Degrezi masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Degrezi masjidi
Muqobil nomlari Degrezi masjidi
Hazrati Sayyid Bandkushoyi masjidi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi masjid
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XIX asr
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch

Degrezi masjidi (Hazrati Sayyid Bandkushoyi masjidi) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Masjid XIX asrda bunyod etilgan. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. Degrezi masjidi Sayyid Poband maqbarasini oʻz ichiga olgan binolar majmuasida boʻlib, masjid va maqbara oʻrtasida imoratlar joylashgan. Degrezi soʻzi „qozon quyuvchilar“ maʼnosini bildiradi. Ushbu masjid Degrezi guzarida joylashgan. Degrezi masjidi shuningdek Sayyid Bandikusho nomi bilan ham mashhur. Masjidning Sayyid Bandikusho nomi XVI asr va 1790—1791-yillardagi vaqf hujjatlarida uchraydi[1]. Masjid unchalik katta boʻlmasada qulay arxitekturaviy yechimga ega. Ushbu masjid XVI asrda qurilgan qadimgi masjid oʻrnida bunyod etilgan. Masjid va uning qarshida hovlicha boʻlib, supa ustida oʻrin olgan. Hovliga kirish-chiqish yoʻlagi tomida azonxonasi mavjud boʻlgan gumbazli darvozaxonasi mavjud. Degrezi masjidi darvozaxonasidagi peshtoqda kitoba bitigi boʻlgan marmar lavha mavjud. Masjid pishiq gʻishtli boʻlib, sharqiy tomonida ayvon oʻrin olgan. Bundan bir necha yillar oldin masjid qayta taʼmirlangan. Masjidning yogʻoch shiftlari, darvozasini mohir ustalar qayta tiklashgan. Degrezi masjidi darvozasi arab harflarida oʻyib ishlangan boʻlib, islimiy naqshlar bilan bezatilgan[2]. Masjidning ichki tomonida mehrob boʻlib, yogʻoch ustunlar bilan bezatilgan. Degrezi masjidi kirib-chiqish yoʻlagi tepasida marmardan yasalgan lavha oʻrin olgan. Unda nastaliq xatida ikki qator matn oʻyib yozilgan. Mazkur marmar tosh lavha naqshlari va uslubiga koʻra XX asr boshlarida oʻrnatilgan. Mazkur marmar lavhda shunday yozilgan edi: „Sayyid kusho laqabli hazrati Sayyid Abulhasan Pobandning masjidi[3]“.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Cухарева 1976, s. 208.
  2. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2015, s. 371.
  3. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2015, s. 373.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Сухарева О.А. Квартальная община позднефеодального города Бухары (в связи с историей кварталов). Москва: Наука, 1976 — 370 bet. 
  • Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560 bet. ISBN 978-9943-4510-5-6.