Mirtemir Tursunov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mirtemir Tursunov
Tavalludi 30-may 1910-yil
Vafoti 25-yanvar 1978-yil(1978-01-25)
(67 yoshda)
Toshkent
Mukofotlari

Mirtemir (taxallusi; asl ism–sharifi Tursunov Mirtemir) (1910.30.5, Turkiston — 1978.25.1, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1971), oʻzbek sheʼriyati taraqqiyotida oʻziga xos oʻrin tutgan shoir. Mirtemir Tursunov 1910-yilning 30-mayida Turkiston shahri yaqinidagi qishlogʻida tugʻildi. Eski maktabda taʼlim olgach (1919–1920), Toshkentga kelib, Almaiy nomidagi namuna ish maktabi (1920–1923) va Oʻzbek erlar bilim yurtida (1925–1929) tahsil koʻrgan. 1929-yil Samarqandga borib Oʻzbekiston MIK raisi Yoʻldosh Oxunboboyevning kotibi boʻlib xizmat qilgan va ayni paytda, Pedakademiyaning til va adabiyot fakultetida oʻqiy boshlagan. U shu yillarda „Qizil qalam“ adabiy tashkilotining aʼzosi sifatida Botu, Oltoy singari „millatchilar“ bilan aloqada boʻlganligi uchun GPU tomonidan hibsga olingan (1932.8.8.). Qamoqdan ozod boʻlgach, „Yangi hayot“ gazetasida adabiy xodim (1936), respublika radioqoʻmitasida bosh muharrir (1941). Oʻzdavnashrda muharrir (1942), Opera va balet teatrida adabiy emakdosh (1943–1944), Yozuvchilar uyushmasida boʻlim mudiri va maslahatchi (1957–1964), badiiy adabiyot nashriyotida muharrir (1965–1966) lavozimlarida xizmat qilgan.

Sheʼriy toʻplamlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mirtemirning „Shu'lalar qoʻynida“ (1928), „Zafar“ (1929), „Qaynashlar“ (1930), „Kommuna“ (1931), „Tong“ (1932), „Kipriklarim“, „Yodgorlik“ (1978) va boshqa sheʼriy toʻplamlarida intim va ijtimoiy lirikaning sara namunalari oʻrin olgan. Shoir qalamiga mansub „Dilkusho“, „Suv qizi“, „Oysanamning toʻyida“, „Surat“ (1957) dostonlari va „Qoraqalroq daftari“ sheʼriy turkumi Mirtemir tasvir imkoniyatlari nechogʻlik keng ekanini koʻrsatadi.

Dostonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

30-yillar oʻzbek sheʼriyatida doston janri katta mavqe kasb etadi. Mirtemir ham shu davrda „Barot“ (1930), „Xidir“ (1932), „Dilkusho“, „Suv qizi“ (1937), „Oysanamning toʻyida“ (1938), „Qoʻzi“ (1939) kabi dostonlarni yozadi va ularning aksarida oddiy mehnat axli vakillari obrazini yaratadi. Umuman, Mirtemirning sheʼr va dostonlariga xos xususiyat shundaki, u oddiy kishilar hayoti va mehnatida „sheʼriyatbop“ jihatlarni, ular ruhiy olamidagi goʻzallik jilvalarini oʻziga xos noziklik va zakiylik bilan koʻradi va aks ettiradi. Bu mirtemirona fazilat shoir ijodining urushdan keyingi davrida, ayniqsa, yorqin koʻrinadi.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillardagi adabiy siyosat natijasida Mirtemirga ijod etish va yozgan asarlarini eʼlon qilish imkoni berilmagan. Natijada u tarjima va tahrir ishlari bilan shugʻullanishga majbur boʻlgan. Qoraqalpoq sheʼriyatidan qilgan tarjimalari va „Qaraqalpoq daftari“ (1959) sheʼriy turkumining katta muvaffaqiyat qozinishi Mirtemirning „erkin“ ijodkorlar safiga qaytishi va ijodiy yasharishiga sababchi boʻldi. „Qoraqalpoq daftari“da (1957) namoyon boʻlgan xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik gʻoyalari shoirning qozoq, qirgʻiz va turkman diyorlariga qilgan safarlari taʼsirida yozilgan sheʼrlarida katta mahorat bilan davom ettirildi. Mirtemirning „Qoraqalpoq daftari“ turkumidan oʻrin olgan „Surat“ lirik qissasi esa 60–70-yillarda oʻzbek sheʼriyatida doston janriga eʼtiborning kuchayishi va lirik doston janrining kamol topishiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Sheʻrlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mirtemirning 60–70-yillarda yaratgan aksar sheʼrlari 20–asr oʻzbek sheʼriyatining tom maʼnodagi durdonalaridir. U shu davrda sheʼriy texnikani mukammal egallagan shoir sifatidagina emas, balki tarix va Vatan tuygʻulari bilan yashagan, shu muqaddas tuygʻularni yonar soʻz bilan ifodalagan shoir sifatida ham shuhrat qozondi. Mirtemir oddiy mehnat axliga ruhan yaqin, uning tabiatini, maishiy xayotini, tilining kamalak ranglarini, dilidagi orzu va armonlarini yaxshi bilgan, inson qalbidagi ruhiy kolliziyalarni teran his qilgan va tasvirlagan shoirdir. Mirtemirning chin maʼnoda xalq shoiri, milliy shoir boʻlganligi uning, ayniqsa, „Betobligimda“, „Bitta oʻzim bilaman“, „Toshbu“, „Bulut“, „Onaginam“, „Shudring“, „Barqut“, „Yali–yali“, „Ratti“, „Armon“, „Chirildoq“, „Sutdek oydin“, „Men kelgum“, „Hayda“, „Ona yurtim“, „Ona tilim“, „Koʻklamda“, „Pattining hasratlari“ singari oʻzbek ayollariga xos mehr–muhabbat, or–nomus, malohat, sabr-toqat va mehnatsevarlik fazilatlari kuylangan sheʼrlarida oʻz tajassumini topgan. Mirtemir bu va boshqa sheʼrlari bilan oʻzbek sheʼriyatiga xos xalqchillik ruhini behad darajada oshirdi. Ayni paytda Mirtemir sheʼrlari syujetliligi, tasvir etilayotgan zamon va makonning aniqligi, lirik qahramon ruhiy olamining yorqinligi va bokiraligi bilan ajralib turadi.

Qoʻshiqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mirtemir sheʼriy ijodining muhim bir qismini qoʻshiqlar tashkil etadi. Shoir Katta Fargʻona kanali qurilishiga bagʻishlangan „Yali–yali“, shuningdek, „Bogʻ koʻcha“, „Bir goʻzal“, „Qaro koʻzli“, „Oʻynasin“, „Boqishi“, „Ustina“ singari qoʻshiqlar bilan oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼati ravnaqiga bebaho hissa qoʻshdi. Shu bilan birga, Mirtemir bir qancha publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi. Mirtemir oʻtgan asrning 60–yillarida oʻzbek sheʼriyatiga kirib kelgan talaygina yoshlarga ustozlik qilib, oʻzining adabiy maktabini yaratdi.

{{she'r|Matn= Yaltirar suyri tepa, yaltirar qir uzunchoq,
Kelinlar taqinchogʻi, uzuk koʻzlarimi yo?
Chor atrof sabzalarda jimir–jimir koʻzmunchoq,
Boʻy–boʻy dilrabolarning suzuk koʻzlarimi yo?
Yoʻq bu giryon koʻzlarning yarqiro

Tarjimalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Badiiy tarjima Mirtemirning ijodiy faoliyatida katta oʻrin egallaydi. U Abay, Mahtumquli, Berdaq sheʼrlaridan tashqari, qirgʻiz xalqining „Manas“ eposini (hamkorlikda), Shota Rustavelining „Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon“ (hamkorlikda), Aleksandr Pushkinning „Ruslan va Lyudmila“, „Oyimqiz qishloqi qiz“, M. Lermontovning „Ismoilbek“, „Savdogar Kalashnikov haqida qissa“, N.A.Nekrasovning „Rusiyada kim yaxshi yashaydi“ kabi doston, qissa va ertaklarini, G. Geyne, A. M. Gorkiy, Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Samad Vurgʻun va boshqalarning sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. „Karmen“ va „Ulugʻbek“ operalari, „Natalka–poltavka“, „Bayadera“, „Keto va Kote“ singari musiqali dramalar Mirtemir tarjimasida oʻzbek tilida sahnalashtirilgan.

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mirtemir Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1979), Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat mukofoti (1977) laureati. „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2002). Toshkentdagi koʻcha va Andijon viloyati, Boʻz tumanidagi maktablardan biri Mirtemir nomi bilan atalgan. Shoir tugʻilgan Eski Iqon qishlogʻida Mirtemir uy–muzeyi barpo etilgan.

  • Naim Karimov.[1]

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • 4 jildlik. Toshkent, Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1980–1983.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mirvaliev S. Oʻzbek adiblari. –T.: „Yozuvchi“, 2000.
  • Karimov N. va boshqalar 20 asr oʻzbek adabiyoti tarixi. –T.: „Oʻqituvchi“, 1999.
  • Azizov Q. Mirtemir. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Oʻdabiyot va sanʼat nashriyoti, 1969.
  • Halilov T. Mirtemir mahorati. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1980.
  • Gʻafurov I. Ona yurt kuychisi. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1970.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000–yil