Abdulaziz ad-Dabbog‘

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulaziz ibn Mas’ud ibn Ahmad ad-Dabbog‘ al-Hasaniy al-Bakriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1679-yil (hijriy 1090-yil)
Vafoti milodiy 1720-yil (hijriy 1132-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi Hiziriyya tariqatining asoschisi sifatida tanilgan foslik mutasavvif

Abdulaziz ad-Dabbog‘ (arabcha: عبد العزیز الدباغ — Abdulaziz ibn Mas’ud ibn Ahmad ad-Dabbog‘ al-Hasaniy al-Bakriy) — Hiziriyya tariqatining asoschisi sifatida tanilgan foslik mutasavvif.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fikr-mulohazalari naql qilingan "Al-Ibrӣz" nomli asarda o‘z davrining g‘avsi sifatida zikr qilingan Abdulaziz ad-Dabbog‘ning hayoti haqida maʼlumot oz. U bilan 1125/1713-yillarda tanishgan, pirining o‘sha davrda 35 yoshda bo‘lganini aytgan muridi hamda "Al-Ibrӣz" asarini to‘plovchisi bo‘lgan Ahmad ibn Muborak (1156/1743-yilda vafot etgan), ustozini misli yo‘q tasarruf sohibi bo‘lgan valiy sifatida tilga oladi. Shuning­dek, uning Alloh, Qur’on, koinot va inson haqida so‘zlagan har bir so‘zini mutlaqo qabul etilishi kerak bo‘lgan ilohiy sir kabi ko‘rsatishga harakat qilgan. Biroq bular hayoti haqida mukammal maʼlumot bermaydi. Asarda ustozining qirq bir yoshga to‘lmasdan vafot etganini bir necha marta takrorlashiga qaramay, o‘lim tarixi va sababi haqida maʼlumotlar berilmagan. Shuningdek, Abdulaziz ad-Dabbog‘ "Al-Ibrӣz"da o‘zini Payg‘ambarning ro‘yodagi amrlari taʼsirida bo‘lgan nikohning mevasi bo‘lganligini va ulug‘ valiy bo‘lishini tug‘ilishidan oldin xabar berilganiga diqqatni tortadi. U Imom al-Hasan avlodidan bo‘lgani, olim va tasavvufga qiziqqan oilaning ikkinchi farzandi sifatida 1679-yilda dunyoga kelgani, 1699-yilda onasi vafot etganidan so‘ng, otasining ikkinchi marta oila qurganini aytadi. Bundan tashqari, naslining va tariqat silsilasining Abu Bakrga taqalishini hamda sunniy va siddiqiy bo‘lganini, uning sirlarining vorisi bo‘lganligini maʼlum qiladi. Ilk ustozi Xizrdan tashqari o‘nta Siddiqiy shayxdan fayz olganini, onasini yo‘qotgan yil, u uylanadigan ayol va undan tug‘ilajak ikki o‘g‘il va qizi unga aniq ko‘rsatilgani, har biri ko‘rsatilganidek ro‘yobga chiqqanini ifoda qiladi.

Ahmad ibn Muborakning uni "ummiy" bir zot bo‘lganini tez-tez takrorlashi hamda butun olamlarga, tillarga, o‘tmishga, hozirgi zamon va kelajakka oid bilmagan va bila olmagan hech bir narsaning topilmaganini bayon etishi, xullas, uni "komil inson" sifatida ko‘rsatishga bo‘lgan istagi deyish mumkin. Chunki "Al-Ibrӣz"ning mazmunidan Abdulaziz ad-Dabbog‘ning hadis, tafsir, fiqh va kalom ilmlarini yaxshi bilgani, mukammal tasavvuf madaniyatiga ega bo‘lgani, Boyazid Bistomiy, Halloj, Hakim at-Termiziy, Imom al-Gʻazzoliy, Ibn al-Arabiy, Ibn al-Foriz kabilarning nubuvvat, valoyat, kashf va borliq haqidagi qarashlaridan xabardorligi maʼlum bo‘ladi.

Zohiriy ilmlarni o‘rganmagan kishiga „buyuk fath“ (kashf)ning voqyeʼ bo‘lmasligini, zohiriy va botiniy ilmlarni bilmagan hamda har ikki ilmda komil bo‘la olmaganlar murshidlik qila olmasligini maʼlum qilgan Abdulaziz ad-Dabbog‘ning fikricha, komil ilm — bu Alloh tomonidan ato qilingan ilmi ladundir. Hissiyotlar bilan erishilgan ilm, bu ilmning oldida xayol, tush kabidir. Botiniy ilm quyoshga, zohiriy ilm esa chiroqqa o‘xshar: inson tunda chiroqqa muhtoj bo‘lgani kabi, botiniy ilm ham zohiriy ilmga muhtojdir.

Abdulaziz ad-Dabbog‘ning fikricha, payg‘ambarlar doimiy Haqni mushohada holatida, yaʼni Allohning zikri bilan mashg‘ul bo‘lgan­lari tufayli hatto uyquda ham ularning mushohadalari to‘xtamagani uchun ulardan gunoh sodir bo‘lmagan. Payg‘ambarlar singari kashfi zohir bo‘lgan komil valiylar ham har on Allohning zikri bilan mashg‘uldirlar, qalblari va fikrlari Allohdan boshqa har narsadan mosuvo. Payg‘ambarlar yoshlikdan, valiylar esa kashfdan so‘ng maʼsumdirlar. Payg‘ambarlar kabi valiylarga ham farishta tushadi, amr va nahiylar keltiradi. Ular hech bir mazhabga bog‘liq bo‘lmaslar. Har doim, bir vaqtning o‘zida va bir xil quvvatda ruhlari bilan Allohni, zotlari bilan Rasulullohni zikr qiladilar. Alloh g‘aybning eshigini Muhammadga ochgani kabi, Ul Zotning ummatlaridan bo‘lgan haqiqiy valiylarga ham ochgan. Biroq ularni Alloh va Rasuli ila muqoyasa qilmaslik kerak.

Abdulaziz ad-Dabbog‘ shayx-murid munosabatlarini ham tilga oladi hamda shayxning zarurligini taʼkidlaydi. Murid uchun katta gunohlarning eng kattasi bir soat, hatto bir lahza bo‘lsa-da, pirini xotirlamaslikdir. Faqat bandaning sevgisidan Allohning bandasini sevishi muhim bo‘lgani kabi, muridning sevgisidan ko‘ra, ustozining sevgisi muhimroqdir. Murid Rasululloh davrida bo‘lganida Ul Zotga qanday itoat qilishi kerak bo‘lsa, piriga ham xuddi shunday itoat va eʼtimod qilishi lozim[1],[2].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abdussalom ibn Tayyib al-Qodiriy. Ad-Durr as-saniy fӣ baʼz man bi-Fās min ahl an-nasab al-Hasanӣ. — Fos: 1303;
  2. Ahmad ibn Muborak as-Sijilmosiy. Al-Ibrӣz. — Qohira: 1278. I-II;
  3. Muhammad ibn Tayyib al-Qodiriy. Nashr al-masānӣ li-ahl al-qarn al-hādӣ ’ashara va-s-sānӣ. — Rabot: 1407/1986. III, 245-246;
  4. Yusuf an-Nabhoniy. Jāmi’ karāmāt al-avliyā — Qohira: 1381/1962. II, 173-194; Az-Zirikliy. Al-Aʼlām (Zuhayr Fathulloh nashri). IV, 28;
  5. Abdülazîz ed-Deb­bâğ“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 188.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Turk Islom Ensiklopediyasi. 
  2. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.