvoli, kelib chiqishi, nomlanishi, ichki urugʻ va toifalari, ularning joylanishi, urf-odatlari, til xususiyatlari haqida batafsil maʼlumotlar beriladi. Bundan tashqari, hayvonot va oʻsimliklari, ularning nomlanishiga toʻxtalib oʻtadi, astronomik maʼlumotlar, burj va muchal haqida ham maʼlumotlar bor. "D.l.t."da ayniqsa qabila va urugʻ tillariga oid lingvistik maʼlumotlar ancha batafsil berilgan. Bunda har soʻzning maʼnolari (polisemiya, omonim, sinonim, antonim va arxaik soʻzlar) chuqur tahlil qilinadi, ayrim soʻzlarning etimologiyasiga toʻxtalib oʻtadi. Tovushlar (fonemalar)ning taxlili ancha mukammal: unli va undosh fonemalar, choʻziq va qisqa unlilar, ularning urugʻ tillaridagi talaffuzi va orfografiyasi, tildagi fonetik hodisa va qonuniyatlar batafsil izohlangan. Morfologiya sohasida soʻz turkumlarini, davr anʼanasiga koʻra, 3 soʻz turkumiga: feʼl, ism, bogʻlovchiga boʻlib, ularning yasalish va turlanish yoʻllarini koʻrsatib oʻtadi. "D.l.t."da 250 dan ortiq maqol va matallar, oʻnlab sheʼriy parchalar keltirilgan.

V. V. Bartold "D.l.t."dan oʻz ilmiy ishlarida keng foydalanganini sharqshunos S. Volin koʻrsatib oʻtgan. Til-shunos olim V. I. Belyayev "D.l.t." haqida shunday yozadi: "Biz bu asarga nihoyatda yuksak baho berishimiz kerak, chunki u kitoblardan olib yozilmagan, balki jonli materialni shaxsan kuzatishga asoslangan... Muallif bergan maʼlumotlar... arxeologik kashfiyotlar bu maʼlumotlarning aksariyatini isbot etmoqda". Nemis sharqshunosi K. Brokkelman "D.l.t." asarini 1928 y. nemis tiliga tarjima qildi. "D.l.t." qoʻlyozmasining fotonusxasi Istanbulda Kilisli Rifat (3 jildli; 1915—17) keyinchalik Besim Atalay tomonidan (3 jildli; 1939—41) turk tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. "D.l.t." ning turk tilidagi keyingi qayta nashri 1957 y. amalga oshirildi. "D.l.t." ikkinchi boʻlib oʻzbek tiliga tarjima qilinib, muhim izoh va tafsirlari bilan 1960—63 y.lari Toshkentda "Fan" nashriyotida 3 jildda chop etilgan. Bu tilshunos olim, filol. fanlari dri, prof. Solih Mutallibovning 35 yillik mehnati natijasi edi. Ushbu nashr faqat tarjima boʻlmay, turkcha tarjimaga munosabat, baho, atamalar, shaxs nomlari, shahar va joy nomlariga izoh, va tafsir hamdir. Oʻzbekcha nashrining muqaddima qismida 11-asr filologlari, "Qutadgʻu bilig" asari, Maxmud Koshgʻariyning lingvistik qarashlari, turkiy qabilalar, ularning shakllanishi, bu urugʻ va qabilalar, tillarning hozirgi turkiy xalqlar va ularning tiliga munosabati, tarjima transkripsiyasi toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan. "D.l.t." oʻzbekcha nashrining oxirida turkiy urugʻ, qabila, shaharlar va boshqalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar bor, asarning har bir jildida havolalar berilib, unda uchragan soʻz va iboralar keng taʼriflanadi, izohlanadi. Oʻzbekcha nashrining muhim tomonlaridan biri, uning har bir jildi asosida tuzilgan koʻrsat-kichdir. Unda "D.l.t."da uchragan soʻzlar alifbo tarzida keltirilib, soʻzning oʻzbek va rus tilida tarjimasi beriladi. Mazkur soʻzning "D.l.t." ning qaysi betlarida uchrashi (oldin oʻzbekcha, soʻng turkcha nashrlarining beti, satri) koʻrsatib oʻtiladi.

Gʻanijon Abdurahmonov.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil