Borliq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Borliq — obʼyektiv mavjud reallikni ifodalovchi falsafiy tushuncha. U moddiypredmet olamidangina iborat emas. B. turli darajada namoyon boʻladi: organik va noorganik tabiat, biosfera, ijtimoiy B., obʼyektivideal B. (madaniy qadriyatlar, ilmiy bilimning umumiy prinsiplari, tushunchalari va h.k.), inson turmushi. B. falsafa tarixida turlicha talqin qilingan. Yaqin va Oʻrta Sharq falsafasida Kindiy, Forobiy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Ibn Rushd kabi mutafakkirlar B. ni ikkiga — vujudi mumkin va vujudi vojibga boʻladilar. Ularning falsafasida B. ning dastlabki sababchisi Alloh (vujudi vojib), lekin Alloh bilan B. ni bir-biridan ajratib tasavvur qilib boʻlmaydi, bular sababoqibat shaklida bir-birlari bilan uzviy bogʻliq, degan tushuncha yotadi.

Real va xayoliy B. oʻrtasida alohida tafovut bor. Real B. mavjudlikni, xayoliy B. mohiyatni belgilaydi. Real B. narsalar, jarayonlar, shaxslar, xattiharakatlar va boshqa ning realligini bildiradi; u makon va zamon harakteriga ega, u alohida, betakror. Xayoliy B. (gʻoya maʼnosida) vaqtinchalik, haqiqiy, tajribaviy harakteridan mahrum, u fakt boʻla olmaydi; u qatʼiy oʻzgarmas (qotib qojan), abadiy mavjud (N. Gartman). Xayoliy B. bu maʼnoda qadriyat, gʻoya, matematik va mantiqiy tushuncha sifatida yuzaga chiqadi. Platon unda chin, xususiy "real" B. ni koʻradi. Umumiy maʼnodagi B. dan muayyan B. farq qiladi. Geraklit fikricha, hech qanday qotib qolgan B. yoʻq, doimo oʻzgaruvchan B. bor. Metafiziklar "haqiqiy" B. transsendent, narsa oʻzidadir deb biladilar. Barcha mavjud narsalarning yigʻindisini, umuman olamni B. deb ataydilar. J. Berkli, D. Yum B. faqat subʼyektda, ongdagina mavjud deb biladilar. Baʼzi faylasuflar B. ni qandaydir dunyoviy ruhning , gʻayri moddiy kuchning koʻrinishlaridan iborat, deb hisoblaydilar. Xususan Gegel falsafasida B. mutlaq gʻoyaning oʻzligidan, mavhumlikdan konkretlikka tomon yuksalib boruvchi dastlabki, bevosita va juda noaniq bosqichi hisoblanadi. B. ni ruhmahsuli sifatida qarash 19-asr oxiri — 20-asr boshidagi falsafaga ham xos. L. Feyerbax, A. I. Gersen, N. G. Chernishevskiy B. obʼyektiv, u harakatdagi materiya bilan bogʻliq deb taʼkidlaydilar. Baʼzi falsafiy oqimlar mavjud olamning realligini, B. ning obʼyektivligini eʼtirof etadilar. B. ning eng muhim xususiyati — moddiyligida ekanligini alohida taʼkidlaydilar. Hozirgi zamon ontologiyasiga koʻra, B. — barcha mavjudotning turlituman koʻrinishlari bilan aynandir.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil