Kontent qismiga oʻtish

Zikr

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Zikr (arabcha: ذِكْر‎ – eslash, yodga olish) – tasavvufda xudoni yodga olish bilan boglik „samo“ marosimi va shu marosimda ijro etiladigan musiqiy sheʼriy turkum.

Musulmonlar orasida X—XI asrlarda shakllangan. Ilohiyotchilar Allohni yodga olish zarurligini Qurʼonning „Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur“ (13:28) degan koʻrsatmasi bilan bogʻlaydilar. Zikrning asosiy falsafiyestetik maqsadi vajd (ekstaz), yaʼni insonning musiqa, sheʼr va raqs vositasida oliy Haqiqat (Tangri) bilan hissiy-ruhiy birlashib, uygʻunlashib ketishidir. Turli xil tasavvuf tariqatlarida zikrning xilma-xil koʻrinishlari ishlatiladi. Masalan, Turkistonda eng koʻp tarqalgan naqshbandiya tariqatida „Zikri jahriy“ („Oshkora, katta zikir“ yoki „Xonakryi“ deb ham ataladi), „Zikri xafiy“ („Yashirin, kichik zikir“, tor doirada ijro etilgan), „Zikri adadiy“ („Sanokli zikr“), „Zikri alloniya“ („Eʼlonli zikr“), „Zikri dil“ kabi turlari qoʻllanilgan. Jaloliddin Rumiy asos solgan mavlaviya tariqatida zikr marosimiga musiqiy asboblar va raqslar keng jalb qilina boshlangan.

Naqshbandiya tariqatida „Zikri jahriy“ turkumining asosiy qismlari usullarning zarblariga koʻra, „Yakzarb“, „Duzarb“, „Sezarb“, „Chorzarb“ deb atalgan. Asosiy qismlarning oʻzgartirilgan koʻrinishlari „Chopqin“ deb yuritilgan. Zikrning boshlanishi, asosiy qismlar oraligʻi va turkum yakunida Qurʼon suralari rechitativ (nutqdosh) uslubida kuylanadi. Turkumning qismlari kuy-ohang, usul-ritmik tuzilmalari Sharq xalqlari musiqa merosi, xususan, oʻzbek ashula janriga taʼsir koʻrsatgan. Zikr mavlud va boshqa diniy marosimlarning tarkibiy qismiga aylangan. Oʻzbekiston kompozitorlaridan Ikrom Akbarov („Shoir xotirasiga“ poema), A. Kozlovskiy („Ulugʻbek“ operasi) va boshqa zikr usul-ohanglaridan foydalanishgan[1].

  1. „Zikr“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (Z-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.